O‘zbekiston | 21:25 / 11.12.2018
6193
2 daqiqa o‘qiladi

LBMA qoshidagi akkreditatsiya markaziga yangi direktor tayinlandi

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi LBMA

Yorqin Erkinovich Saidakbarov Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi akkreditatsiya markaziga direktor etib tayinlandi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi. U bunga qadar Toshkentdagi xalqaro “Ernst Young Valuation” kompaniyasining bosh direktori lavozimida ishlab kelgan.

Yorqin Erkinovich Toshkent moliya instituti va Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. U investitsiyalar, investitsion loyihalar samaradorligining kompleks tahlilini o‘tkazish va loyihalarning moliyaviy modellarini ishlab chiqish sohasida, byudjyetlashtirish tizimini ishlab chiqish, byudjyet ijrosining monitoringi va nazorati, yirik ishlab chiqarish tashkilotlarni va xizmat ko‘rsatish hamda moliya kompaniyalarni baholash sohalarida 20 yillik tajribaga ega.

Yorqin Saidakbarov “ANT “Mintaqaviy siyosat instituti” (Moskva), “BMI consulting” kompaniyasi (Toshkent), “AMATI” MChJ (Toshkent), Aktsiyadorlik tijorat “Asaka” bankida (Toshkent) rahbarlik lavozimlarida hamda “Yevroosiyo rivojlanish banki”da (Olma-ota) ishlagan. 

“Bizning markazimizga xalqaro va milliy akkreditatsiya organlari bilan hamkorlikni kuchaytirish, muvofiqlikni baholash sohasida yangi yondashuvlarni keng yoritish va tasdiqlangan standartlarga qat'iy rioya qilinishini ta'minlash zarur, deydi Yorqin Saidakbarov.

Eslatib o‘tamiz, Akkreditatsiya markazi O‘zbekiston prezidentining “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan 2018 yil mart oyida tashkil etilgan.

Markazga “O‘zstandart” agentligi huzuridagi “Muvofiqlikni baholash, sinov va kalibrovka laboratoriyalariga doir akkreditatsiyalash va inspektsion nazorat bo‘yicha standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish markazi”ning vakolatlari berildi.

Mavzuga oid