Jahon | 22:00 / 18.02.2019
48189
8 daqiqa o‘qiladi

Maydondagi jang. 5 yil avval Kiyev markazida nimalar bo‘lgan edi?

Foto: RIA «Novosti /Andrey Stenin

5 yil muqaddam, 2014 yilning 18 fevralidan 21 fevraliga qadar bo‘lgan kunlarda Ukraina poytaxti Kiyev shahrida Yevromaydonning kulminatsion voqealari bo‘lib o‘tgan, namoyishchilar parlamentni qamal qilgach, politsiya bilan to‘qnashuvlar kelib chiqqan va yuzdan ortiq kishi halok bo‘lgandi. Bu voqealar rivoji Ukrainaning o‘sha vaqtdagi prezidenti Viktor Yanukovichning qochib ketishi, Qrim Rossiya tomonidan egallab olinishi hamda Ukraina janubi-sharqidagi qurolli nizolar avj olib, tan olinmagan Donetsk xalq respublikasi hamda Lugansk xalq respublikalari tashkil etishi bilan davom etadi. Quyida o‘sha uch kunlik voqealar xronikasi keltiriladi.

Ukraina va Yevropa ittifoqi o‘rtasidagi assotsiatsiya haqidagi kelishuv o‘sha vaqtdagi hukumat tomonidan to‘xtatib qo‘yilishiga javoban Kiyevda ommaviy namoyishlar 2013 yilning 21 noyabrida boshlangandi. Keyingi bir necha oy davomida namoyishchilar kuch bilan tarqatib turiladi, mitinglar o‘tkazish qoidalari buzilishiga qarshi jazo choralari kuchaytiriladi, Viktor Yanukovich muxolifat vakillari bilan muzokara o‘tkazadi va koalitsion hukumat tuzilishiga ham va'da beradi. Ammo 2014 yilning 18 fevralida vaziyat tubdan o‘zgaradi.

O‘sha kun tongida namoyishchilar Maydondan Oliy rada binosi tomon yurish boshlashadi - tashkilotchilar bu yurishni «tinch hujum» deb atashgan. Ammo bu yurish «maydonchilar» va kuchishlatar tuzilmalar hamda hukumatparast namoyishchilar (titushkilar) o‘rtasidagi jangga aylanib ketadi.

Minglab namoyishchilar Institut ko‘chasi bo‘ylab o‘tishadi, keyin politsiya to‘sig‘ini yorib o‘tib, Grushevski ko‘chasiga chiqishadi, Ukraina hukumati hamda parlament binosi aynan shu ko‘chada joylashgandi.

Bu vaqtda yaqin atrofdagi ko‘chalarda - Shelkovichnaya, Lipskaya ko‘chalari hamda Krepostnoy tor ko‘chasida ham to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan, politsiyachilar hamda «titushkilar» namoyishchilarni chekintirib, avvaliga Grushevski ko‘chasidagi barrikadalarni, keyin esa «maydonchilar» 19 yanvar kunidan buyon qo‘lda tutib turgan «Ognekreshcheniya»ni qo‘lga olishadi.

Mariinsk parkida ham to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tadi va bu yerda ham «maydonchilar»ga qarshi huquq-tartibot organlari «titushkilar» ko‘magida kurash olib borishadi.

O‘sha kungi to‘qnashuvlarda niqoblar taqqan va bitalar tutgan «titushkilar» «maydonchilar»ni surib tashlashadi. Ular o‘qotar qurollar ishlatgani haqida ma'lumotlar mavjud.

O‘shanda namoyishchilar Lipskaya ko‘chasidagi Regonlar partiyasi ofisiga yonilg‘i to‘ldirilgan idishlar uloqtirishgan va bu yerda katta yong‘in yuzaga kelgandi. Yong‘in oqibatida ofis xodimi halok bo‘ladi.

O‘sha kuni kechqurun politsiyachilar namoyishchilarni Maydon ichkarisidagi hukumat kvartallaridan ham siqib chiqarishadi, Institut ko‘chasidagi barrikadalarni yakson etishadi. Hukumat tomonidan aksilterror amaliyoti deb nomlangan qamal boshlanadi.

Barrikadalarga o‘t qo‘yiladi. Maydondagi lager va namoyishchilarning gospitaliga aylantirilgan Kasaba uyushmalari uyi olov ichida qoladi.

18 fevral kuni Maydonda va uning atrofida ro‘y bergan to‘qnashuvlar vaqtida 18 faol halok bo‘lib, 500dan ortiq kishi jarohat oladi.

19 fevralga o‘tar kechasi Maydonda qarama-qarshilik davom etardi. Tongda namoyishchilarga viloyatlardan qo‘shimcha kuchlar yetib keladi, ular avvalgi pozitsiyalarni qaytarib olishga kirishadi.

Qamaldan keyin muxolifat yetakchilari yana bir marta Ukrainaning o‘sha vaqtdagi prezidenti Viktor Yanukovich bilan muzokaralarga borishadi. Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, ular Maydon boshqa qamal qilinmasligi, tinchlik sulhi tuzilganini ma'lum qilishadi.

