Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Namanganda yangi vokzal foydalanishga topshiriladi
Namangan temir yo‘l vokzalini yangidan qurish bo‘yicha bunyodkorlik ishlari jadal sur'atlarda olib borilmoqda, deb xabar beradi «O‘zbekiston temir yo‘llari» axborot xizmati.
Qayd etilishicha, 3 qavatdan iborat bino qurilishi «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» aksiyadorlik jamiyati buyurtmasi asosida «Boshtransloyiha» aksiyadorlik jamiyati tomonidan loyihalashtirilgan.
Qurilish-montaj ishlariga «Qurilish universal kompakt servis» mas'uliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari jalb etilgan. Qurilishga 100 nafardan ortiq ishchi-xodimlar va o‘nlab zamonaviy texnikalar jalb etilgan. Ayni kunlarda barcha qavatlarda joylashgan xonalarda qurilish-montaj jarayoni yakunlanib, pardozlash ishlari olib borilmoqda. Perron ham zamonaviy tarzda kengaytirilyapti.
Yangi vokzal ishga tushirilgach, bir vaqtning o‘zida 500 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatiladi. Bu yerda kutish va VIP zallari, ona va bola xonasi, tibbiyot punkti, umumiy ovqatlanish maskani hamda savdo shoxobchalari tashkil qilinadi. Yuqori qavatga ko‘tarilish uchun zamonaviy liftlar o‘rnatiladi. Shuningdek, kutish zallarida yo‘lovchi poyezdlarning qatnov jadvali aks etgan elektron oyna, Wi-Fi internet tizimi, elektron kutubxona joriy etiladi.
Vokzaldagi qurilish ishlari barobarida uning yon tomonida joylashgan «Lokomotiv» mehmonxonasi ham qayta ta'mirlanmoqda. Mehmonxona 5 qavatdan iborat bo‘lib, birinchi hamda ikkinchi qavatlardan vokzalning ma'muriy binosi o‘rin oladi. Temir yo‘l chiptaxonasi ham mehmonxona hududida.
Shuningdek, loyiha doirasida vokzal hududi tubdan obodonlashtirilib, turli xil gul ko‘chatlari va xushmanzara daraxtlar ekilyapti. Bunyod etilayotgan ulkan favvora esa vokzal ko‘rkiga o‘zgacha chiroy baxsh etadi. Bino oldida yozgi ayvon qurilishi bo‘yicha ishlar jadal sur'atda olib borilmoqda, deyiladi xabarda.
Mavzuga oid
22:51 / 27.05.2025
Namangan viloyati hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi
01:49 / 27.05.2025
Namanganda daraxtga urilgan Nexia-3 yonib ketdi. Haydovchi halok bo‘ldi
23:54 / 26.05.2025
Namanganda «So‘nggi qo‘ng‘iroq» vaqtida qizlarning sochi yonib ketdi
17:17 / 22.05.2025