Light | 23:13 / 08.01.2019
54308
9 daqiqa o‘qiladi

Ish beruvchilar fikri: Qanday xodimlardan qutulish kerak?

FOTO: Danil Primak

Shunday toifa xodimlar bo‘ladiki, ulardan xalos bo‘lmaslik kompaniya yoki tashkilot uchun “qimmatga tushishi” mumkin. Qanday xodimlar tashkilotlar faoliyatiga ziyon yetkazishi haqida vc.ru’da mutaxassislar fikri taqdim etildi.

Anna Artamonova, Mail.Ru Group vitse-prezidenti:  

“Eng avvalo toksik xodimlardan xalos bo‘lish kerak, chunki bunday odamlar nafaqat o‘z mehnati natijalariga ta'sir qiladi, balki jamoadagi muhitni ham zaharlaydi. Toksik odamlar — bu loyiha muvaffaqiyatiga ishonmaydigan yoki uning menejmentiga shubha bilan qaraydigan pessimistlar.

Eng yomoni, qandaydir sabablarga ko‘ra motivatsiyadan mahrum bo‘lgan sobiq “yulduzlar”dir, zero ularning fikri jamoada o‘ziga xos hurmatga ega bo‘ladi.

Bunday parchalanishga qarshi kurash xabardorlikdir. Jamoaning barcha a'zolari loyiha strategiyasini, o‘zlarining undagi o‘rinlarini va u yoki bu qarorlar qabul qilinishining sabablarini imkon qadar to‘liq tushunishlarini kuzatish juda muhim. Hoynahoy, bu hamma yerda muhim bo‘lsa kerak, lekin internet-loyihalarda bu muammo, odamlar o‘zlarining qanday qilib dunyoni o‘zgartirayotganlarini ko‘rishlari zarur.

Toksik xodimlardan keyin natija ko‘rsatmaydigan ishchilar turadi. Bu loyihani yoki hatto uning bir qismini ham oxiriga yetkaza olmaydigan kishilardir. Shunday bo‘lsa-da, ular ahmoq ham emas, hatto biror sohada ekspert bo‘lishlari ham mumkin.

Biroq ulardan loyihani ma'lum bir sanaga topshirishlariga erishish barcha bosqichlarda tanazzul bilan tugaydi: ba'zan odamlar rejalashtirishdan yiroq bo‘lishadi (“Qanday qilib bir sanaga tugallashga va'da berish mumkin? Axir, biror voqea ro‘y berishi ham mumkin-ku!”), ba'zan esa keyin natijaga erisha olishmaydi, ularga doim qandaydir yengib bo‘lmas to‘siqlar xalaqit beraveradi.

Bunday xodimga xos bo‘lgan xususiyatlardan biri — odatda siz belgilangan muddatga amal qilinmaganini aynan shu muddat kelgandan keyingina xabar topasiz, ba'zi holatlarda qiziqish bildirsangiz, 1-2 kun qolganda. Agar shunday holat uch martadan ortiq takrorlansa, to‘rtinchi safar boshqacha bo‘lishini kutmang”.

Maks Kraynov, Aviasales arzon aviachiptalarni izlash servisi rahbari:

“Bizning kompaniyada uch toifa odamlarga joy yo‘q:

Yolg‘onchilar. Bu yerda hammasi aniq: yolg‘on — ishdagi har qanday munosabatlarga mutlaqo qarama-qarshi ko‘rsatma.

Ijrochi bo‘lmagan. Biror ishni bajarishga va'da berib, bajarmaydigan xodimlar o‘z hamkasblari va rahbariyatni noqulay vaziyatga qo‘yadi. Agar bu holat tizimli davom etsa, bundan hech bir yaxshilik chiqmaydi.

Toksik. Ushbu punkt ilk ikki punktga nisbatan sub'yektiv, lekin xodim bilan muloqot qilish natijasida tushkun kayfiyat qamrab oladigan bo‘lsa yoki o‘zini ko‘rsatib, boshqa xodimlarni noqulay vaziyatlarga qo‘ysa, kollektiv madaniyati uchun bunday kishining o‘zini boshqa sohada izlab ko‘rgani ma'qul.

Qolgani — vaziyatga qarab”.

Aleksey Zaretskiy, Travelata.ru onlayn-turagentligi bosh direktori:

“Hamma narsaning salbiy tomonini ko‘radigan va uni atrofga tarqatadigan xodimlar. Bundaylar kompaniya uchun og‘u kabidir. Ular sekin-asta jamoadagi muhitni zaharlab, hamkasblari motivatsiyasini so‘ndiradi”.

Dmitriy Navosha, Sports.ru asoschisi va bosh direktori:

“Biz Sports.ru va Betting Insider’da rivojlanishga, maksimal darajada shaffof va demokratik kompaniya bo‘lib qolishga harakat qilamiz. Kundalik nazorat, mikromenejment, xizmat yozishmalari va hisobotlar – biz haqimizda emas.

