O‘zbekiston | 12:04 / 04.02.2019
22282
2 daqiqa o‘qiladi

Viloyat hokimi deputatni sarson qilgan amaldorlarni tanqid qildi

G‘ulomjon Ibragimov/Foto: KUN.UZ

Toshkent viloyati hokimi G‘ulomjon Ibragimov 4 fevral kuni o‘tkazilgan «hokimlik soati» davomida deputatni sarson qilgan amaldorlar xatti-harakatini tanqid qildi. Bu haqda Kun.uz  muxbiri xabar bermoqda. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev avvalroq o‘zining Telegram-kanalida «ko‘tarinki ruxda o‘tayotgan uchrashuvlardan farqli ravishda yuz bergan «proval»ga  to‘xtalib, ko‘pchilik nomidan o‘z tashakkuri»ni bildirib qo‘ygandi.

«Avvalo Zangiota tumanining O‘rta ovul hududidagi uchrashuvimiz haqiqatan jonli bo‘lib,  unda ayniqsa mahalliy hokimiyat doirasida hal qilinishi lozim bo‘lgan ko‘plab masalalar bo‘lganligini aytib o‘tish kerak. Lekin qancha iltimos qilmay, hokimlik «hech bo‘lmasa» uchrashuvga vakilini ham yubormadi. Bu kichik «proval» uchun ularga tashakkur. Odamlar bilan uchrashishga yo yuz, yo sabr chidamayotgan bo‘lsa kerak», — deb kinoya qilgan u.

Deputatning yozishicha, «Yangiyo‘l shahridagi butun boshli uchrashuv haqida odamlarga xabar berilmagan». 

«Bunaqa sharmandali vaziyatni uyushtirish uncha munchaga emas. [...]  Eh...bu ishlar deputatning obro‘sini to‘kish va bir chetda turib, kulish uchun atayin uyushtirilmaganligiga qattiq ishongim kelayapti», — deb yozadi u.  

Viloyat hokimi ham «sharmandagarchilik» deb atalgan ushbu masala yuzasidan keskin munosabat bildirgan. U tashkiliy ishlarda kamchilikka yo‘l qo‘ygani uchun Yangiyo‘l shahri va Zangiota tumani hokimiyati tashkiliy-nazorat guruhi rahbarlariga «xayfsan» berilishini ta'kidlagan.

Mavzuga oid