«Murabbiy Karter»
«Odamning saviyasini bilmoqchi bo‘lsang, ko‘rgan filmlariga qara», – degandi Erik Kantona. Fransiyalik yulduz ham futbolchi, ham kinoaktyor. Futbol olamidagi odamlarga uning bu iqtibosi juda mos tushadi.
Safarda Ektor Kuperning ko‘p jihatlarini o‘rganishga, unga yaqin bo‘lishga harakat qilyapman. Taktik qarashlari-ku o‘z yo‘liga, lekin uning jamoa ichida o‘zini qanday tutishi, ruhiy yordamni qay yo‘sin bermoqchiligi borasida ko‘p o‘ylangan edim. Oxiri topdim.
Kecha terma jamoamiz futbolchilarini to‘plab, 2005 yili efir yuzini ko‘rgan, bizning «Sport» kanalimizda ham o‘zbekcha tarjimasi ko‘p martalab aylangan «Murabbiy Karter» filmini qo‘yib berishdi. Murabbiylar shtabi meni ham taklif qilgandi, kirdim. Oldin ko‘rgan bo‘lsam ham oxirigacha kuzatib o‘tirdim. Maqsadim – futbolchilarni va ko‘proq Kuperni kuzatish edi. Lekin film tomoshasi asnosida boshqa jihatga e'tibor qaratdim. Nega endi aynan shu film?
Filmning mazmunini qisqacha eslataman: Sobiq basketbolchi Karter Richmond maktabiga murabbiy bo‘lib ishga kiradi. Basketbol jamoasi murabbiyning professionalligi va ko‘rsatmalari tufayli mavsumni mag‘lubiyatsiz yakunlaydi. Lekin Karter ikkinchi mavsumga jamoasini olib tushmaydi, basketbol zalini yopib qo‘yadi. Sababi, sportchilar murabbiy bilan tuzilgan shartnomaga amal qilmay, maktabdagi o‘qishlariga bee'tibor qaray boshlaydilar va darslarga bormay qo‘yishadi. Murabbiy ikki tur o‘tsa ham zalni ochavermagach, Richmond ahli e'tiroz bildiradi. Karter hatto jurnalistlar bilan tortishishiga ham to‘g‘ri keladi. Maktab o‘qituvchilari uni sudga topshirishadi. Sud esa, arz qiluvchilar foydasiga hukm chiqaradi – basketbol zali qulflari sindiriladi. Lekin murabbiyning antiqa qaroriyu qat'iy prinsiplaridan hayratlangan Richmond o‘quvchilari zalga kitob va daftarlari bilan kirib kelib, o‘qishlarini to‘g‘rilashga kirishadilar. Maktab ishlari yo‘lga solingachgina basketbolga o‘tiladi.
Filmning oxiri qiziq hammasidan – sport kinolarida bo‘lgani kabi bosh qahramonning jamoasi chempion bo‘lmaydi, o‘yin oxirida allambalo mo‘'jizalar kuzatilmaydi, klub qiyin kechgan bahsda yengiladi. Ha, yengiladi. Lekin film tomoshabini beixtiyor bu mag‘lubiyatdan ranjimaydi. Chunki Karter kiyim almashtirish xonasida mahzunlik libosida qolgan yigitlaridan mamnun ekanligini, muhimi ularning ruhiyatiga yengilmaslik tuyg‘usini jo eta olganini aytadi. Sportda chempion bo‘lish muhim emas, hayotda g‘olib bo‘lish muhim, deydi. Sizlar avvalo o‘zlaringni yenga oldinglar, endi sizlarni sport zallaridagi mag‘lubiyatlar ham sindira olmaydi, deb boshni yuqori ko‘tarishga taklif etadi.
«Murabbiy Karter» bo‘lgan voqea asosida ishlangan film. Film mazmuni va g‘oyasini o‘ylab o‘tirib, Kuper nima uchun terma jamoamiz vakillariga shu filmni qo‘yib beryapti ekan, deb o‘yladim. Maktab bolalari emas, o‘qishlarini yaxshilasin desa. Noprofessionallar emas, mushkul ahvolda qolganda nima qilishni o‘rgatay, desa. Menimcha, ularga oddiy insoniylikni uqtirmoqchi bo‘ldi. Futboldan ham yuqoriroq tuyg‘ular borligini tushuntirmoqchi, inson o‘z-o‘zini yengishi lozimligini eslatmoqchi bo‘ldi, xolos.
Chempionlik esa, bo‘ladigan hodisa. Filmda ko‘rsatilganidek, bir mavsum shohsupaga chiqish mumkin – buni eplasa bo‘ladi – ammo bunday g‘oliblikka ruhan tayyor bo‘lmasa-chi, oqibati nima kechadi? Kibr, maishat, o‘ziga bino qo‘yish va hokazolar. Inson qachonki o‘zini mahv etar ekan, sport maydonidagi mag‘lubiyati ham g‘oliblik ruhini sindira olmaydi, har qanday natijani o‘zgartira oladigan darajadagi g‘ururga burkanadi. Karter shularni film orqali uqtirmoqchi bo‘ldi, shekilli.
Yana bir narsani o‘ylab qoldim: Film oxirida jamoaga chempionlik nasib etmadi, ikki ochko farqi bilan yutqazdi. Kuperning murabbiylikda bosib o‘tgan uzoq yo‘li ham shunga o‘xshash – chempionlik ostonasida to‘xtayvergan. Xoh kubok o‘yinlari bo‘lsin, xoh davraviy turnirlar. Balki argentinalik murabbiy ham Karterga o‘xshab o‘sha chempion bo‘la olmagan jamoalarini tark etganida, ularni yaxlit bir oilaga aylantira olganidan mamnun holda ketgandir? Balki. Men bunga ishonaman.
Va yana bir narsaga ishongim keladiki, taqdir insoniylikni futboldan ustun qo‘ygan murabbiyni faoliyati oxirlab qolganida bi-i-ir mukofotlab, futbol maydonida ham chempionlik taqdim etsa va uning ko‘z yoshlarini bir chetda jimgina kuzatsa, nima dedingiz?! Axir, u bunga allaqachon haqli bo‘lib ulgurgan. Murabbiy Karter, ee, uzr, Kuper...
Xayrulla Hamidov
Mavzuga oid
15:36 / 18.11.2021
Kongo DR milliy jamoasi Ektor Kuperning qo‘pol xatosi sababli JCh-2022 orzusidan mosuvo bo‘lish arafasida. Aslida nima bo‘lgandi?
12:13 / 16.11.2021
«Roma»dagi asosiy maqsad, Mourinoning boshqalardan farqi, «Paxtakor»ga o‘tmagani, Babayan, Kuper, Abramov va Katanets davri taqqosi – Shomurodov bilan intervyu
21:50 / 01.07.2021
«Kuper himoya qilgan futbolchilar unga ortdan pichoq urishdi» - San'at Sharipov Abramovni kim chaqirgani, Ravshan Ermatov va o‘zbek futbolidagi muammolar haqida
02:22 / 14.05.2021