O‘zbekiston delegatsiyasi Novovoronejda: Rossiyaning atom energetikasiga doir ilg‘or tajribasi o‘rganildi
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 11 dekabrdagi 1049-sonli farmoyishiga muvofiq, 12-15 dekabr kunlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, jamoatchilik arboblari hamda ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiyaning Novovoronej shahriga tashrif buyurdi. Tashrifdan maqsad - Rossiya Federatsiyasining atom energetikasi sohasidagi ilg‘or tajribasi bilan yaqindan tanishish. Ta'kidlash joizki, O‘zbekistonda quriladigan atom elektr stansiyasi (AES) aynan Novovoronej atom elektr stansiyasi loyihasi asosida bo‘lishi kutilmoqda.
Kun.uz muxbirining xabar berishicha, O‘zbekiston delegatsiyasiga Ekoharakat deputatlik guruhi rahbari, Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Boriy Alixonov boshchilik qilmoqda. Shuningdek delegatsiya tarkibidan Qo‘mitaning salomatlik, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, mudofaa va xavfsizlik, ilm-fan, ta'lim, madaniyat va sport, qonunchilik va sud-huquq masalalari bo‘yicha a'zolari o‘rin olgan.
Tashrifning ilk kuni O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari Novovoronej shahrida joylashgan, 10 yildan beri samarali faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Atom energetikasi axborot markazida bo‘lishdi. Markaz xodimlari o‘zbekistonlik deputatlar va jurnalistlarga innovatsion usullar yordamida atom energetikasining ahamiyati haqida batafsil ma'lumotlar taqdim etib, delegatsiya vakillarini qiziqtirgan savollarga javob berishdi.
Shundan so‘ng delegatsiya vakillari Novovoronej atom elektr stansiyasining Ichki kommunikatsiyalar hamda axborot va jamoatchilik aloqalari boshqarmasida bo‘lib, AES bo‘yicha zarur qo‘llanmalarga ega bo‘lishdi. Shu bilan birga, delegatsiya a'zolari AES obektida rioya qilinishi kerak bo‘lgan qoidalar bilan tanishtirildi.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik deputatlar Novovoronej shahar okrugi rahbari Nikolay Netyaga va mahalliy Duma vakillari bilan uchrashib, tinchlik maqsadlarida atom energetikasidan foydalanishga oid qonunchilik bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishdi, RFning bu boradagi tajribasi bilan tanishishdi.
“Joriy yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va RF davlat rahbari Vladimir Putin tomonidan O‘zbekistonda atom energetikasini rivojlantirish hamda atom elektr stansiyasini qurish masalalari bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shu munosabat bilan biz – bir guruh deputatlar va jamoatchilik arboblari atom energetikasiga oid tajribani o‘rganish maqsadida Novovoronej shahriga tashrif buyurdik va bu yerdagi texnologiyalar hamda ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdik. Atom energetikasi axborot markazida atom energetikasi sirlari nimadan iborat ekanidan xabar topdik. Atom energetikasi orqali elektr energiyasini olishga oid ma'lumotlar oddiy, sodda va hammaga tushunarli tilda taqdim etildi, hatto bu sohaga aloqasi bo‘lmagan yoki u bilan shug‘ullanmaydigan kishilar hamda bolalar ham bu ma'lumotlarni bemalol tushunishi mumkin”, - deydi O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Boriy Alixonov.
Bundan tashqari, Alixonov o‘zbekistonlik deputatlarning Novovoronej shahar dumasi vakillari bilan o‘tgan uchrashuviga to‘xtaldi:
“Shahar dumasida atom energetikasining qonunchilik va me'yoriy hujjatlarini rivojlantirishga doir ma'lumotlar hamda shahar dumasi faoliyati bilan bevosita tanishdik, deputatlar bilan muloqot qildik. Shunga shohid bo‘ldikki, mazkur soha bo‘yicha olib borilishi kerak bo‘lgan bizdagi ishlar kelajak uchun zamin yasaydi. Qonunchilik bo‘yicha aytmoqchi bo‘lganim, hozir biz soha mutaxassislari va yuristlar bilan birgalikda atom energetikasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqdik va ayni damda u takomillashtirish jarayonida. Ma'lum bir normalar va me'yoriy hujjatlarni bizning qonunchiligimizga implementatsiya qilish lozimligiga iqror bo‘ldik. Shu bilan birga, bizning xususiyatlarimiz, iqlimiy sharoit va geografik joylashuvimiz ham inobatga olinadi. Atom energetikasini rivojlantirishga oid olgan ushbu tajribamiz kelgusida asqotishi shubhasiz”.
Ma'lumot uchun: Novovoronej shahri 1957 yilda tashkil topgan atomchilar shahridir. Novovoronej atom elektr stansiyasi Don daryosi qirg‘og‘ida joylashgan. Mazkur AES dunyodagi ilk VVERda ishlovchi sanoat atom stansiyasi hamda Voronej viloyatining eng yirik elektr energiya ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. U viloyat aholisining elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojining 90 foizi hamda Novovoronej shahri aholisining issiqlikka bo‘lgan ehtiyojining 91 foizini ta'minlaydi. Novovoronejda “VVER” reaktorli 6 energoblok ekspluatatsiyaga kiritilgan.
Lola Raxmanbayeva
Mavzuga oid
11:40 / 19.10.2024
Yaponiyada birinchi marta 50 yildan ortiq ishlayotgan AES reaktori faoliyatiga ruxsat berildi
20:20 / 16.10.2024
AES direksiyasi rahbari: Ishlatilgan yadro yoqilg‘isi Rossiyaga olib ketiladi
15:00 / 14.10.2024
Fransiya radioaktiv chiqindilarni qozon va vilkalarga aylantirishni rejalashtirmoqda
20:57 / 08.10.2024