Jamiyat | 14:10 / 15.01.2019
29229
2 daqiqa o‘qiladi

«Qizil kitob»ga kiritilgan noyob morxo‘rni ovlaganlar jazoga tortildi

2018 yilning 21 dekabr kuni Surxondaryo viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziriq tuman sudi sudya B. Madaminov raisligida fuqarolar A.J., U.Ch. va J.J.ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 202-moddasi («Hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish») 3-qismi, «ye» bandi («juda ko‘p miqdorda zarar keltirish») bilan ayblov ko‘rib chiqdi.

Sudning aniqlashiga ko‘ra, ayblanuvchilar 2018 yil 11 iyun kuni Sherobod tumani «Ko‘hitang» tog‘ tizmasi hududidagi davlat muhofazasiga olingan «Oltiko‘llik» darasida ovga chiqishgan.

Bu guruh darada O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitobi»ga, shuningdek, Tabiat va tabiiy resurslarni muhofaza qilish Xalqaro Ittifoq Qizil kitobiga kiritilgan, yer yuzidan butunlay yo‘q bo‘lib ketish arafasida bo‘lgan morxo‘rni (burama shoxli tog‘ echikisi) ovlashgan. Ovchilar uch morxo‘rni o‘ldirishgan. Jonivorlarni so‘yishgan va boshi, to‘rt oyog‘i va go‘shtlarini safar xaltalariga joylashgan. Buning natijasida qo‘riqxonaga juda ko‘p miqdorda - 310 mln 32 ming so‘mlik zarar yetkazilgan.

Juda ko‘p miqdor - eng kam oylik ish haqining besh yuz baravari va undan ortiq bo‘lgan miqdor (2018 yil 29 noyabr holatiga 101.365.000 so‘m va undan ortiq).

Sudlanuvchilar o‘z ayblariga iqror bo‘lishgan. Sudlanuvchilarga nisbatan 202-modda, 3-qismi «ye» bandi bilan 45-moddani qo‘llab (muayyan huquqdan mahrum qilish) 4 yilga ozodlikdan cheklash va bir yilga muddatga ovchilik qilish huquqidan mahrum etish jazosi tayinlangan.

Taraflar hukmdan norozi bo‘lgan taqdirda yuqori instansiyaga murojaat etishi tushuntirilgan.

Mavzuga oid