O‘zbekiston | 20:48 / 07.01.2019
19500
5 daqiqa o‘qiladi

«Rahbarlarning fikrlashini o‘zgartirish lozim». Vazir majburiy mehnat bo‘yicha mulohazalarini bildirdi

Yangi ish boshlanganda fuqarolar, rahbarlarning fikrlashini o‘zgartirish lozim va dunyoqarash birdan o‘zgarib qolishi juda qiyin, deb hisoblaydi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev.

Uning aytishicha, [majburiy mehnat bilan kurashda] eng asosiy vazifa quyida, tuman darajasidagi rahbarlar yoki sektor darajasidagi boshliqlarga majburiy mehnatdan foydalanish ertaga katta ziyonga sabab bo‘lishini uqtirish bo‘ldi. 

«O‘qituvchi paxtaga chiqsa, bugun paxta paydo bo‘lar, lekin u bolalarga bilim bermadi. Uning o‘z dunyoqarashi o‘zgardi. Sog‘liq saqlash tizimidagi xodimlarni paxtaga chiqarsak, ular paxta tergan qo‘llari bilan ukol qilmaydi. Buning ziyoni ko‘p, deya rahbarlarga tushuntirish uchun sarflangan kuch bitta masala bo‘ldi», – deydi u Kun.uz'ga bergan intervyusida. 

Bundan tashqari, vazir professional qobiliyati yetarli bo‘lmagan mahalliy darajadagi rahbarlar kamchiliklarni ma'muriy yo‘l bilan yopmoqchi bo‘lgani haqida gapirdi. 

«O‘z vaqtida shudgorni tashkil etishga imkoni bor edi, ishlarni nazorat qilsa bo‘lardi. Suvni ham o‘z vaqtida, samarali taqsimlab, xo‘jalik ishlarini rivojlantirish mumkin. Eng muhimi – otryadlar taqsimotini to‘g‘ri amalga oshirish mumkin. Ayrim rahbarlarning kasbiy professionalligi pastligi, mahorati yetmagani tufayli kuch ishlatib, tashkiliy ishlarni bajarishga harakat qildi. 

Qishloq xo‘jaligiga bozor iqtisodiyoti mexanizmlari kirishi kerak. Masalan, Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan don bo‘yicha qarorda ko‘rsatilgan bandlar bilan, o‘ylaymanki, endi don mahsulotlari bo‘yicha muammo kam bo‘ladi. Negaki, hosildorlik me'yordan ortsa, yer solig‘i stavkasi va xarid narxi kamayadi», – deydi u.

Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kristofer Allan esa boshqa fikrda. U O‘zbekistonda paxta hosilini yetishtirishga qo‘yiladigan reja majburiy mehnatga qarshi samarali kurash olib borishga to‘sqinlik qilayotganini aytgandi. Vazir Sherzod Kudbiyev bu masalaga boshqa nigoh bilan qaraydi. Uning ta'kidlashicha, prognozlashtirilgan reja ko‘rsatkichlarini belgilash jahon tajribasida odatiy holga aylangan.  

«Barcha davlatlar, xususan rivojlangan davlatlar ham prognozlashtirilgan reja ko‘rsatkichlarini belgilab oladi. Men rejalarni belgilab olish majburiy mehnatga olib boruvchi asosiy omillardan biri, deb bilmayman. Lekin rejada belgilangan ishlarni tashkil etish masalasi faqat bozor iqtisodiyoti tamoyillari asosida amalga oshirilishi kerak», – deb qo‘shimcha qilgan u. 

2018 yil paxta terim mavsumi boshida hukumat tomonidan paxta xom ashyosi mashinada terilganda bir tonna uchun 400 ming so‘m, qo‘lda terilgan bir kilogramm paxta uchun 650 so‘mdan 1000 so‘mgacha haq to‘lanishi belgilandi. Paxta mavsumida terimchilar uchun yaxshi yashash sharoitlari, yotoqxonalar tayyorlab berish vazifa qilindi, majburiy mehnatga qarshi targ‘ibotlar olib borildi.

Shunga qaramay, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi sentabr oyidayoq majburiy mehnatga jalb qilish holati bo‘yicha fuqarolardan 110dan ortiq murojaat kelib tushganini ma'lum qilgandi. Sentabr oyi oxirida majburiy mehnat bo‘yicha 26 holatda mansabdorlar javobgarlikka tortildi.

Bolalar mehnatidan foydalanishga qarshi olib borilgan sa'y-harakatlar natijasida AQSh O‘zbekiston paxtasi mahsulotlarini bolalar mehnati orqali yetishtirilgan mahsulotlar ro‘yxatidan chiqardi. Lekin bu choralar naf bermadi.

15 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida paxta yig‘im-terimiga bag‘ishlangan jiddiy selektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 2018 yil paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlarini jadallashtirish, terimchilarni dalaga safarbar qilish, kunlik terim sur'atini oshirishda joylarda mutasaddilar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar tufayli joylarda sektor rahbarlari (tuman hokimi, prokuror, IIB boshliqlari, DSI boshliqlari) bo‘lgan 100dan ortiq kishiga nisbatan intizomiy chora (ishdan bo‘shatish, ikki oylik maoshdan mahrum etish, hayfsan) qo‘llanishi ma'lum qilindi. Keyinroq o‘nga yaqin tuman va shahar hokimlari paxta ishi tufayli ishdan olindi. Toshkent viloyati IIB boshlig‘i va Toshkent viloyati prokurori ham ishdan ketdi.

Mavzuga oid