Sport | 12:30 / 27.01.2019
5078
2 daqiqa o‘qiladi

Kualyarella Batistutaning rekordini takrorladi. U A Seriyada yaqqol to‘purar

«Sampdoriya» hujumchisi Fabio Kualyarella Italiya chempionatining joriy mavsumida asosiy yulduz bo‘lib turibdi. U A Seriyaning 21-turida sobiq klubi «Udineze» darvozasiga penaltidan ikkita gol urdi va yana bir golga uzatma berdi (4:0).

Endi u o‘tgan asrning 90-yillarida «Fiorentina» safida to‘p surgan argentinalik futbol afsonasi Gabriel Batistutaning rekordini takrorladi: Batigol ham 1994 yili Italiya chempionatida qatorasiga 11 o‘yinda gol urgandi.

Shu haftada 36 yoshga to‘lgan Fabio ayni vaqtda A Seriya to‘purarlari ro‘yxatida birinchi o‘ringa chiqib olgan, unda 16ta gol, ikkinchi o‘rindagi Krishtianu Ronaldu («Yuventus») va Duvan Sapata («Atalanta») hisobida 14tadan gol bor.

Qayd etish kerakki, Kualyarella o‘tgan mavsumda ham to‘purarlik salohiyatini namoyish etgandi, u A Seriyaning 35 uchrashuvida 19ta golga mualliflik qilgan.

U chempionatning keyingi turida o‘zining sobiq jamoasi «Napoli»ga gol ursa (u 2010 yilda maishiy muammolari tufayli Neapoldan Turinning «Yuventus»iga o‘tishga majbur bo‘lgandi), tarixiy rekord sohibiga aylanadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid