O‘zbekiston | 14:23 / 17.02.2019
12227
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 150 ming oilaga turar-joy zarurligi ma'lum qilindi

Poytaxtda 750 mingga yaqin oila istiqomat qiladi. Shulardan 150 mingiga turar-joy zarur. Bu haqda 16 fevral kuni tashkil etilgan matbuot anjumanida Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiya ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Davron Hidoyatov ma'lumot berdi. 

«2018 yilda 800 ming kvadrat metr uy foydalanishga topshirildi. 2019 yilda esa bu ko‘rsatkich 1 mln. kvadratga yetkazilishi mo‘ljallangan. Faqatgina turar-joy qurilishiga emas, balki ijtimoiy infratuzilma holatini yaxshilashga ham e'tibor qaratmoqdamiz. O‘tgan yili 14ta maktab, 11ta bog‘cha rekonstruksiya bo‘lgan. Bu yilda esa 64ta obektni rekonstruksiya qilishni investitsiya dasturiga kiritganmiz», — deydi u.  

Toshkent shahar hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar, sanoatni, turizmni rivojlantirish va xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sharof Rahmonovga ko‘ra, joriy yilda 64ta mehmonxona, 50ta bog‘cha, 40ta tibbiyot muassasasi qurilishi investitsiya dasturiga kiritilgan. 

«Ichimlik suvi ta'minoti masalasida Fransiya, asfalt va ko‘prik qurilishi bo‘yicha Turkiya korxonalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Shaharni yoritish, transport xizmati, chiqindilar masalasiga ham jiddiy e'tibor qaratilmoqda», — deya qo‘shimcha qildi u.

Shuningdek, anjumanda Toshkent shahri iqtisodiyotining asosi qilib investitsiya mablag‘lari belgilanganligi, 2019 yilda 2,7 mlrd dollar investitsiya jalb qilish rejaga kiritilganligi ta'kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil aprel oyi yakuniga qadar ishlab chiqilishi nazarda tutilgan Toshkent shahri yangi bosh loyihasining konsepsiyasi ustida turk, xitoy va britan kompaniyalari ish olib borayotgani ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid