Sport | 13:08 / 14.02.2019
29071
8 daqiqa o‘qiladi

«Real»da sug‘ur kuni. «Ayaks»ning goli nega bekor qilindi?

Foto: VI Images via Getty Images

«Qirollik klubi» Amsterdamda g‘alaba qozondi, bu o‘yin YeChL tarixida videotakrordan keyin gol bekor qilingan ilk o‘yin bo‘ldi.

«Ayaks» (Niderlandiya) – «Real» (Ispaniya) – 1:2 (0:0)
Gollar: Benzema, 60 (0:1). Ziyosh, 75 (1:1). Asensio, 87 (1:2).
«Ayaks» (Amsterdam): Onana, Mazraui, de Ligt, Blind, Talyafiko, van de Bek, de Yong, Shene (Dolberg, 73), Ziyosh, Tadich, Neres.
«Real» (Madrid): Kurtua, Karvaxal, Serxio Ramos, Nacho, Regilon, Kazemiru, Kroos, Modrich, Beyl (Vaskes, 61), Benzema (Asensio, 73), Vinisius Junior (Dias, 81).
Ogohlantirishlar: Ziyosh, 53. Regilon, 70. Vaskes, 83. Serxio Ramos, 90.
Hakam: Skomina (Sloveniya).
13 fevral. Amsterdam. «Yoxan Kroyf Arena» stadioni.
Javob o‘yini – 5 mart.

Samimiy qabul
«Real» futbolchilari joylashgan mehmonxonada o‘yindan oldingi tunda bir necha soat davomida amsterdamlik muxlislar salyutlar va feyyerverklar otib, mehmonlarni qutlashdi. «Amsterdamga xush kelibsiz!». Balki, madridliklar «Yohan Kroyf Arena»dagi o‘yinni uyqusirab boshlagani sababi shudir.

«Ayaks» futbolchilari esa birinchi bo‘limda ancha tetik edi - Erik ten Xaag shogirdlari yoshlik shijoati bilan ilk daqiqalardanoq hujumga o‘tishdi. Birinchi bo‘limda yosh va tezkor futbolchilar amaldagi chempionlardan ustun edilar: jahonning eng yaxshi tayanch yarimhimoyachisi sanaladigan Kazemirodan to‘pni olib qo‘yishdi, 2018 yilgi «Oltin to‘p» sohibi Modrichni xatolar qilishga majbur qilishdi, «Real» sardori, Madrid jamoasi safida yubiley - 600-o‘yinni o‘tkazayotgan Serxio Ramosning boshini aylantirib tashlashdi. 

Tadich offsaydda

«Ayaksidlar» ilk 45 daqiqalikda Kurtua darvozasi tomon ko‘p bora xavf solishdi, gol bo‘lishi vaqt masalasi edi: Mazraui uzoq burchakni aniq nishonga ololmadi, Tadichning zarbasi darvoza ustunidan qaytdi, Ziyosh juda qulay vaziyatni ko‘kka sovurdi. Nihoyat, bo‘lim oxiriga yaqinlashganda, 37-daqiqada Talyafiko bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi, futbolchilar golni nishonlashdi, stadion hayqiriqlardan larzaga keldi. Ammo barchasi bekor bo‘ldi.

Chempionlar ligasi tarixida ilk marta urilgan gol videotakrordan keyin bekor qilindi (YeChLda bu mavsum pley-off o‘yinlaridan VAR tizimi qo‘llanishi boshlandi). O‘yin arafasida almashtirilgan arbitr Damir Skomina (o‘yinni avvaliga polshalik Shimon Marsinyak boshqarishi belgilangandi, ammo o‘yindan ikki kun oldin UYeFA bosh hakamni almashtirishga qaror qildi) va videoyordamchilar «Ayaks»ni goldan mahrum etdi.

Shu zahoti bu holat tvitter muhokamalarida topga chiqdi, internet foydalanuvchilari Ajax, Courtois, #AJARMA heshteglari bilan fikrlar qoldirishdi. Ko‘pchilik nima bo‘lganini tushunmayotgandi: «Ayaks» burchak zarbasi ijro etdi, Kurtua qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va kuchsiz zarbadan keyin to‘pni qo‘lidan chiqarib yubordi, Talyafiko esa qaytgan to‘pni darvozaga joyladi. Bu yerda qanday xato?

