O‘zbekiston | 14:45 / 16.01.2019
32615
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda quyosh energiyasini ishlab chiqarishdan naf bormi? 

Energetik-muhandis Zafar Safoyev Markaziy Osiyoda quyosh energiyasini ishlab chiqarish, ushbu yo‘nalishda ish boshlash O‘zbekiston uchun foyda berishini ta'kidlamoqda. Uning aytishicha, ishni stansiya qurish uchun kerak bo‘ladigan komponentlarni ishlab chiqarishdan boshlash zarur. Bu haqda mutaxassis Kun.uz'ga bergan intervyusida ma'lum qilgan.  

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

– O‘zbekistonda quyosh elektrostansiya komponentlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmagan. 

2013 yil marhum prezident Islom Karimov qarori bilan quyosh elektrostansiyani qurish bo‘yicha qadam tashlangandi. Sohada juda orqada qolgandik. Mish-mishlar paydo bo‘ldiki, stansiya qurilishi Samarqandda bo‘lishi belgilangan. Bu ham qurilmadi. 

Sohani rivojlantirish uchun korrupsiyani yo‘q qilish kerak. Sohada tartibni yo‘lga qo‘yish kerak. 

– Ushbu elektrostansiyaning qurilish OAVda ham e'lon qilingandi. Uning qurilmay qolganini siz korrupsiya bilan bog‘laysizmi?

– Buning ortida yotgan masala, albatta, bizga qorong‘i. Bu sohada  yuqori korrupsiya mavjudligi va [energetikaning] yuqori qarzdorligi, infrastruktura sharoiti to‘sqinlik qilgan, deb o‘ylayman.

– Quyosh elektrostansiyasini barpo etish ishini nimadan boshlash kerak?

– Turli jabhalarda ishni boshlash bilan. Avvalambor, tarmoqlar qurish kerak, bir tomondan elektrostansiyalar qurishimiz kerak. Yuqori voltli elektr uzatuvchi qurilmalarni yaxshilash kerak. Tarmoqlarda muhim masala – talab va taklif balansini tutib turadigan, yuqori va aqlli texnologiyalarni o‘rnatish lozim. Aynan quyosh energiyasi bo‘yicha gapirganda, ishlab chiqarishdan ishni boshlash zarur bo‘ladi. 

U [quyosh elektrostansiya - tahr.] to‘rtta komponentdan tashkil topgan. Montaj qurilmalari, panellar, quyoshdan kelayotgan o‘zgarmas toklarni chastotali tokka aylantirib beradigan inventor qurilmalari, shuningdek, kabel kerak.

Agar komponentlarni O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ysak, biz uchun mustahkam moddiy baza paydo bo‘lishi mumkin. Markaziy Osiyoning 5ta mamlakatida ham bu soha yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Kim birinchi bo‘lsa, bu sohada ilgarilaydi. 

SkyPower loyihasi 1,3 milliard dollarlik moliya bilan ming megaVattga teng quvvatli elektrostansiya qurmoqchi. Buning uchun 100 minglab quyosh panellarini ishlab chiqarish kerak. Kilometrlab kabel, bir qancha montaj uskunalarini ishlab chiqarish lozim. Ular qurilmalarning hammasini xorijdan olib keladi. 

– Demak, aslida o‘sha pullar – chet eldan keladigan texnika. Shundaymi? 

– Shunday, bu pul – shu qiymatdagi texnika ko‘rinishida O‘zbekistonga olib kiriladi. Aslida, haqiqiy investitsiya ana o‘sha qurilmalarni ishlab chiqaruvchi korxonalarga olib kiriladi. Ishlab chiqarish zavodlari joylashgan davlatlar iqtisodiyotiga pul kirib boradi.

Ma'lumot uchun, Kanada general-gubernatori Jyuli Payyett O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov bilan uchrashuvda Kanadaning  «Sky Power» kompaniyasi  qayta tiklanuvchi energetika sohasiga katta miqdordagi investitsiya taklifi bilan O‘zbekiston bozoriga kirib borayotgani haqida gapirgan. Uning fikricha, mazkur loyiha «o‘zaro manfaatli va ikki tomonga ham foydali» hisoblanadi.

«Sky Power» kompaniyasidan energiya xarid qilish bo‘yicha O‘zbekiston Prezidentining qarori 2018 yil 28 aprelda imzolangan. Kompaniya loyihani amalga oshirish davomida, shuningdek, unga bog‘liq boshqa korxonalar ham, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan yangi tovarlarni olib kirishda boj to‘lovi ozod etilgan. Kompaniya bir qancha soliq imtiyozlariga ham ega. Ammo loyiha bo‘yicha shundan buyon boshqa rasmiy xabar tarqatilmagan.  

Jahon tajribasida Yaponiya so‘nggi 10 yil ichida mamlakatda qurilgan quyosh energiyasi hisobiga ishlovchi elektrostansiya va generatorlardan olinadigan elektr quvvati hajmini 23.3 karra oshirdi. 2005 yilda ko‘rsatkich 1.23 million MVtni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yilning so‘ngiga kelib, u 28.6 million MVtgacha ko‘tarildi. Bu ko‘rsatkich esa 5.2 millionga yaqin xususiy uylarni elektr quvvati bilan ta'minlashga yetarlidir.

Amerikaning Forbes jurnali 1988 yil 12 dekabrda quyosh energetikasi va yangi texnologiyalar istiqbollari haqida maqola chop etgan edi. Unda bugungi kunda keng qo‘llash boshlangan quyosh energiyasidan foydalanish haqida fikrlar bildirilgan.​

Mavzuga oid