O‘zbekiston | 16:26 / 14.02.2019
104509
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklarning «Amerika orzusi»: viza, grin-karta va fuqarolik

Foto: Getty Images

So‘nggi uch yil ichida sobiq aholisi amerika fuqaroligini olgan mintaqalar ro‘yxatida Osiyo ham Shimoliy Amerika qatorida yetakchilik qiladi. Boshqa mintaqalar nisbatan orqada, deyiladi uzanalytics.com sayti e'lon qilgan tahliliy maqolada.

Maqolada qayd etilishicha, kelib chiqishi osiyolik bo‘lgan yangi amerikalarning asosiy ulushi Hindiston, Xitoy va Fillipin aholisiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu mamlakatlar faqat Meksikadan orqada qoladi xolos. Agar 2017 yilda AQSh fuqarosi bo‘lgan shimoliy amerikaliklar fuqarolik olguncha grin-karta bilan 11 yil yashagan bo‘lsalar, osiyoliklar bunga 6 yilda erishdilar.

So‘nggi uch yilda Markaziy Osiyoning beshta respublikasidan mintaqadagi eng zich aholiga ega respublika sifatida O‘zbekiston aholisi eng ko‘p viza olgan. O‘zbeklarning mustahkam (va keng ko‘lamli) oilaviy aloqalari ko‘plab oilaviy birlashishlarga sabab bo‘lmoqda.  

Markaziy Osiyoliklar asosan Nyu-Yorkka intilmoqdalar. Mintaqa vakillari uchun fuqarolik va yashash joyi taqdim qilish bo‘yicha Kaliforniya ikkinchi o‘rinda.

 AQSh fuqaroligini olish uchun AQShda yashash guvohnomasi (grin-karta) bilan ma'lum vaqt davomida istiqomat qilish kerak.

Grin-kartalar soni bo‘yicha o‘zbekistonliklar va qozog‘istonliklar yetakchilik qiladi. Qirg‘iziston aholisi Tojikistonnikiga nisbatan kam bo‘lishiga qaramay, qirg‘izistonliklar har yili AQSh grin-kartasini ularga nisbatan ko‘proq qo‘lga kiritishmoqda.

2017 yilda grin-karta olgan Markaziy osiyoliklarning eng ko‘pi qayerda yashamoqda? Albatta, Nyu-Yorkda. Qirg‘izistonliklar ko‘pincha Chikagoni tanlashadi. Quyoshli Kaliforniya qozog‘istonliklar va qirg‘izistonliklar uchun ikkinchi o‘rindagi sevimli maskan hisoblanadi. Ayrim shtatlar bo‘yicha ma'lumotlar mavjud emasligini ham ta'kidlash kerak.

 Amerikalik fuqarolar Markaziy Osiyoning beshta respublikasi orasidan qaysi mamlakat bolalarini farzandlikka asrab olishiga oid ro‘yxatda faqat Qirg‘iziston ko‘rsatilgan. 2017 yilda ushbu mamlakatdan 15 nafar bola – 6 nafar qiz va 9 nafar o‘g‘il bola farzandlikka asrab olingan. Mazkur ro‘yxatga farzandlikka olish soni 10 tadan oshmagan mamlakatlar kiritilmagan.

Fuqarolar AQSh migratsiya vizasini o‘z vatanida turib, ayrim dasturlar yoki lotereya yutug‘i orqali olishlari ham mumkin. Aynan lotereyadan yutib olish dunyoning ko‘plab xalqlari, xususan bizning xalqimiz uchun ham yangi dunyoga yo‘llanma olishning eng ustuvor yo‘li hisoblanadi.  

Dunyo miqyosida lotereya (Diversity Lottery) bo‘yicha yashash fuqaroligini olish 5 foizdan kamroqni tashkil etgan. 2017 yilda Qozog‘iston va Qirg‘izistonda bu raqam qariyb 30 %, Turkmanistonda esa 37 foizga yetgan. Shu yili Tojikistondagi 55%, O‘zbekistondagi 58% fuqarolar fuqarolikni olganlar lotereya yutib olganlar.