Shunga muvofiq, o‘z-o‘zini motivatsiyalash, erkinlik, boshlagan ishni oxiriga yetkazish bilan bog‘liq muammolari bo‘lgan kishilar odatda bizda uzoq ishlay olmaydi. Shu bilan birga, ishdan tashqarida o‘z kasbiga qiziqmaydigan odamlar bilan ishlash ham qiyin.

Agar sizda bilimlar va professional ko‘nikmalarni oshirish istagi bo‘lmasa, ertangi maqsadlarni kechagisidan balandroq qo‘ymasangiz, bularning bari uchun nazorat yoki bosim kerak bo‘lsa, afsuski, bir-birimizga yordam bera olmaymiz”.

Aleksandr Laryanovskiy, Skeng ingliz tili onlayn-maktabining boshqaruvchi hamkori:

“Yomon xodimlar ikki turli bo‘ladi. Birinchisi: ishchanlikni haddan ziyod namoyish etuvchi kishilar. Eng yomoni shuki, ular o‘zi tayinli ish qilmagani yetmagandek, foyda keltiruvchi  hamkasblarini ham ishdan chalg‘itadi. Bunday odamlar yaxshi hisobot bera oladi, rahbariyatga to‘g‘ri so‘zlar aytadi va har tomonlama muhim ish qilayotganlarini ko‘rsatishadi.

Ikkinchi toifa — gap-so‘zlar, mish-mishlar, yashirin kurashlarni yaxshi ko‘ruvchi kishilar. Bundaylar dushmansiz yashay olmaydi va jamoadan “nafrat obekti”ni izlaydi.

Oxirgi toifadagi xodimlar eng xavflisi, ular kollektivni parchalashi ham mumkin. Ulardan birinchi navbatda qutulish kerak.

Aleksey Zaxarov, Superjob.ru rekruting servisi asoschisi va prezidenti:

“Eng avvalo uch marta xatoga yo‘l qo‘yuvchi xodimlardan xalos bo‘lish kerak. Agar gap zamonaviy yuqori texnologik kompaniyalar haqida boradigan bo‘lsa, o‘z ishidan zavq olmaydigan kishilardan qutulish lozim. Ular o‘zi ham vaqtni bekor ketkizadi, atrofidagilarga ham salbiy ta'sir ko‘rsatadi”.

Alena Vladimirskaya, «Antirabstvo» loyihasi asoschisi:

“Dastlab shaxsiy munosabatlar masalasiga e'tibor beraman. Gap ishdagi ishq haqida emas, insonlarning bir-birini inson sifatida qabul qilishida. Xodim va rahbar o‘rtasidagi “biokimyo” juda muhimdir, zero u yuqori cho‘qqilarni zabt etishga ham, inqirozga yuz tutishga ham olib kelishi mumkin.

Ba'zi kishilar bizga ko‘proq yoqsa, boshqalari kamroq yoqadi va bunday “did masalasi” qarorlar qabul qilishda biz o‘ylagandan-da kuchliroq ta'sir qiladi.

Shu bois ish beruvchilar ko‘pincha qandaydir sababga ko‘ra o‘ziga ma'qul kelmagan xodimlardan qutulishga harakat qilishadi. Bu, albatta, ishdan bo‘shatish sababi sifatida e'lon qilinmaydi. Gap qandaydir bir tipaj yoki xodimning boshqalardan nimasi bilandir yomonroq ekani haqida emas. Shunchaki vaziyat shuni taqozo etadi.

Xodimlar malakasi haqida gap ketadigan bo‘lsa (zero hozir aksariyat kompaniyalar doimiy optimizatsiya holatida), rahbarlar samara bermaydigan ishchilardan xalos bo‘lishadi. Ilgari bir kompaniyada uzoq yillar ishlayotgani yoki shunchaki yaxshi inson ekanligi sabab kam natija ko‘rsatuvchi xodimlar ishdan bo‘shatilmagan bo‘lsa, hozir bunday emas.

Past KPI ko‘rsatkichlari, rivojlanish, o‘rganishni istamaslik, vaziyatga moslasha olmaslik — kompaniya birinchi navbatda qutulishi kerak bo‘lgan xodimning portreti. Bu faqat ijrochi pozitsiyalarga tegishli emas. Faqat boshqarishni biladigan, lekin jarayonlarni chuqur tushunmaydigan rahbarlar boshqa “o‘yinchi” rahbarlar tomonidan siqib chiqariladi”.

Anna Parshina, Rambler Group HR-direktori:

“Bizda bunday toifalarni shakllantirish zarurati yo‘q. Bu qisman jamoaning yuqori sifati, qisman esa Rambler Group raqobat yuqori bo‘lgan segmentlarda ishlayotgani bilan bog‘liq. Bu kinoteatr biznesiga ham, OAVga ham, ATga tegishli. Shuning uchun biz uchun boshqa masalalar muhimroq: qanday qilib eng yaxshi odamlarni jalb qilish mumkin, hamkorlar bizni qanday qabul qiladi, uning ish beruvchi sifatidagi jozibadorligini oshirish uchun yana nima qila olamiz va h.k.”

Mavzuga oid