Rasmiy manbalarga ko‘ra, 18 fevraldan 19 fevralga o‘tar kechasi 17 nafar «maydonchi» halok bo‘lgan, 200 nafardan ortig‘i jarohatlangan. «YevromaydanSOS» jamiyati faollari o‘nlab kishilar bedarak yo‘qolgani haqida ma'lumot berishgan.

20 fevralga o‘tar kechasi Maydondagi vaziyat ko‘rinishidan tinch edi. Ammo tongda Institut ko‘chasida yana tartibsizlik boshlanadi.

Shundan keyin «Berkut» (Ukraina Ichki ishlar vazirligining maxsus bo‘linmalari) va harbiylar Maydonni tashlab keta boshlashadi. Namoyishchilar buni Institut ko‘chasi bo‘ylab oldinga harakatlanish uchun imkoniyat sifatida baholashadi.

Faollar olg‘a intilishadi va o‘qlarga duchor bo‘lishadi. Bir lahzada o‘nlab kishilar qurbon bo‘ladi.

Bu vaqtda Maydondagilar Kasaba uyushmalar uyida chiqqan yong‘inni bartaraf etishgandi. Maydonga esa respublikaning turli hududlaridan avtobuslarda yangi kuchlar kelib qo‘shilishi davom etardi. Maydondagi sahnada Institut ko‘chasida ro‘y bergan qonli voqea haqida e'lon qilishadi. «Yevramaydan» qurollana boshlaydi.

O‘sha kuni Kiyevga Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi kelgan, ular tomonlarni yarashtirib qo‘yish uchun muzokaralar boshlashgandi. Kun davomida va keyingi kunda ham Germaniya, Fransiya va Polshadan kelgan vazirlar muxolifat yetakchilari hamda Viktor Yanukovich bilan muloqot qilishadi.

Muzokaralar davom etayotgan pallada Institut ko‘chasida o‘nlab kishilar o‘qqa uchgandi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, o‘sha xunrezlik vaqtida 48 nafar namoyishchi halok bo‘lgan.

21 fevral tongida Viktor Yanukovich muddatidan avvalgi prezidentlik saylovlari o‘tkazilishiga tayyor ekani haqida ma'lumot tarqaldi.

O‘sha kuni kuch ishlatar tuzilmalar va maxsus texnikalarning aksar qismi hukumat kvartallaridan olib ketildi. Kun yarmida prezident va muxolifat rahbarlari YeI delegatsiyasi hamrohligida inqirozdan chiqish haqidagi kelishuvni imzolashadi, unga ko‘ra 2004 yilgi Konstitutsiyani qaytarish, muddatidan avvalgi saylov hamda Maydondagi voqealar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazish ko‘zda tutilgandi. 

O‘sha kuni kechqurun Maydondagilar qurbonlar bilan vidolashadi, ularni «Samodagi yuzlik» deb atashgandi.

Siyosatchilarning chiqishlarini namoyishchilar norozilik hayqiriqlari bilan qarshilashadi. Vitaliy Klichkoning nutqini namoyishchilarning yetakchilaridan biri Vladimir Parasyuk to‘xtatib qo‘yadi, u Yanukovich iste'foga chiqmasa, faollar qurolli hujum boshlashini ma'lum qiladi. Uning bu so‘zlarini yig‘ilgan minglab kishilar qo‘llab-quvvatlaydi. «O‘ng sektor» qurollarni topshirmasligi va keyingi voqealar rivoji uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga olishini bildiradi.

Namoyishlar davom etayotgan chog‘da Viktor Yanukovich qo‘riqchilar hamrohligida avval Xarkovga uchadi, keyin Qrim orqali Rossiyaga qochib ketadi.

Turli baholarga ko‘ra, 2014 yilning 18 fevralidan 20 fevraligacha Maydonda 80dan ortiq namoyishchi halok bo‘lgan. Ularning yoshi eng kichigi 17 yoshli Nazar Voytovich, yoshi eng kattasi 83 yoshli Ivan Nakonchniy bo‘lgan.

20 fevraldan keyin jarohatlar tufayli yana 20 nafardan ortiq kishi vafot etgan. Shu tufayli «Samodagi yuzlik» atamasi kelib chiqqan.

Quyidagi fotogalereyada o‘sha uch kunning eng dahshatli kadrlari keltiriladi.

Foto: RIA «Novosti /Andrey Stenin
Foto: RIA «Novosti /Andrey Stenin
Foto: RIA «Novosti /Andrey Stenin
Foto: REUTERS
Foto: REUTERS
Foto: REUTERS
Foto: REUTERS
Foto: REUTERS
Foto: REUTERS
Foto: RIA «Novosti /Andrey Stenin
Foto: RIA «Novosti /Andrey Stenin
Foto: RIA «Novosti /Andrey Stenin
Foto: RIA «Novosti /Andrey Stenin

Mavzuga oid