Jamiyat | 21:26 / 14.12.2018
37385
8 daqiqa o‘qiladi

Vaqf ma'nosi va turlari

Vaqf – Islom shariatiga Qur'on, Sunnat va ijmo' bilan sobit bo‘lib kirgan mustahab amal.

Vaqf so‘zi lug‘atda «tutib turish», «to‘xtatish» ma'nolarida keladi. Vaqf - narsani Alloh mulki hisobida saqlashdir. Ya'ni, vaqf qilingan narsa vaqf qiluvchining mulkidan chiqadi va Alloh mulkiga aylanadi.

Vaqf qilingan narsadan keladigan foyda vaqf qiluvchi tomonidan belgilangan manzilga (masalan, talabalar, musofirlar, kambag‘allarga) sarf qilinadi va savobi vaqf qiluvchiga abadiy bo‘ladi, hatto o‘limidan keyin ham yetib turadi. Vaqf qilingan narsa sotilmaydi, hadya qilinmaydi, meros bo‘lmaydi.

Vaqf – sadaqa emas, sadaqa bir narsani infoq qilish bilan sodir bo‘ladi. Vaqf – o‘sha narsani aynini ushlab turgan holda, foydasini eng go‘zal suratda sarflab borishdir. Buning savobi vaqf qiluvchining o‘limidan keyin ham unga yetib turadi.

Vaqf — musulmon mamlakatlarida davlat yoki ayrim shaxslar tomonidan diniy ehtiyoj yoki xayriya ishlari uchun ajratilgan mol-mulkdir. U o‘z ichiga ko‘chmas mulk (bino va inshootlar, ekin maydonlari) va ko‘char mulkni (asbob-uskunalar, stanoklar, qurol-yarog‘lar) oladi. Ulardan foydalanganda, mulkning asli yo‘qolmaydi, ammo foydasi sarflanadi.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

Vaqfning turlari – masjidlar, madrasalar, shifoxonalar, mehmonxonalar, zoviya - zikrxonalar, takyalar kabi muhtojlarga atalgan muassasalar, kambag‘alligi tufayli turarjoy qura olmaydigan, uy sotib yoki ijaraga ololmaydigan oila va shaxslarga atalgan turarjoylar, yo‘lovchi va muhtojlarga suv tarqatishga mo‘ljallangan quduqlar, kishilarga turli taomlarni tarqatadigan xayriya oshxonalari, yo‘l va ko‘priklar, ularni tuzatish bilan o‘z xizmatlarini taqdim qiladigan korxonalar, tashlandiq va yetim bolalarga atalgan, ularni yedirish, ichirish, kiyintirish, yashash joyi bilan ta'minlash, xatna qildirish bilan bog‘liq muassasalar, ko‘zi ojiz, shol va ojiz kishilarga atalgan, ularning huzur-halovat ila yashashlari uchun barcha kerakli narsalarni hozir qiluvchi muassasalar, qamoqdagilarga yordam beradigan, ularga oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib beradigan muassasalar, oila qurishda qiynalib qolgan yosh yigit-qizlarga yordam qiladigan muassasalar, emizikli onalarni sut va qand bilan ta'minlaydigan xayriya muassasalari, idishlarini sindirib qo‘ygan bolalarga yordam beradigan muassasalar, qarovsiz qolgan hayvonlarga yordam beradigan xayriya tashkilotlari ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.

