Jahon | 11:11 / 03.02.2019
50598
3 daqiqa o‘qiladi

Foto: AQShga anomal sovuqlar va qutb bo‘ronlari kirib keldi

Foto: Reuters

Fevral oyi boshida AQShda anomal sovuqlar kuzatilmoqda, meteorologlar qutb bo‘ronlari kirib kelishi munosabati bilan ayrim joylarda harorat Tselsiy bo‘yicha 53 darajagacha tushib ketishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.

Ayova shtati hukumati aholidan imkon qadar chuqur nafas olmaslik va ko‘chada gaplashmaslikni tavsiya qilmoqda.

O‘rta G‘arbda joylashgan Viskonsin, Michigan va Illinoysda favqulodda holat e'lon qilingan. Nisbatan janubroqda joylashgan Alabama va Missisipida ham shunday ehtimol mavjud. Bu hududlarda kuchli qor bo‘ronlari kutilmoqda.

Hafta boshida Chikago Antarktidadan sovuqroq bo‘lishi mumkin.

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z tvitterida hazilomuz tarzda boshqalarga kerak bo‘lmagan «global isish» ayni vaqtda amerikaliklarga kerakligi haqida yozdi.

«Global isish bilan nima bo‘ldi. Tezroq qayt, sen bizga keraksan?», degan u.

Meteorologlar fikricha, keskin sovish Shimoliy qutbda Afrika shimolidan issiq havo oqimi borishi ortidan kelib chiqqan. Bu oqim ta'sirida sovuq havo oqimi janubga siljigan.

Yetakchi olimlarning hisoblashicha, inson faoliyati oqibatida yuzaga kelgan global isish tufayli qishlar avvalgidan ham qattiqroq bo‘ladi.

Keskin sovish nimalarga olib kelishi mumkin?

Chikago politsiyasi ma'lumotiga ko‘ra, sovuq oqibatida bir necha talonchilik holatlari kuzatilgan. Qurolli shaxslar do‘konlardan narxi 1100 dollar turadigan, Canada Goose firmasi tomonidan ishlab chiqarilgan momiq kiyimlarni talab qilishgan.

«Hamilton» myuzikli uchun chiptalar esa odatdagi narxidan ikki barobar arzonga - 70 dollarga sotilmoqda. Chunki, odamlar ko‘chaga chiqishni istashmayapti.

O‘rta G‘arbdagi shtatlarda minglab maktablar va boshqa muassasalar yopilgan.

Ba'zi shaharlarda uysizlar uchun vaqtinchalik isinish xonalari ochilgan.

Chikago va atrofdagi hududlar keyingi o‘n yilliklardagi eng sovuq haroratga duch kelishgan
Foto: Reuters
Viskonsin, Michigan, Illinoys, Alabama va Missisipi shtatlarida favqulodda holat joriy qilingan
Foto: Zuma/TASS
Chikagoda kuchli shamol hisobiga sovuq harorat 45 darajagacha yetgan (Tselsiy shkalasi bo‘yicha)
Foto: Reuters
Bunday sovuqda terining ochiq joyini besh daqiqada sovuq urishi mumkin
Foto: Reuters
Hukumat odamlarni zarurat bo‘lmasa ko‘chalarga chiqmaslikka chaqirmoqda
Foto: Reuters
Michigan ko‘li va daryosi qariyb butunlay muz bilan qoplangan
Foto: Reuters
AQShda noqulay ob-havo tufayli 5 kishi halok bo‘ldi
Foto: AP/TASS
Kuchli sovuqlar minglab aviareyslar bekor qilinishiga olib kelmoqda
Foto: epa/vostock-photo
Anomal sovuqlar tufayli Chikagodagi Brukfild hayvonot bog‘i o‘zining 85 yillik tarixida to‘rtinchi marta yopildi
Foto: Reuters
Nyu-York shtatini Ontariodan ajratib turadigan Niagara sharsharasi muzlab qoldi
Foto: Reuters