O‘zbekiston | 11:55 / 08.02.2019
177385
3 daqiqa o‘qiladi

2019/2020 o‘quv yilida oliy ta'lim muassasalariga hujjat topshirish tartibi o‘zgaryaptimi?

Foto: KUN.UZ

2019 yildan boshlab barcha Oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirish Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmonida belgilangan.

Davlat xizmatlari agentligi xabariga ko‘ra, hozirda agentlik tomonidan vakolatli vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda hukumatning tegishli qaror loyihasi ishlab chiqilishi bilan bir qatorda zaruriy choralar ham ko‘rilib borilmoqda.

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Davlat xizmatlari agentligi tomonidan tajriba tariqasida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Davlat test markazi va Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorlikda abituriyentlardan o‘qishga kirish bo‘yicha hujjatlarni 201 ta tuman va shaharlarda faoliyat olib borayotgan DXM orqali qabul qilish amaliyoti joriy etildi.

Ushbu yangilik amaliyotda o‘zining quyidagi ijobiy jihatlarini ko‘rsatgan:

- hujjat topshirish jarayonida ortiqcha qog‘ozbozlikdan voz kechildi;
- har bir abituriyentga o‘zining tumani yoki shahri, shuningdek o‘zi xohlagan hududdan hujjat topshirish imkoni yaratildi;
- ularning qimmatli vaqti tejaldi;
- abituriyentlarning hududlardan ovora bo‘lib poytaxtga kelish oqimi keskin kamaydi — ularning ortiqcha sarf-xarajatlarining oldini oldi;
- hujjat topshirish jarayoniga bir necha soat yoki kun emas balki 15-20 daqiqa kifoya qildi;
- abituriyent hujjat topshirganidan so‘ng hujjatlarning asli uning o‘zida qoldi;
- universitet tomonidan faqat o‘qishga kirgan talabalarning hujjatigina ularning o‘zidan qabul qilinib, oliy ta'lim muassasa qabul komissiyasi va arxivida ortiqcha hujjat aylanmasini keskin kamaytirdi.

Oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirish bo‘yicha davlat xizmatini tumanlardagi Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirilishi abituriyentlarga Toshkent shahridagi va respublikaning istalgan hududida joylashgan oliy ta'lim muassasasiga o‘zining tumanidan chiqmasdan turib hujjat topshirish, shuningdek onlayn tarzda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali hujjat topshirish imkoniyatini yaratadi.

Mavzuga oid