Islomda vaqf misollari

Musulmonlarning xayriya ishlarining barchasiga dinimizdagi vaqflar haqidagi ko‘rsatmalar asos bo‘lgan. Mazkur xayriya ishlarini qilishda barcha musulmonlarga Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning o‘zlari bosh o‘rnak bo‘lganlar. U zot turli kishilar tark qilgan yettita bog‘ni miskin faqirlar va hojatmandlar foydasiga vaqf qilganlar. Keyin u zotga Hazrati Umar, Hazrati Abu Bakr, Hazrati Usmon, Hazrati Ali, Zubayr ibn Avvom, Muoz ibn Jabal kabi sahobalar ergashib katta miqdordagi vaqflarni qilganlar. Asta-sekin bu xayrli ish kengayib borgan va deyarli imkoni bor barcha sahobalar vaqflar qilganlar.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida va masjid bino qilishga amr qilganlarida: «Ey Bani Najjor! Men bilan mana bu bog‘ingizni baholashinglar», dedilar. «Yo‘q! Allohga qasamki, uning bahosini faqat Allohdan so‘raymiz», deyishdi. Bas, u Zot uni olib, masjid qurdilar».

Bu rivoyatda Bani Najjor qabilasi o‘zlariga mulk bo‘lgan bog‘ yerini masjid qurish uchun vaqf qilganlari haqida so‘z bormoqda.

Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida u yerda Ruma qudug‘idan boshqa shirin suvli quduq yo‘q edi. Kim quduqni sotib olib o‘z chelagini musulmonlar chelagi bilan birga qilsa, unga jannatda yaxshiroq quduq berilur, dedilar. Shunda men uni o‘zimning asl molimdan yigirma besh yoki o‘ttiz besh ming dirhamga sotib oldim».

Hazrati Usmon roziyallohu anhu uni quduq qilib kovlatdilar, qurilish qildilar va musulmonlar uchun atab, vaqf qildilar.

Hozirgi musulmonlar ham bu ishlardan o‘rnak olishlari kerak. Chunki vaqf sadaqai joriya bo‘ladi, undan doimiy ravishda savob yetib turadi.

O‘zbekistonda «Vaqf» xayriya jamoat fondi

2018 yil 16 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Ushbu farmonda O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Vaqf» xayriya jamoat fondi tashkil etilganligi to‘g‘risidagi ma'lumot berildi.

«Vaqf» xayriya jamoat fondining asosiy vazifalari sifatida masjidlar va diniy ta'lim muassasalarining binolarini qurish, ta'mirlash, rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, me'moriy ahamiyatga ega ziyoratgohlarni saqlash, ta'mirlash, obodonlashtirish, ularning infratuzilmasini yanada rivojlantirish, diniy ta'lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini moliyalashtirish, ularning professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, masjidlar va ziyoratgohlar xodimlarini, xususan imom-xatiblar, imom noiblari, mutavallilar, muazzinlarni moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yetuk olim va ulamolari qalamiga mansub diniy-ma'rifiy asarlarni chop etish va aholiga yetkazishga ko‘maklashish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlash keltirib o‘tilgan.

«Vaqf» xayriya jamoat fondiga fuqarolardan zakot, fitr va boshqa xayriya mablag‘lari Fondning alohida hisob raqamida to‘planadi.

Fondning mablag‘lari 3 qismga bo‘linadi:

1. Xayriya bo‘limi

2. Vaqf bo‘limi

3. Zakot, ushr, fitr va fidya bo‘limi.

Hozirgi kunda 3ta bo‘limning ham banklarda alohida hisob raqamlari mavjud. Masalan, bir kishi zakot uchun fondga mablag‘ o‘tkazsa, ushbu mablag‘ zakot bo‘limiga tushadi va shariatda aytilgan o‘rinlarga sarf qilinadi. Umumiy qilib aytganda fond faqatgina vaqf mulkidan iborat emas.

Hozirgi vaqtda fond xayriya mablag‘larni odamlar qiyinchiliksiz o‘tkazishlari uchun elektron to‘lov tizimlariga ulangan. Jumladan, Click, Payme tizimlari orqali «Vaqf» fondiga pul o‘tkazish mumkin. Bundan tashqari O‘zbekistondagi barcha bank infokioskalar orqali fondga xayriya qilish imkoniyati bor. Ulardan fondning istalgan bo‘limiga naqd yoki plastik karta orqali pul o‘tkazish mumkin.

Mavzuga oid