Ko‘plab takrorlardan keyin vaziyat oydinlashadi. Talyafiko zarba bergan vaziyatda Tadich Kurtuaning yo‘lini to‘sib qo‘ygandi, shu bilan birgalikda u kichik ofsaydda qolgandi. Bu vaziyatda bir savol tug‘iladi, bu epizodda Kurtua baribir to‘pga yeta olmasdi. Lekin darvozabonga xalaqit berish holati bor edi, ofsayd bor edi va bu omillar golni bekor qilish uchun yetarli bo‘ldi.

Bosh hakam videotakrorni ko‘rib chiqdi va tabloga yana nollar qaytdi.

Vinisius va Benzema tandemi
Tanaffusdan keyin madridliklar katta kuch bilan oldinga tashlanishdi, mehmonlarning kayfiyati esa tushib ketgandi, endi Ziyosh va van de Bekning uzatmalari aniq chiqmas, Tadichning harakatlarida o‘tkirlik va tezkorlik yo‘qolgandi. Birinchi bo‘limda kuch tejagan «Real» esa amsterdamliklar toliqishi tufayli paydo bo‘layotgan bo‘sh hududlardan foydalanib xotirjamlik bilan hujumlar uyushtirishdi.

60-daqiqada Mazraui Vinisiusga yeta olmay qoldi va braziliyalik vinger raqib jarima maydoniga yorib kirib, Benzemaga to‘pni qulay tarzda yetkazib berdi, fransuz hujumchi aniq va kuchli zarba yo‘lladi.

Ziyoshning javobi
O‘tkazib yuborilgan gol «Ayaks»ga ijobiy ta'sir qildi va mezbonlar katta kuch bilan Kurtua darvozasini qamal qila boshlashdi. Vaziyatlardan birida Neres chap qanotdan to‘pni darvoza qarshisida turgan Hakim Ziyoshga uzatdi va hisob tenglashdi. Bu safar hakam vaziyatga aralasholmasdi.

Qarshi hujumlar barchasini hal qiladi

Lekin «Ayaks» durangni saqlab qololmadi. «Real» har doim qarshi hujumlarda kuchli bo‘lgan. Birinchi bo‘limdagi kamdan-kam hujumlar ham xavfli chiqqandi. Ikkinchi bo‘limda esa Modrich yana «Oltin to‘p» sohibiga o‘xshay boshladi, Kroos 40 metr masofalarga krosslar uzata boshladi, Beyl zaxiraga olingach esa darvoza tomon ham zarbalar berdi. 

O‘yinning oxirgi daqiqalarida mehmonlar hal qiluvchi golni urishdi. Hakam de Yongga qilingan folga e'tibor qaratmadi, bu vaqtda esa to‘p bir uzatma bilan zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Marko Asensioga yetkazildi.

Qayd etish kerakki, bu vaziyatda hakam hujum vaqtidagi folga e'tibor qaratmadi - Vaskes o‘z yo‘lidagi de Yongni yiqitib o‘tdi. Bu vaziyatga e'tibor qaratmaslik uchun ham sabab bor - de Yong to‘pdan uzoqda edi va «Real» hujumiga xalaqit bera olmasdi. Lekin birinchi bo‘limda Kurtua ham to‘pdan uzoqdaligi, ya'ni «Ayaks»ning hujumi rivojiga xalal bera olmasligi hisobga olinmasdan Talyafikoning goli bekor qilingandi. Bu yerda zidlik bor. 

O‘yindan keyinoq UYeFA rasmiy saytida Talyafikoning goli nega bekor qilinganiga izoh berildi - Tadich ofsaydda bo‘lgani uchun. Lekin saytda de Yongga ishlatilgan folga e'tibor qaratilmaganiga izoh berilmadi. Bu holat yana «Real» bilan sodir bo‘lmoqda (o‘tgan haftada Madrid derbisidan keyin ham videotakrorlar «Real» foydasiga qarorlar qabul qilgani muhokamalarga sabab bo‘lgandi).

«Real» Amsterdamdan g‘alaba bilan qaytdi, internetda esa Skominaning shaxsiy hayotiga qiziqish kuchaydi, VAR – «Real»ning videoyordamchisiligi haqida hazillar davom etadi.

Mavzuga oid