Jamiyat | 08:03 / 22.02.2019
38882
2 daqiqa o‘qiladi

XTV maktabga pnevmatik avtomat bilan kelgan o‘quvchi yuzasidan bayonot berdi

2019 yil 20 fevral kuni Toshkent shahri, Yunusobod tumanidagi 5-sonli umumta'lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi sumkasidan MINI UZI IWI pnevmatik avtomat topilgani haqidagi xabar berilgandi.

Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, mazkur holat maktabning ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari tomonidan aniqlangan va maktab ma'muriyati mazkur holat bo‘yicha Yunusobod tuman IIBga murojaat qilgan. Qo‘shimcha surishtiruv ishlarini olib borish uchun Yunusobod tuman IIBga o‘quvchi va uning ota-onasi chaqirtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1996 yil 27 fevraldagi 3-son qarori 2-bandiga muvofiq, pnevmatik qurol o‘qotar qurolga kirmasligi to‘g‘risida tushuncha berilgan va mamlakatimizda pnevmatik qurollar savdosiga hech qanday cheklov o‘rnatilmagan, deyiladi vazirlik xabarida.

Qayd etilishicha, vazirlik tomonidan maktab rahbarlariga ota-onalar bilan majlislar o‘tkazib, bunday holatlar yuzaga kelmasligi uchun tushuntirish ishlarini kuchaytirish yuzasidan topshiriqlar berilgan.

“Xalq ta'limi vazirligi ota-onalarni farzandlariga jamoat joylarida, jumladan, maktab hududiga bu kabi buyumlarni olib kelmasligi haqida tushuntirishlar berishga chaqiradi”, - deyiladi xabarda.

Mavzuga oid