O‘zbekiston | 19:30 / 03.01.2019
36501
7 daqiqa o‘qiladi

QQS narxlarning oshishiga sabab bo‘lmaydi, deyishga hali juda erta

Foto: KUN.UZ

2019 yil 1 yanvardan boshlab, O‘zbekistonda ko‘plab korxonalar qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) to‘lashga o‘tishdi. Bu haqda saytimizda turkum maqolalarni, mutaxassislarning fikrlarini yoritib borayotgan edik.

Bu maqola esa Kun.uz sayti o‘quvchisi Shukurulla Fayzullayev tomonidan yuborilgan bo‘lib, unda QQS bo‘yicha mushtariyning fikr va mulohazalari keltirilgan.

Soliq islohotining zarurligini ko‘pchilik tushunib yetgan. Unifikatsiya qilingan yagona soliq to‘lovi tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga haqiqatan ham to‘siq bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. Buning ustiga soliq islohoti kompleks tarzda olib borilayotgani, jumladan, daromad va dividendlardan olinadigan soliqlarning kamaygani, aksiz soliqlarining bir qator hollarda bekor qilinishi, bojxona yig‘imlarining kamaytirilishi yoki bekor qilinishi yaxshi, albatta. Lekin men hozir faqat qo‘shilgan qiymat solig‘i — QQS haqida to‘xtalmoqchi edim.

So‘nggi kunlarda QQS bilan bog‘liq gap-so‘zlar juda ommaviy tarzda muhokama qilinyapti. Bu to‘g‘ri ham, chunki soliqlarning o‘zgarishi tovarlar va xizmatlarning narxiga ta'sir qilish orqali har bir fuqaroning cho‘ntagiga ta'sir qilishi aniq.

Bu muhokamalarda QQS alohida ko‘rsatilgan do‘kon cheki shov-shuvga sabab bo‘ldi. Ba'zi hurmatli tadbirkorlarimizning yozishicha, do‘kondagi narxlar hali oshmagan, QQSning alohida qatorda ko‘rsatilishi — davr talabi. Moliya vazirligi va boshqa davlat tashkilotlari esa QQSning joriy etilishi tovarlar va xizmatlar narxining oshishiga olib kelmaydi, deb bizni ishontirishmoqchi. Ruxsatingiz bilan mana shu gaplarga o‘z munosabatimni bildirsam.

1. Do‘konlardagi narxlar 1 yanvar holatiga deyarli oshmagan, degan iddaoga qo‘shilaman. Chunki hali ko‘pchilik ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar tomonidan QQS joriy etilgani yo‘q. QQS bo‘yicha tegishli normativ hujjatlar 2018 yilning oxirgi kuniga qadar o‘zgarib turdi. Masalan, go‘sht, non va ba'zi sabzavot mahsulotlari QQSdan ozod etilgani yil so‘ngida ma'lum bo‘ldi. Shuning uchun deyarli barcha ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini eski narxlarda sotyapti, vaziyatning aniqlashuvini kutyapti. Do‘konlar ham ilgarigi mavjud narxlardan faqat QQSnigina alohida ko‘rsatyapti, xolos.

2. “Narxlar o‘zgaradimi?”, degan savolga men: “Ha, hoynahoy o‘zgaradi va oshadi”, deb javob beraman. 2 yanvar kuni Kun.uz saytida “Qo‘shilgan qiymat solig‘i narx oshishiga olib keladimi?” sarlavhali material chop etildi. Maqolada shokolad ishlab chiqaruvchi o‘z mahsulotini QQS bilan 3000 so‘mga sotganda 300 so‘m soliq to‘lashi misol qilib keltirilgan. Holbuki eskicha Yagona soliq tizimida soliq summasi 150 so‘m bo‘lar edi. Shu misolning o‘zida ko‘rinib turibdiki, QQS kiritilgach, soliq summasi 150 so‘mga, ya'ni ikki barobarga oshgan. Bu soliq bosimi oxir-oqibatda xaridorning yelkasiga tushishi aniq. Shunday ravshan ko‘rinib turgan vaqtda davlat tashkilotlarining “QQSning kiritilishi tovarlar va xizmatlar narxining oshishiga olib kelmaydi”, deyishi g‘alati.

