O‘zbekiston | 08:44 / 15.01.2019
32517
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Davlat raqobat qo‘mitasi nega tugatilganini ma'lum qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, bir davlat organi doirasida davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi hamda qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish funksiyalarining jamlanishi tizimli muammolarning to‘planishiga olib kelgan.

Shu jumladan:

birinchidan, ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan korxonalarning (davlat ishtirokidagi korxonalar) kundalik xo‘jalik faoliyatiga davlat organlari aralashuvining yuqori darajadaligi, bozor tendensiyalariga moslashuvchanlik va sezuvchanlikning yo‘qligi, davlat ishtirokidagi korxonalarning soliq va bojxona, shu jumladan, yakka tartibdagi xususiyatga ega bo‘lgan imtiyozlarga haddan tashqari bog‘liqligi;

ikkinchidan, strategik rejalashtirish, xavf-xatarlarni tahlil qilish va boshqarish tizimining yo‘qligi, shu jumladan, ishlab chiqarishning past texnik darajasi, ko‘plab ixtisoslikka kirmaydigan aktivlar mavjudligi, moliyaviy resurslarning ishlab chiqarishga taalluqli bo‘lmagan maqsadlarga yo‘naltirilishi sababli davlat ishtirokidagi korxonalarning investitsiyaviy jozibadorligi pastligi;

uchinchidan, davlat aktivlarini hisobga olishning tartibli tizimi yo‘qligi, xususiylashtirish jarayonlarini boshqarish samaradorligining pastligi, faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalar va bo‘sh yotgan obektlarning ishlab chiqarish faoliyatini tiklash uchun institutsional salohiyatning kuchsizligi;

to‘rtinchidan, monopoliyaga qarshi qonun hujjatlari buzilishi holatlari bo‘yicha o‘z vaqtida va samarali tekshiruvlar o‘tkazish uchun vakolatli organda huquqlar va institutsional potensialning yetarli emasligi;

beshinchidan, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarning xalqaro standartlar va bugungi kun talablariga javob bermasligi, qonun hujjatlarining raqobatga ta'sirini baholash tizimining yo‘qligi hamda tovar va moliya bozorlarini tahlil qilishning eskirgan usullari;

oltinchidan, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarda monopoliyaga qarshi qonun hujjatlari buzilishining oldini olishga doir korporativ standartlarni (monopoliyaga qarshi komplayens) joriy etish bo‘yicha tizimli ishlarning, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish, raqobat huquqi va siyosati, shuningdek, iste'molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida kadrlarni tayyorlashning barqaror tizimi yo‘qligi;

yettinchidan, mamlakat kapital bozorining hozirgi holati iqtisodiyotning real sektoriga uzoq muddatli va to‘g‘ridan-to‘g‘ri, shu jumladan, xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha mavjud imkoniyat va salohiyatdan foydalanishga imkon bermayapti, ko‘zlangan islohotlarni samarali amalga oshirish va respublikani jadallik bilan innovatsion rivojlantirishga to‘siq bo‘lmoqda.

Mavzuga oid