Light | 17:04 / 04.01.2019
15992
7 daqiqa o‘qiladi

Forbes: Yilning eng sara biznes adabiyotlari

Foto: Matthias Haker

Biz doim nimanidir o‘tkazib yuborishdan qo‘rqamiz. Karerada noto‘g‘ri qadam qo‘yishdan, ko‘pchilik orasida xato tanlov qilishdan, kasb-hunar yoki foydali kitob tanlovida adashishdan qo‘rqamiz. Tanlov katta, lekin vaqt kam. Bunday qo‘rquv FOMO (foydani qo‘ldan boy berish qo‘rquvi) deb ataladi. Forbes 2018 yil davomida biznes-adabiyotdagi yangiliklarni kuzatib bordi va yil davomida chiqqan eng sara kitoblarni tavsiya qildi.

Rey Dalio. «Tamoyillar»

Rey Dalio — 18,1 milliard dollarlik boylikka ega milliarder (Forbes ro‘yxatida 25-o‘rinda) va dunyoning eng mashhur investorlaridan biri. U o‘z xatolaridan xulosa qilib, faoliyatning noan'anaviy usullarini ishlab chiqdi: so‘nggi 40 yilda u "radikal haqqoniylik" va "radikal shaffoflik" ish usullarini qo‘llagan. Dalio kitobda o‘z tajribasi, saboqlari va, albatta, noyob tamoyillari bilan bo‘lishadi.

Tommi Xilfiger. «Orzu sari yo‘l. Buyuk modelerning tarjimai holi»

Amerikalik afsonaviy dizayner Tommi Xilfiger o‘zining ilk kiyim-kechak do‘konini 18 yoshida ochdi, 30 yoshida esa xalqaro imperiya egasiga aylandi. Biroq Xilfigerning tarjimai holi faqat biznes haqida emas — qanday qilib disleksiyadan aziyat chekuvchi bola modalar olamiga kirib kelgani, ilk ozodlik nashidasi, otasi oldidagi qo‘rquv, biznes hamkorlari va yaqin kishilarining xiyonati, o‘zligini anglash yo‘li haqida hamdir.

Nassim Nikolas Taleb. «Xavfsizlikni tahdid ostiga qo‘yib. Kundalik hayotning yashirin asimmetriyasi»

Massachusets universiteti professori Nassim Taleb — afsona-inson. U katta natijalarga olib kelgan noyob va kutilmagan hodisalarni ko‘rib chiquvchi "qora oqqush" nazariyasini yaratgan. Taleb o‘zining yangi kitobida investorlar, voizlar va harbiy aralashuv himoyachilarining ikkiyuzlamachi g‘oyalarini ochib tashlaydi. Iso Masih, Seneka va Donald Tramp bunga misol sifatida keltirilgan. Talebning fikricha, ularni birlashtiruvchi asosiy sifat - xavfni boshqalarga o‘tkazishni bilish.

Kim Chan i Rene Moborn. «Moviy ummonga o‘tish. Raqobat doirasidan tashqarida»

Jahonga mashhur olimlar Kim Chan va Rene Mauborn moviy ummon strategiyasini tuzishdan oldin to‘lib ketgan bozorlarda raqobat doirasidan chiqa olgan turli tashkilotlar faoliyatini 30 yil davomida o‘rganishgan. Mualliflarning yangi kitobi yuqori raqobatbardosh alvon ummondan moviy ummonga o‘tish bo‘yicha bosqichma-bosqich qo‘llanmadir.

Li Gallaxer. «Airbnb. Qanday qilib uch oddiy yigit biznesning yangi modelini yaratdi»

Airbnb servisi Dizayn maktabining ikki ishsiz bitiruvchisi tomonidan o‘ylab topilgan. Ular biroz pul ishlab olishga qaror qilib, mehmonxonalarda joy yetishmagan konferensiya ishtirokchilarini o‘z uylariga qo‘yishdi. Ular kompaniyani bir necha marta qayta ishga tushirishgan, servisni moliyalashtirish uchun qadoqlangan bodroqlarni ham sotishgan, qonunchilik va stereotiplar bilan kurashishgan. Oxir-oqibat 30 milliard dollarlik, xodimlari dunyoni o‘zgartirayotganiga chin dildan ishonuvchi kompaniyaga aylanishdi.

