O‘zbekiston | 17:10 / 21.01.2019
66156
2 daqiqa o‘qiladi

100 000 so‘mlik banknota chiqarilishining inflatsiyaga ta'siri bormi?

Foto: KUN.UZ

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Muhamet Jumagaldiyev quyidagi fikrlarni bildirdi, deb yozmoqda O‘zA.

– Ma'lumki, shu yilning 15 yanvar kuni Oliy Majlis Senati 100 ming so‘mlik banknot namunasi va dizaynini ma'qulladi. 

Markaziy bank tomonidan 100 ming so‘mlik banknotani muomalaga chiqarishdan maqsad aholiga naqd pul orqali hisob-kitoblarda qulaylik yaratish, saqlash, tashishni osonlashtirish, muomaladagi banknotalar strukturasini optimallashtirishdan iborat. 

Yuz ming so‘mlik banknota eskirgan pul birliklarini muomaladan chiqarish hisobiga muomalaga kiritilmoqda. Shuning uchun, bu banknotalarning muomalaga chiqarilishi amaldagi naqd pul massasining oshishiga olib kelmaydi.

Demak, muomaladagi naqd pullar strukturasining o‘zgarishi inflatsiyaning oshishiga ta'sir qilmaydi. Yana ham soddaroq aytganda, 100 ming so‘mlik pul aholiga qo‘shimcha qulaylik yaratadi va bankomatlar orqali xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshiradi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Senat 100 000 so‘mlik banknot namunasi va dizaynini ma'qullagandi.

Mavzuga oid