O‘zbekiston | 18:43 / 22.02.2019
31862
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazirga yangi maslahatchi tayinlandi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Abrol Jabarovich Vahobov Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi. 

Abrol Vahobov 2016 yildan beri qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi. U 2008—2016 yillarda Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va iste'mol tovarlari axborot-tahlil departamentining oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish sho‘'basiga rahbarlik qilgan.

Eslatib o‘tamiz, bosh vazirning ikki maslahatchisi lavozimi Prezident Shavkat Mirziyoyevning yanvar oyi oxiridagi qarori bilan joriy etilgan edi. Xuddi o‘sha hujjat bilan bosh vazir o‘rinbosarlari soni sakkiz nafardan besh nafargacha qisqartirilgan.

O‘shanda hukumat qarori bilan Alisher Sultanovga bosh vazirning yoqilg‘i-energetika sohasi va sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi vazifasini bajarish yuklangandi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil oktyabrida ishdan bo‘shatilgan Zoyir Mirzayev o‘rniga O‘zbekiston bosh prokurori Otabek Murodov Agrosanoat sohasiga vaqtincha mas'ul etib tayinlangandi.

Mavzuga oid