Tojikiston va Qozog‘istondan grin-karta sohiblarining har o‘ntadan bittasi yutuqni AQShdan boshpana olish sifatida qabul qilgan. Bu raqam, ayniqsa, qirg‘izistonliklar orasida yuqori (23 foizdan ko‘p) va o‘zbekistonliklar orasida kamroq (4%).

 AQShda yashab turgan holda boshpana so‘rab murojaat qilgan fuqarolar ham bor. Boshpana berishning ikki turi mavjud – affirmative va defensive. Birinchi turida da'vogar AQSh hududida erkin bo‘lgan holida boshpana so‘rab murojaat qiladi. Ikkinchisida, da'vogar AQShdan deportatsiya qilinish jarayonidan oldin, buning oldini olish maqsadida boshpana taqdim etish to‘g‘risidagi arizani beradi. Umuman olganda, turkmanlar va tojiklar eng kam boshpana so‘rab murojaat qilishadi.

Garchi Amerikada o‘zbeklar, ayniqsa grin-kartaga ega o‘zbeklar hozir ham anchagina bo‘lsa-da, endi chet el pasportining berilishi va mamlakatning dunyoga ochilishi bilan ko‘p sonli o‘zbeklarning AQShga borishi mumkinligi kutilmoqda. Markaziy Osiyodan Amerikaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchadigan yagona va arzon aviaqatnov Toshkentdan Nyu-Yorkgacha bo‘lgan reys bo‘lib, u ham haftasiga ikki marta amalga oshiriladi.

Tashrif buyurganlarning qariyb 80 foizi hujjatlarda tashrif maqsadini sayyohlik deb ko‘rsatadi (Markaziy Osiyoda Rossiyaga ishlash uchun borgan migrantlar ham shunday qilishadi).

 To‘g‘ri, mamlakat ostonasidan kiritilmaydigan va orqaga qaytarib yuboriladiganlar ham bor, albatta. Har yili Markaziy Osiyoning bir necha o‘nlab (bu raqam biroz o‘zgarib turadi) fuqarolari AQShga kiritilmaydi va mamlakat hududidan deportatsiya qilinadi. Zamon zayli bilan bu borada turkmanlarning omadi chopmaydi – tashrif bo‘yicha eng ko‘p rad javoblari aynan ularga beriladi. Masalan, 2015 yilda Tojikistonning besh nafar fuqarosi uyga qaytarilgan bo‘lsa, Turkmanistonning 55 nafar(!) fuqarosiga nisbatan shunday qaror chiqarilgan.

AQShda noqonuniy tarzda qolayotgan Markaziy osiyoliklar soni nisbatan kam bo‘lsa-da, Amerika konsullari tomonidan viza berishdagi rad javoblari soni ham nomutanosib, tushunarsiz va haddan tashqari darajada yuqori bo‘lmoqda. Masalan, 2017 yilda sayyohlik vizasini olish bo‘yicha murojaat etgan mintaqaning har ikkinchi fuqarosi rad javobini olgan. Garchi ilgari amerikalik konsullar qo‘shni respublikalarga qaraganda, Qozog‘iston fuqarolariga nisbatan xayrixoh bo‘lgan bo‘lsalarda, 2017 yildan boshlab bu munosabat o‘zgardi. Ayniqsa, Bishkek, Dushanbe va Toshkentdagi amerikalik konsullarning bunday siyosati tushunarsiz hol bo‘lib, mazkur mamlakatlar Tashqi ishlar vazirliklari vakillari tashabbus ko‘rsatib, o‘z hamyurtlarining huquqlarini himoya qilish uchun hamkasblari bilan kelishib olsalar yomon bo‘lmasdi.

Agarda Trampning antiimmigratsiya siyosati AQShda ma'qullanadigan bo‘lsa, Markaziy Osiyo fuqarolarining Amerika vizasini olishi yanada qiyinlashadi. Mintaqa aholisining aksariyati yaxshi joyda ta'lim olgani, ingliz tilini bilishi, mehnatkashligi va qonunga itoatkorligi bilan maqtansa-da, kelib chiqishi Markaziy Osiyodan bo‘lgan fuqarolar tomonidan sodir etilayotgan terrorchilik harakatlari bu holatni murakkablashtiradi, xolos, deyiladi tahliliy maqolada.

Mavzuga oid