Jamiyat | 18:16 / 26.01.2019
56549
11 daqiqa o‘qiladi

630 yosh oila Yoshlar ittifoqidan nega norozi? KUN.UZ surishtiruvi

Kun.uz tahririyatining navbatdagi jurnalistik surishtiruvi obekti bir guruh faol yoshlarning uy-joy bilan ta'minlanishida yuzaga kelayotgan muammolar haqidagi murojaat bo‘ldi. Fan, san'at, adabiyot, sport sohasida, shuningdek davlat va jamiyat hayotidagi xizmatlari evaziga bir guruh yoshlarga imtiyozli asosda uylar berilishi belgilangan edi. Yosh oilalarga bu imtiyozlar prezidentimizning 2018 yil 18 sentyabrdagi PQ-3480-sonli qarori va Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 8 sentyabrdagi 250-sonli qaroriga asosan berilishi belgilangan. Murojaatning mazmuni 630 ta yosh oilaga ana shu «Yoshlar uyi» berilishi paysalga solinayotgani haqidadir.

Kun.uz ijodiy guruhi ushbu murojaat izidan borib, yosh oilalar uchun mo‘ljallangan uylar qurilayotgan Toshkent shahar, Sergeli tumani "Chosh-tepa” mahallasida shu uylarning sohibu- sohibalari bo‘lishi kutilayotgan yoshlar bilan uchrashdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

«2015 yil ariza berganman, mana 3 yildan oshdi, hali ham uy berilgani yo‘q. 2017 yilda prezidentimizning qarori chiqqan. 630 oilani uy bilan ta'minlash to‘g‘risida. 2018 yil 26 oktyabrda prezidentimizning Yunusobodga tashrifi chog‘ida ushbu yosh oilalarni uy bilan ta'minlash bo‘yicha Yoshlar ittifoqi raisi Qahramon Quronboyevga, Toshkent shahar hokimiga va Moliya vaziriga buyruq berilgan. Unga ko‘ra, 2018 yil oxiriga qadar yoshlarga beriladigan uylarni moliyalashtirib, uyga kiritish tayinlangan. Mana, hozir 2019 yil, hozirga qadar uy berilgani yo‘q», deydi Adilov Muhammadjon.

«2018 yil 8 oktabr kuni Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida iqtidorli yoshlar yig‘ildi. Men ham shu qatorda keldim. Yig‘ilish mobaynida mutasaddi tashkilotlardan kelishdi. Konstitutsiya bayrami munosabati bilan uylar taqdim etilishi ma'lum qilindi. 8 dekabr kuni ham keldi. Vaqt o‘tib ketdi. 24-25 dekabr kunlari yoshlarga uy taqdimot haftaligi bo‘ladi, televideniyelarda ham ko‘rsatiladi, deyildi. U kunlar ham o‘tib ketdi. Ammo, hamon uydan darak yo‘q. Qo‘limizda tavsiyanoma bor. Bu tavsiyanomada Sergeli tuman Chosh-tepa hududi ko‘rsatilgan. Lekin, u yerda qaysi bank bilan shartnoma tuzish kerakligi, uy raqamlari ham, kvartira raqamlari ham ko‘rsatilmagan. Biz shu tavsiyanomaga ishongandik. Uyda turgan oddiy qog‘ozga o‘xshab tuyulyapti. Hamma ilg‘or yoshlar bu yerda. Masalan, men «Navoiy» stipendiyasi sohibiman», deydi kuyunib Farhod Abdusalomov.

«4 yildan beri sarsonmiz. Har safar yig‘ilish qiladi, natija yo‘q. Yig‘ilishlar bizni bosdi-bosdi qilish uchun bo‘lmoqda. «Jim turinglar, jim turinglar. Ertaga beramiz. Kotlovan qazilgan», deyiladi. Endi hozir aytishyaptiki, kotlovan boshqa joydan qazilishi mumkin, hali biz bilmaymiz, deyishadi. O‘tgan yili 30 avgustga «Yoshlar kuni»ga beramiz deyishgandi. Hozir endi bu yilgi 30 avgustga taqashyapti», deydi nomzod Nosir To‘ychiyev.

