Jamiyat | 17:20 / 19.02.2019
76073
6 daqiqa o‘qiladi

Qishloqda bir tun. Tashqi dunyodan uzilgan shahrixonliklar

Aholi murojaatlari qish faslida ko‘paygandan ko‘payadi. Vodiyga navbatdagi safar davomida o‘nlab murojaatlar o‘rganildi.

Shunday murojaatlardan birini Andijon viloyati, Shahrixon tumanidagi Soxiobod mahallasi kishilari yo‘llagan edi. Unda qishloqda kundalik hayot uchun zarur narsalar yo‘qligi aytilgandi. «Qishloqda bir tun» loyihasining navbatdagi soni shu yerda olindi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Qishloq yo‘lining holati maymunlar yig‘lagudek. Bizni mezbon Komiljon Ahmedov kutib oldi. Bu xonadonda dastlab ishni ertalabki mashg‘ulot – mol-qo‘ylarga yem berishdan boshladik. Yo‘qsa, «to‘rt oyoqli do‘stlar» umuman tinchlik bermasligi haqida ogohlantirishdi. Bu «muammo»ni hal etganimizdan so‘ng, endi o‘zimizning eng asosiy g‘amimizni hal qilishga, ya'ni o‘tin qilishga kirishdik.

O‘tin qilish jarayoni – sog‘liq uchun ham juda foydali mashg‘ulot bo‘lib, vazn yo‘qotishda juda qo‘l kelar ekan. Shaharlarda buning uchun maxsus fitness klublar ochishsa, qishloqlarda bunga hojat yo‘q, ozish uchun barcha «sharoit»lar muhayyo.

Navbatdagi ish – ichimlik suvi olib kelish. Bu mahallada na suv quvuri, na artezian qudug‘i bor edi. Bu yerda odamlar suvni ariqdan ichishlari ma'lum bo‘ldi. Ularning ota-bobolari ham ariqdan suv ichishgan, shu sababli ariq suvi juda toza saqlangan degan tushuncha mavjud. Lekin aslida ariq suvi ajdodlar davridagidek toza emasdi. Majbur bo‘lib ariq suvi bilan chelaklarni to‘ldirdik.

Kech tushmasdan hayotning ko‘p saboqlarini olishga ulgurdik. Tunni shu yerda o‘tkazishimiz haqida oilamizdagilarni xabardor qilmoqchi bo‘lgan edik, qarangki, bu yerda mobil aloqa antennalari ham chiqmas ekan. Shu payt bizni kuzatib turgan kishilardan biri «muxbir aka, biz zamonaviy Robinzonlarmiz» deb qoldi. Ha, bu yerda taraqqiyot vakiliman deyish uchun kerakli sharoitlarning loaqal birortasi yo‘q.

Qosh qorayishi bilan mezbonimiz bizni dasturxonga bir piyola choy ustida suhbatga chorladi.

«Muxbir aka, uylardagi holatni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingiz. Biz bu masalada ko‘p marta murojaat qilganmiz. Prezident portaliga ham yozdik. Tekshiruvchilar kelganida, boshqa mahallani ko‘rsatib, «hammasi yaxshi» deb jo‘natib yuborishibdi. Bu – prezidentni aldash degani. Bosh prokuraturaga ham yozgandik, ularni ham sekingina kuzatib yuborishdi, shekilli, keyin jimib ketdi. Elektr uchun simyog‘ochni o‘zimiz olib kelganmiz. Virtual portalga arizamiz holati haqida bilmoqchi bo‘ldik. Portalda bizning murojaatga javoban tuman hokimiyatining javob xati yuborilgan ekan», deya mezbon qo‘limizga bir javob xatini tutqazdi.

Unda ko‘pgina xatolar bor edi. Hokimiyat vakillari qanday qilib shunday qo‘pol xatolarga qo‘l urishi mumkin? Tag‘in qo‘rqmasdan prezident portaliga jo‘natishgan uni.

Shundan so‘ng «qo‘rqinchli tun» boshlandi. Bisotimizda o‘tinlarimiz bor-ku, deya xotirjam edik. Lekin bu o‘tinlar maxsus yoqish uchun tezak bilan ishlatilmasa, darrov adog‘i ko‘rinar ekan.

Tuni bilan ikki marta uyg‘ondik. Bir marta o‘tin solish uchun turganimizda, tok ham o‘chib qoldi. Pechka kavlashga majburmiz, yo‘qsa xona soviydi, qalin ko‘rpalar ham kor qilmay qoladi. Mezbonimizning so‘zlariga ko‘ra, uyni isitish uchun faqat o‘tin va tezak asosiy yoqilg‘i bo‘lib, qishloqqa ko‘mir ham kelmaydi.

Amallab tong ottirdik-ku, lekin sherigimning issig‘i chiqib ketdi...

Ertalab xayrlashishga taraddudlanib turganimizda eshik ochilib, hokimiyat vakili ichki ishlar xodimlari bilan kirib qoldi. Jurnalistika qoidalariga ko‘ra, doimo ikkinchi tomonni eshitish lozim. Biroq bu holatda kimnidir eshitish ham shart emasdi. Bir kunlik hayotimiz hammasi uchun dalil edi. Bir kun yashab shu holga tushdik. Yillar davomida qishloqda shu holatda sabr bilan yashayotgan odamlarga juda achindik. Axir, ular ham bizning vatandoshlarimizku? Qishloq bolalari orzulari yo‘lida harakat qilish, o‘qish-o‘rganish o‘rniga kamida uch oy pechkaga yoqish uchun o‘tin g‘amlash va uni qalash bilan ovora. Ayni shu vaqtda esa biz erishilgan yutuqlarga mahliyo bo‘lishda davom etyapmiz.

Bahodir Ahmedov

Mavzuga oid