3. So‘nggi vaqtlarda biz asosan QQS haqida gapiryapmiz, vaholanki yuridik shaxslar endi QQSdan tashqari daromad solig‘i va yana boshqa soliqlarni ham to‘lashga majbur. Bular ham tovarlar narxining oshishiga olib kelishi aniq-ku! Eski tizimda esa yagona soliq haqiqatan ham “yagona” edi.

4. Yangi tizimga o‘tish ishlab chiqaruvchilarning, ayniqsa, kichik va o‘rta ishlab chiqaruvchilarning xarajatlari oshishiga olib keladi. Yagona soliq sistemasida buxgalterlik hisobotlarini oddiy, uncha malakali bo‘lmagan buxgalterlar ham olib borishlari mumkin edi. Mahsulot tannarxini aniq chiqarish, sotib olingan xomashyodagi va xizmatlardagi QQSni aniqlash va ularni yakuniy QQSdan ayirish, korxona sof foydasini aniqlash kabi o‘ta mas'uliyatli ishlar buxgalterlar tomonidan amalga oshirilmas edi. Xo‘sh, endi bu ishlarni bajarish uchun bir emas, bir necha malakali mutaxassis kerakmi? Avvalo, ularni hali topa bilish kerak, topilgan taqdirda ham ularning ish haqi, mehnat sharoitlarini yaratish uchun sarflanadigan xarajatlar ham tovarlar va xizmatlar narxining oshishiga olib kelishi aniq.

5. Chakana va ulgurji savdo tashkilotlari, shu jumladan, mahsulotni import orqali chet ellardan olib kelib sotuvchilar uchun yangi soliq tizimi ancha foydali. Chunki ularda ishchi-xizmatchilarning ish haqi tovar aylanmasi miqdoriga nisbatan ancha kam. Ishlab chiqarishda esa, aksincha, ishlab chiqarilgan mahsulot narxida ish haqining salmog‘i ancha katta (Kun.uz keltirgan misolda 3000 so‘mlik mahsulotda ish haqi salmog‘i 600 so‘m, ya'ni 20 foiz). Ko‘rinib turibdiki, korxona ana shu ishchilarga to‘langan ish haqidan ham QQS to‘lamoqda.

Soliqning mohiyatini shunday tushunamiz — foyda oldingmi, davlatga soliq to‘la, jamiyat rivojiga o‘z hissangni qo‘sh. QQS ham mohiyatan xuddi shunday soliq — ishlab chiqarishga sarflangan mablag‘lardan tashqari ustama (foyda) qo‘ydingmi, ana shundan QQS to‘lash kerak. Lekin bugungi tizim bo‘yicha korxona tomonidan to‘lanayotgan ish haqiga va korxona tomonidan amalga oshirilayotgan ba'zi xarajatlarga ham QQS solish ko‘zda tutilgan — bu Kun.uz keltirgan misolda ham ko‘rinib turibdi. Holbuki ish haqi to‘lash vaqtida ham korxona, ham xizmatchi belgilangan soliqlarni va majburiy to‘lovlarni to‘laydi, boz ustiga korxona yana ish haqidan ham QQS to‘laydi.

Aytilgan gaplardan kelib chiqib, QQS va umuman yangi soliq tizimi narxlarning o‘sishiga olib kelmaydi, deyishga hali juda erta, degan fikrdaman. Kun.uz maqolasida keltirilgan: “Demak, QQS amalga kiritilgan paytda tadbirkor narxni oshirmay turib, ko‘proq daromad olishi mumkin. Yoki iste'molchi tovarlarni arzonroq narxga sotib olishi mumkin”, degan so‘zlar keltirilgan hisob-kitobga mutlaqo zid.

Shukurulla Fayzullayev,
Kun.uz mushtariyi

Mavzuga oid