Jahon | 13:40 / 02.12.2018
18164
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonning sobiq bosh vaziri Sapar Isaqovning hibsda ushlanishi muddati uzaytirildi

Foto: Emil Sadyrov

Bishkekning Pervomaysk tuman sudi hozirda hibsda ushlab turilgan sobiq bosh vazir Sapar Isaqovga nisbatan ehtiyot chorasi masalasini ko‘rib chiqdi. 

Tergovchilar Isaqovning 2019 yil yanvarigacha ushlab turilishini so‘rashgan.

Advokatlar bunga qarshi chiqishgan, biroq sudya Isaqovning 5 yanvargacha tergov izolyatorida saqlanishi haqida qaror chiqargan.

Isaqov Bishkek issiqlik elektr markazini modernizatsiyalashdagi korrupsiya ayblovi bilan joriy yilning 5 iyunida hibsga olingandi.

Ma'lum qilinishicha, Isaqov 2013 yilda sobiq prezident Almazbek Atamboyev apparati rahbari o‘rinbosari lavozimini egallagan vaqtda Bishkek IEMni modernizatsiyalash loyihasini amalga oshirishda o‘zining siyosiy mavqeidan foydalanib, bir guruh shaxslar bilan birgalikda pudratchini tanlashda xorijiy kompaniya manfaatlarini qo‘llab-quvvatlagan. Buning natijasida davlat va jamiyat manfaatlariga o‘ta katta qiymatda ziyon yetkazilgan.

Bunday ayblovga esa Bishkekdagi yagona IEMda yanvarda anomal sovuq vaqtida avariya yuz bergani sabab bo‘lgan. Poytaxtda normal issiqlik ta'minoti rejimini bir haftadan keyingina tiklashga muvaffaq bo‘lingan. Ushbu holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, “Elektr stansiyalar” davlat kompaniyasining deyarli barcha yetakchi boshqaruvchilari hibsga olingan. 

Avariyadan keyin markazning modernizatsiyalanishi bo‘yicha yirik mojaro chiqqan. Ushbu markazni modernizatsiyalash 386 mln dollarga tushgan.

Mavzuga oid