Jahon | 18:40 / 07.01.2019
16021
2 daqiqa o‘qiladi

Gabonda hokimiyatni ag‘darmoqchi bo‘lgan isyonchi harbiylar qo‘lga olindi

Gabon armiyasi davlat radiostansiyasini egallab olib, «Milliy tiklanish kengashi» tuzilishi haqida e'lon qilgan harbiylarni qo‘llab-quvvatlamadi.

Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, leytenant Ondo Obiang Kelli boshchiligidagi isyonchi harbiylar qo‘lga olingan. Ayni vaqtda ularning sheriklari qidirilmoqda.

Dushanba kuni tongida Gabon armiyasi harbiy xizmatchilari bo‘lgan bir necha kishi davlat telekanali efirida chiqib, harbiy davlat to‘ntarishi haqida e'lon qilishgandi. Bayonotda hukumat harbiylar qo‘liga o‘tgani aytilgandi.

O‘zini «Gabon harbiylari va maxsus xizmatlarining vatanparvarlik harakati» yetakchisi deb tanishtirgan leytenant Kelli Ondo Obiang to‘ntarishdan ko‘zlangan maqsad «Gabonda demokratiyani qayta tiklash» ekanini ma'lum qilgandi.

Gabon poytaxti Librevilda komendantlik soati e'lon qilindi va internet bloklandi. Shaharda tanklar va harbiy mashinalardagi harbiylar harakatlana boshladi. Armiyaning asosiy qismi amaldagi prezident Ali Bongo Ondimba tarafdori bo‘lib chiqdi va ular mamlakatdagi asosiy obektlarni nazorat ostiga olishdi.

Davlat radiostansiyasi oldida isyonchilarning 300 nafarga yaqin tarafdorlari to‘plangandi, biroq prezidentga sodiq harbiylar ularni ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz bilan tarqatib yuborishdi. Shuningdek, radiostansiya oldida otishma ovozlari eshitilgan.

Ayni vaqtda 59 yoshda bo‘lgan prezident Ali Bongo hokimiyatni 2009 yilda otasi vafotidan keyin qo‘lga olgandi (bungacha uning otasi Omar Bongo 42 yil davomida mamlakatni boshqargandi). 

2018 yilning 24 oktabr kuni Bongo Ondimba insultni boshidan o‘tkazdi va Saudiya Arabistonida reabilitatsiyadan o‘tkazildi, u hozirgi vaqtda Marokashda bo‘lib turibdi.

Mavzuga oid