«Yoshlar ittifoqi raisi 2019 yil 18 yanvar kuni majlis o‘tkazdi. Shaxsan men qoniqmadim. Savol-javob tarzida o‘tkazildi. Nomzodlar tomonidan aniq savollar berildi. Shaxsan o‘zingiz aytganingizdek, bizga 8 dekabr sanasida ham, yil yakuniga qadar ham, undan keyin ham berilmadi. Hozirgi kunda har bir rahbar ijro intizomiga rioya qilish kerak. Agar rahbar odam qo‘l qo‘yayotgan hujjatiga nega qo‘l qo‘yayotganini bilmasa, xodimlari qilayotgan ishlarini bilmasa, nima qilib o‘tiribdi? Nomzodlarga berilgan tavsiyanomalarda o‘zining imzosi bor, muhr bor. Bizga bu masaladan xabari yo‘qligini aytdi. Qonunlar, bayonnomalar vaqtida bajarilmasa, ertagalik rivojlanish bo‘lmaydi-ku?», deydi ulardan biri.

«Shikoyat qilib huquqlarimizni talab qilayotgan vaqtimizda Yoshlar Ittifoqining bir vakili menga biz haqimizda tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar qiziqayotgani haqida aytdi. Men bir jinoyatchi bo‘lmasam. Qiziqsa, mening uy-joyim aniq, nomzodligim aniq. Prezidentimiz ochiq-oshkora aytyaptilar. Ular bo‘lsa shunaqa yo‘l bilan bosim qilishmoqda. Biz xuddiki «faol yoshlar» ekanmiz. O‘zbekiston dunyoga ochilyapti, investorlar kelmoqda. Prezidentimiz AQShga tashrifi davomida ham xorijdagi yoshlarga murojaat qilib, «kelinglar, birgalikda yurtni rivojlantiraylik», deb aytib o‘tdi. Agar biz bu yerda qulay yashash sharoiti yaratmasak, kuchli kadrlar yaxshi sharoit bor joyga intiladi. Kadrlarimiz ruhlantirilmasa, yana chet elga chiqib ketishlar boshlanadi. Bir necha marta murojaat qilyapmiz. Murojaatlarimiz bir necha instansiyalarda qolib ketmoqda. Hammasi bir-biriga ag‘daradi. Biz birovni tanqid qilish uchun kelmadik. Muammoni birgalikda hal qilish uchun yig‘ildik. Tashabbus jazolanmasligi kerak. O‘zimizning kamchiligimizni o‘zimiz to‘g‘rilashimiz kerak. Faol, yetuk yoshlarga sharoit qilib berish kerak. Uy kerak. Nima qilsa ham «o‘zimizniki» degan so‘z kuch-g‘ayrat beradi-da. Mayli, men kredit asosida olsam ham. Shuni o‘zim oldim, davlatim berdi menga degan faxr bo‘ladi-da», deb e'tiroz bildirdi Jaysanov Abduvahob.

Faol, iqtidorli yoshlardan iborat bo‘lgan shikoyatchilarimiz bilan suhbatdan so‘ng, bevosita mas'ul tashkilot Yoshlar ittifoqining Markaziy Kengashi tomon ravona bo‘ldik.

Davlat ahamiyatiga molik hujjat nega shuncha vaqtlardan beri bajarilmayotgani uchun tayinli sabab bormi?

Markaziy Kengashga borgan vaqtimizda murojaatchilar bilan uchrashuv tashkillashtirildi va savol-javoblar boshlandi. Markaziy Kengashning vakillari sifatida raisning birinchi o‘rinbosari (tayinlanganiga ko‘p bo‘lmadi) Alisher Sa'dullayev, huquqshunos Bahrom Ilhomjonov, ijro apparati rahbari Muzaffar Akromov qatnashdi.

«Bizning maqsadimiz mana bu ishlarni qildik, deb maqtanish emas. Sizlarga maqtanishning bizga umuman qizig‘i yo‘q. Nima deb o‘ylash o‘zinglarga bog‘liq. Maqsadimiz ertaga sizlar qiynalib qolmasligingiz, uyli bo‘lib qolishingiz. Qilinmasa aybdor bo‘lamiz. Bu narsani ochiqchasiga aytinglar. Eplay olmayapsan deb aytaveringlar. Biz tarafimizdan ishlar qilingan, hozirda Moliya vazirligida ish to‘xtab qolgan. Javobi chiqsa, sizlarga aytiladi. Men ham sizlarga o‘xshagan yoshlardanman. Biz bu ishga daxldormasmiz deyishga haqqimiz yo‘q. Daxldormiz. Uy olguningizcha mas'ulmiz. Hozir shu moliyaviy masalani aniqlash bo‘lib turibdi», deydi yosh o‘rinbosar.

«Televideniyedagi ba'zi kanallarda uy beryapti deb tantanali ravishda ko‘rsatildi. Uy berilmasa nega kerak bunaqa ishlar? Berilgan tavsiyanoma oddiy bir qog‘oz bo‘lib qoladi-ku?», deya e'tiroz bildirishdi shikoyatchilar.

