O‘zbekiston | 14:26 / 24.01.2019
37542
3 daqiqa o‘qiladi

Ketmonov: «Vazirlik va idoralar qonunni o‘ziga moslashtirib olgan»​

Foto: XDP

Xalq demokratik partiyasi matbuot anjumanida partiya rahbari Xotamjon Ketmonov ilgari vazirlik va idoralar qonunlarni o‘ziga moslashtirib olganini ta'kidladi, deya yoziladi «Ishonch»​ gazetasida. 

Gazetada Ketmonovning qonunlar haqidagi quyidagi fikrlari keltirilgan:

«Bitta qonun qabul qilinsa, unga qo‘shimcha 10-15 qonunosti hujjati  ishlab chiqilar, natijada qonun ijrosida chalkashliklar yuzaga kelardi. Shuni inobatga olib, qo‘mita, fraksiya va palatalarda qaysi qonunlar ishlayotgani aniqlanmoqda. Davlatimiz rahbari talabiga binoan qonunlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan qilish faoliyatimizning asosiy mezoniga aylanishiga harakat qilyapmiz. Qonunlar xalqchil va sodda bo‘lishi kerakligi haqida ilgari ham ko‘p gapirilardi, lekin baribir ishlamaydigan qonunlarni qabul qilish davom etgan», –​ deb uning so‘zlari keltirilgan. 

Xabar muallifi Mahliyo Umrzoqovaning yozishicha, Ketmonov XDP  o‘zini​ parlamentda muxolifat sifatida e'lon qilganligi, ushbu tushunchadan kelib chiqqan holda fraksiya «Adolat»​, «Milliy tiklanish» ​yoki O‘zLiDep bilan hamkorlikda emas, balki o‘zining maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda ish yuritishini ta'kidlagan. 

Lekin bu muxolifatning aynan nimada namoyon bo‘lishi haqidagi savol ochiq qoldi, deb yozadi jurnalist.

Partiya nashri bo‘lgan «O‘zbekiston ovozi»​ning  bor-yo‘g‘i 4600 nusxada chop etilayotganligi, «Golos Uzbekistana»​ esa yopilish arafasida ekanligi, buning asosiy sababi Ketmonovning tahririyat bilan kelisha olmayotganligi ekanligi haqidagi gap-so‘zlar yuzasidan savolga rahbar shunday javob beradi: 

– Agar shunday holat bo‘lganida mazkur tadbirga partiya nashri vakillarining ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymagan bo‘lar edik.  Guvohi bo‘lib turibsiz, ular shu yerda. Ilgari hududiy kengashlarni «shunchadan obuna qilasan»​, deb majburlar edik.  Endi bu tizimdan voz kechdik. Partiyadoshlarimizni o‘z ixtiyori bilan obuna bo‘lishga qo‘yib berdik. 

Ta'kidlash joizki, XDPning barcha tashkilotlarida qariyb ikki yarim ming nafar kishi ishlaydi. Bundan tashqari, 450 ming nafardan ziyod a'zolarimiz, ya'ni xayrixohlarimiz bor. Biz ularni gazetaga obuna bo‘lishga majburlay olmaymiz. Albatta, «O‘zbekiston ovozi»​ va «Golos Uzbekistana»​ gazetalarining obuna masalasi hali yil davomida ko‘riladi, qo‘shma qarorlar chiqadi va qayta tahlil qilinib, imkoniyat darajasida nashrlarimizga amaliy yordam beramiz, –​ deydi u.

Mavzuga oid