Jahon | 11:23 / 30.08.2023
18712
2 daqiqa o‘qiladi

Gabonda harbiy to‘ntarish sodir bo‘ldi

Afrikadagi Gabon davlatida harbiylar prezident Ali Bongo hukumatini ag‘dardi. Ular yaqinda o‘tgan saylovlarni adolatsiz deb e’lon qildi va natijalar bekor bo‘lganini bildirdi. 

Foto: Videodan kadr

Afrikada yangi harbiy to‘ntarish sodir bo‘ldi. Gabonda askarlar bahsli saylovlardan bir necha kun o‘tib, prezident Ali Bongo hukumatini ag‘dardi. 30 avgust, chorshanba kuni bir guruh yuqori martabali zobitlar mahalliy televideniyeda paydo bo‘lib, hokimiyatni o‘z qo‘liga olayotganini e’lon qildi

Isyonchilarning so‘ziga ko‘ra, 26 avgust kungi saylovlar adolatsiz o‘tgan, ularning natijalari bekor qilingan. Hozirgi davlat hokimiyati tarqatib yuborildi, Gabon chegaralari yopildi.

Bahsli saylov natijalari 

Avvalroq Gabon saylov komissiyasi Bongoni prezidentlik saylovlarida g‘olib deb e’lon qilgan edi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, saylovchilarning 64,27 foizi uni yoqlab ovoz bergan. Bongolar oilasi neftga boy Gabonni 56 yildan beri boshqarib keladi. Gabonda birinchi marta prezidentlik, parlament va kommunal saylovlar bir vaqtda o‘tkazildi. 

Iyul oyining oxirida harbiylar Nigerda davlat to‘ntarishini amalga oshirgandi. Ular harbiy to‘ntarishni xavfsizlik va iqtisodiy sharoitning yomonlashuvi, shuningdek, korrupsiyaning avj olgani bilan izohlagan. G‘arb Nigerdagi isyonni keskin qoraladi. G‘arbiy Afrika davlatlari iqtisodiy hamjamiyatiga (EKOVAS) a’zo davlatlar Nigerga konstitutsiyaviy tuzumni tiklash uchun qo‘shinlar kiritish bilan tahdid qildi. 

Mavzuga oid