«Biz tarafimizdan ishlar qilinib bo‘lingan. Biz bir nodavlat notijorat tashkilotmiz. 630ta uyning boshlang‘ich badalini to‘lab berish bizga biriktirilgan vazifa. Qahramon Qo‘chqorovich bu masalani hal qilganlar. Uy bo‘lsa boshlang‘ich badal to‘lab beriladi. Lekin, uyni qurish Yoshlar Ittifoqining vazifasi emas-ku? Toshkent shahar hokimiyati ham uyni qurib bo‘lgan. Moliya vazirligi qo‘shimcha resurs ajratsa bo‘ldi. Kechagi yig‘ilishda qatnashgan vazirlikdagi qurilish bo‘yicha boshqarma boshlig‘i aytib o‘tdiki, jami 840ta uy qurilmoqda, 1 avgustgacha bo‘ladi. Ertagacha bu masalani hal qilamiz, deyishgan. Biz ham sizlarga o‘xshab javob olishni xohlayapmiz. Biz o‘zimiz tarafdan ijro qilinishi lozim bo‘lgan holatlarni qilib bo‘ldik», deb tushuntirib o‘tdi Yoshlar ittifoqi ijro apparati rahbari Muzaffar Akromov.

Shundan so‘ng Moliya vazirligi tomon yo‘l oldik.

Moliya vazirligi majlislar zalida vazir o‘rinbosari Dilshod Sultanov rahbarligida mutaxassislari va murojaatchilar uchrashuvi o‘tkazildi.

«Men hozir budjetdan mablag‘ olib bersam, bu mablag‘ olingani uchun qaysidir odamlar oyliksiz qolib ketadi. Lekin, qarorlarda Moliya vazirligi budjetdan mablag‘ ajratsin degan joy yo‘q. «Manbani aniqlasin», deyilgan. Menga endi ruxsat bersangiz, rahbarlarni yig‘ib, o‘tirib bir xulosa qilaylik. Misol uchun, qancha pul kerak? Qancha pul bugun juda zarur? Yoshlar ittifoqidan ham so‘rayman. Moliya bo‘yicha rahbarini chaqiraman. Pul olishga majbur bo‘laman. To‘y kelganidan keyin hammaga barobar kelishi lozim. Topganimizcha topamiz. Tushunaman 630 odamning qo‘liga veksel berilgan. Hozir shu mablag‘ni topishimiz kerak. Berilgan va'daning ustidan chiqishimiz kerak», deb yig‘ilganlarga ma'lumot berdi vazir o‘rinbosari.

Suhbat davomida biz ham vaziyatni aniqlashtirish maqsadida nega bunday holat yuz berganiga izoh so‘radik. U Yoshlar ittifoqidan zayavka (buyurtma xati ma'nosida) berilmaganini aytdi.

Shundan so‘ng, murojaatchilar bilan chiqayotgan vaqtimizda Yoshlar ittifoqi vakillari «normativ-hujjatlarda bu haqida keltirilmagani»ni aytib e'tiroz bildirishdi.

Erta tongdan kechgacha ko‘plab savollarga aniq javoblar ololmadik. Yoshlar ittifoqi Moliya vazirligini aybladi, Moliya vazirligi esa ittifoqni. Aybdor qaysi tarafligi noaniq. O‘rtada esa 630 yosh oila uysiz, ijarama-ijara sarson...

Ushbu surishtiruvimizdan co‘ng, yana bir bor ittifoq rahbariyatiga masala bo‘yicha yuzlandik. Yoshlar Ittifoqi Markazi kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Sa'dullayev quyidagilarni ma'lum qildi: «Birinchi bosqichda, Choshtepa mavzesida qurilayotgan uylarning 150ta xonadoni 10 fevralda foydalanishga topshiriladi. Hamma – 630 nafar imtiyozli shartlar bilan uy sotib olishga sertifikatga berilgan yoshlarga bosqichma-bosqich uylar taqdim etilishi ma'lum qilindi. Masalan, keyingi bosqich – aprel, may va so‘nggi – 30 iyun». Shuningdek, Yoshlar Ittifoqi vakillari yoshlar uchun uylarning qachon qurilishi to‘g‘risida aniq ma'lumotga ega emas. Ular bu jarayon tashkilot vakolatida emasligini yana bir bor ta'kidlashgan.

Masala hamon ochiqligicha qolmoqda...

Bahodir Ahmedov

Mavzuga oid