Lourens Levi. «Pixar. Qayta ishga tushirish. Qanday qilib biznesga yangi hayot baxsh etish mumkin»

Pixar multiplikatsion studiyasini 1986 yilda Stiv Jobs 5 million dollarga sotib olgan. O‘shanda u kitob muallifi Lourens Levini moliyaviy direktor lavozimiga taklif qilgan. U o‘z kitobida qanday qilib faqat «O‘yinchoqlar tarixi»ni yaratgan kichik kompaniya IPO'ga chiqa olgani va bunda asosiy siri - cheksiz muloqot bo‘lgan korporativ madaniyat qanday o‘rin tutgani haqida so‘z yuritadi. 

Katerina Lengold. «Shunchaki kosmos. Mazmun va quvvatga to‘la Agile-hayot tajribasi»

Katerina Lengold 14 yoshida universitetga o‘qishga kirdi, 20 yoshida o‘z startapiga asos soldi, uch yil o‘tgach esa uni Amerika bozori yetakchilaridan biriga sotdi. Hozir u jahon aerokosmik sanoatining eng yosh vitse-prezidenti. Lengoldning so‘zlariga ko‘ra, uning asosiy siri favqulodda aqlli yoki ishchan ekanligida emas, rejalashtirishni bilishida. U o‘z kitobida qanday qilib Agile uslubi va 9 haftalik sprintlar yordamida hayot va biznesdagi global hamda qisqa muddatli maqsadlarga erishishni o‘rganish, foydali odatlarni shakllantirish va kechiktirishni to‘xtatish haqida so‘zlaydi.

Daniel Braun, Itske Kramer. «Korporativ qabila. Antropolog top-menejyerga nima o‘rgatishi mumkin»

Korporativ madaniyat va antropologiya biz o‘ylagandan-da ko‘proq umumiylikka ega. Olimlar Daniel Braun va Itske Kramer o‘z kitoblarida qanday qilib klassik antropologiya jihozlaridan foydalanib, korporativ madaniyatni yaxshilash yoki o‘zgartirish, hamkasblar va bo‘limlarning o‘zaro aloqalarini qanday yo‘lga qo‘yish va baholash mumkinligini ko‘rsatib berishgan.

Maksim Ilyaxov va Lyudmila Sarycheva. «Yozishmalarning yangi qoidalari»

Ish bo‘yicha yozishmalar — poyonsiz reveranslar, shablonlar va xushmuomalalik shakllari emas, balki ishlash qulay bo‘lgan til. Maksim Ilyaxov va Lyudmila Sarycheva ish yozishmalari madaniyatini o‘zgartirishni taklif qilib, ikki yangi qoidani ilgari surishgan: ikkinchi tomonga hurmat va uning manfaatlari borasida qayg‘urish. Ushbu oddiy qoidalar ikkinchi tomon bilan til topishish va unda muloqotga moyillik uyg‘otish bilan birga, ish bo‘yicha muloqot chegarasidan tashqariga chiqmaslikka ham yordam beradi.

Richard Brenson. «Aybsizlikni izlab»

Orolda yashovchi va Virgin imperiyasiga egalik qiluvchi inqilobchi-ishbilarmon, u birinchi tarjimai holi chop etilganidan 20 yil o‘tib, yangi biografiyasi bilan bo‘lishdi. Bu yillar ichida Brensonning hayotida ko‘p narsa o‘zgardi, ammo uning o‘zi va hayot hamda biznesga bo‘lgan munosabati emas. Yangi kitobida ishbilarmon poyezdlar, samolyotlar va sun'iy yo‘ldoshlar, bolalar tarbiyasi, raqobat va Ilon Mask bilan do‘stlik haqida so‘z yuritadi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid