Olamafro‘z Abdullayev: Men qahramon emasman, o‘z insoniylik burchimni bajarganman
Kuni kecha O‘zbekiston yoshlar ittifoqi vakillari Toshkent Xalqaro aeroportida Rossiyada jasorat ko‘rsatib, “Yaxshilik qilishga shoshiling” (“Speshite delat dobro”) medali bilan taqdirlangan Olamafro‘z Abdullayevni kutib olishdi.
Yosh qahramonimiz 2018 yilning 31 dekabr kuni Magnitogorsk shahridagi turar-joy binosi portlashidan keyin o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, yordam berishga oshiqqan va Favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruvchilari kelgunga qadar vayronalar orasidan sakkiz kishini qutqarib qolgan. Yurtdoshimizning bu jasorati yuksak mukofotga loyiq topildi. 2019 yilning 6 fevral kuni Chelyabinsk oblasti (Rossiya) gubernatori Boris Dubrovskiy va hududning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Margarita Pavlova O‘zbekiston fuqarosi Olamafro‘z Abdullayevga tantanali ravishda “Yaxshilik qilishga shoshiling” (“Speshite delat dobro”) medalini topshirdi.
Faxriy yorliqda yozilganidek, vatandoshimiz «Rossiya Federatsiyasining Konstitutsiyasi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va Inson huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi Yevropa Konvensiyasi bilan mustahkamlab qo‘yilgan inson va fuqaro huquq va erkinliklarini himoya qilish ishiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun» medal bilan taqdirlandi.
Medal Chelyabinsk oblastidagi Inson huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan ta'sis etilgan bo‘lib, har yili jamiyat uchun muhim ishlarni amalga oshirgan va og‘ir turmush sharoitlariga tushib qolganlarga ko‘maklashgan shaxslarga topshiriladi.
Bundan tashqari, dovyurak yigitning mardonavor xizmati O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri va Bosh konsulxona vakillari tomonidan ham munosib rag‘batlantirildi.
Suhbat davomida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Begmat Ochilov Olamafro‘zning insoniylik fazilatlari yoshlarga namuna bo‘lishi, ular o‘rtasida yaxshilik urug‘ini yoyishi kerakligini ta'kidladi.
— O‘sha kun kutilmagan ovozdan hodisa joyiga shoshildim. U yerga yig‘ilganlarning aksariyati yong‘inni tasvirga olish bilan ovora edi. Binoning uchinchi, yettinchi, sakkizinchi va to‘qqizinchi qavatlarida yong‘in ko‘tarilgandi. Shu dam uchinchi qavatdagi ayolga ko‘zim tushdi-yu, o‘sha xonadonga otildim. Ikkita yosh bola va bir ayolni yong‘indan ko‘chaga olib chiqdim. So‘ngra, tepa qavatlarga ko‘tarilib, u yerdan ham 5 nafar insonni alangadan qutqarib, xavfsiz joyga olib o‘tdim, — deydi Olamafro‘z Abdullayev. — Men bu ko‘makni qahramonlik, deya olmayman. Mening o‘rnimda boshqa o‘zbek yigiti bo‘lganda ham insonlarni olovda jabrlanishini videotasvirga olgandan ko‘ra, qutqaruvga kirishishni afzal bilardi. Axir, bu bizning insoniy burchimiz-ku. Bizga milliy qadriyatlarimiz orqali ko‘makka muhtoj insonlarga beminnat yordam ko‘rsatish odati singgan. Bu gaplarni Rossiyada medal bilan taqdirlashganlarida ham aytganman. To‘g‘risi o‘sha kun, taqdirlash va Rossiyaning har qanday universitetiga talabalikka imtiyoz berilishidan biroz xijolat ham tortdim va bu imtiyozni rad etdim. Chunki, men u insonlarni o‘z manfaatim uchun, talaba bo‘lish uchun qutqarib qolmaganman. Vijdonim va ko‘nglim buyurgan amalni bajarganman, xolos.
7 yildan buyon Rossiyada qurilish sohasida mehnat qilayotgan vatandoshimiz sportning bir qancha turlari bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. Sog‘lom turmush tarzi tarafdori bo‘lgan dovyurak tengdoshimiz 2018 yil Rossiyada sportning “Kudo” va “Greppling” yo‘nalishlari bo‘yicha bir qancha muvaffaqiyatlarga erishgan. Kelgusidagi maqsadi esa O‘zbekiston Milliy gvardiyasi qo‘shinlari safida vatanga xizmat qilish. Olamafro‘z joriy yilda O‘zbekiston Milliy gvardiyasi harbiy-texnika institutiga o‘qishga kirmoqchi.
Shahnoza Nurullayeva