O‘zbekiston | 15:20 / 08.01.2019
25212
5 daqiqa o‘qiladi

Ekspert fikri: o‘quvchilarga dars paytida telefondan foydalanishga ruxsat berish kerak

Foto: Depositphotos

Pedagogika fanlari nomzodi, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining filologiya fakulteti dotsenti Shahlo Yo‘ldosheva dars jarayonida mobil telefonlardan foydalanishni va mobil telefonlar hamda turli gadjetlarni maqsadli qo‘llashni tezlashtirishni taklif qilmoqda. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi saytida xabar qilindi.

Maqolada aytilishicha, mamlakatning iqtisodiy hayoti, barcha sohalarga raqamli texnologiyalarni tatbiq qilish bo‘yicha islohotlar va ilg‘or texnologiyalar, tabiiyki, ta'lim sohasini chetlab o‘tishi mumkin emas. Aksincha raqamli iqtisodiyot asosini kadrlar va ta'lim tashkil qiladi. 

«Shunday ekan, raqamli O‘zbekiston kelajagi hozirda maktab partasida o‘tirgan bolalarimiz, yoshlarimiz qo‘lidadir. Albatta, ular raqamli iqtisodiyotni boshqara oladigan, taraqqiy ettiradigan darajada sifatli va zamonaviy bilimga ega bo‘lsa, kelajagimiz buyuk bo‘ladi, raqamli O‘zbekiston xavfsizligi ta'minlanadi», - deyiladi maqolada.

Muallifning yozishicha, umumta'lim maktablarida ta'limni raqamli texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish kelajakda o‘z samarasini beradi.

«Mutaxassislar ta'kidlayotganidek, nafaqat informatika, balki umumta'lim maktablari o‘quv rejasidagi barcha fanlarni o‘qitishda raqamli texnologiyalarni tatbiq qilishni jadallashtirish uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan rejalarning ro‘yobga chiqish sur'atini oshiradi», - deyiladi maqolada.

Shuningdek, ma'rifatning, taraqqiyotning muxoliflari bo‘lgani, har qanday yangilikni joriy qilishda qarshiliklar, ziddiyatlarga duch kelingani kabi raqamli texnologiyalarni ta'limga olib kirishda ham bir-birini istisno qilayotgan holatlar ko‘zga tashlanadi. Jumladan, raqamli ta'limni joriy qilishda bu yaqqol namoyon bo‘lmoqda:

1. Raqamli texnologiyalarni ta'limning quyi bo‘g‘inlaridan boshlab tatbiq qilishga ta'lim muassasalari, xususan, maktablarning moddiy ta'minoti javob bera olmasligi.
2. Fan o‘qituvchilarining raqamli texnologiyalarni ta'lim jarayoniga olib kirishdan ko‘ra an'anaviylikni qulay va oson deb hisoblashi.
3. Umumta'lim fanlaridan elektron adabiyotlarning yetarli emasligi.
4. Kompyuter va turli gadjetlarning inson salomatligi, ruhiyatiga salbiy ta'siri, o‘quvchilarning mediamadaniyati, “teleavlod” tushunchasi kabilar.

Maqolada aytilishicha, multimedia vositalari bilan maktablarni to‘liq jihozlashni qo‘l qovushtirib kutib o‘tirishning hojati yo‘q. Aslida bu ishni to‘la yakunlash imkonsiz ham. Qolaversa, kompyuter texnologiyalari va raqamli texnologiyalar kun sayin yangilanmoqda, takomillashmoqda. 

«Shuning uchun aksariyat mamlakatlarda qo‘llanilayotganligi kabi o‘quvchilarning gadjetlaridan foydalanish tajribasini qo‘llash mumkin. Afsuski, o‘quvchilarning qo‘l telefonlaridan foydalanishi ta'lim muassasasi hududida, ayniqsa, dars jarayonida taqiqlanishi bo‘yicha tegishli vazirliklarning buyruqlari bunga monelik qiladi», - deydi muallif.

Bildirilishicha, buni taqiqlash bir tomonlama qarordir. Aksincha, o‘quvchilarning mobil telefonlari va turli gadjetlardan maqsadli foydalanishiga erishish bo‘yicha ishlarni jonlantirish zarur.

«Aksariyat hollarda an'anaviy metodikaning o‘zi noo‘rin foydalanilganligi, bu holat esa deyarli “zanglagan” o‘qitish metodikasini paydo qilganligini ham tan olish kerak. Avvalo, “zanglagan” metodikani “yarqiratish, jilolantirish”, uning afzalliklarini qayta namoyon qilish, ikkinchidan, pedagogik va raqamli texnologiyalarga murojaat qilish zarur», - deyiladi maqolada.

Qayd etilishicha, internetda rus tilini o‘rganish uchun yaratilgan elektron lug‘atlar, videodarslar, elektron daftarlar, mobil ilovalar bor.

«Uzluksiz ta'lim tizimi ta'limning sifat darajasini yuqori ko‘tarishdek mashaqqatli davrni boshidan kechirmoqda. Buni amalga oshirishda an'anaviy ta'lim va raqamli texnologiyalarni aralash qo‘llash o‘z hayotini buyruq va ko‘rsatmalar asosida emas, balki o‘z tafakkuri va yurak amriga ko‘ra qura oladigan yoshlarga ta'lim-tarbiya berish vositasiga aylanishi muqarrar», - deydi muallif. 

Bildirilishicha, raqamli ta'lim texnologiyalari bilan raqamli iqtisodiyot poydevorini bunyod qilishga pedagoglar mas'uldir.

Mavzuga oid