Jahon | 13:37
2079
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina xorijdan qurol xaridlarida 770 mln yo‘qotdi

Rossiya hujumi tufayli Ukraina zudlik bilan chet eldan qurol sotib olishga majbur bo‘ldi. Kamida 30 ta bitimda Kiyev yetkazib beruvchilar bilan bog‘liq muammolar va korrupsiya tufayli qurol olmadi.

Foto: The Presidential Office Ukraine/SvenSimon/picture alliance

Rossiyaning keng ko‘lamli hujumi Ukrainani zudlik bilan va katta miqdorda chet eldan qurol va o‘q-dorilarni sotib olishga majbur qildi. Ammo tuzilgan shartnomalarning hammasi ham bajarilmadi – u xorijlik yetkazib beruvchilarning harakatlari va o‘z tuzilmalarida yuzaga kelgan korrupsion sxemalar tufayli kamida 30 ta oldindan to‘lov bitimlari bo‘yicha qurol olmadi, deb yozadi Britaniyaning The Financial Times (FT) gazetasi 16 may, juma kuni surishtiruv natijalariga ko‘ra.

Jurnalistlar aniqlaganidek, uch yildan ortiq davom etayotgan urush davomida Ukraina chet ellik savdogarlarga yetkazib berilmagan, qisman yetkazib berilgan yoki yaroqsiz bo‘lib qolgan har xil turdagi qurol va o‘q-dorilar uchun avans sifatida 770 million dollar to‘lagan. Bu Ukrainaning yillik qurol-yarog‘ budjetining muhim qismi bo‘lib, 6-8 milliard dollarni tashkil etadi, deya yozadi FT.

Ukraina huquq-tartibot idoralari xorijiy qurol-yarog‘ brokerlari bilan tuzilgan o‘nlab shartnomalarni tekshirmoqda. Ayrim hollarda xaridlar bilan shug‘ullangan mansabdor shaxslarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa-da, hozircha ularning birortasiga nisbatan ayblov qo‘yilmagan.

Jinoiy tergov, xususan, Ukraina Mudofaa vazirligining Harbiy-texnik siyosat, qurol-yarog‘ va harbiy texnikani rivojlantirish departamentini boshqargan Toomas Naxkur va Aleksandr Liyevga qaratilgan. Ular, shuningdek, «Lvovskiy arsenal» kompaniyasi menejerlari va xorijiy firma vakili Xorvatiyadan Ukraina Qurolli kuchlari uchun 100 ming dona minomyot snaryadi sotib olish vaqtida budjet mablag‘laridan deyarli 1,5 milliard grivna (36,2 million dollar) o‘g‘irlashga uringanlikda gumon qilinmoqda. Aytilishicha, 12,5 million dollar avans to‘lovi turli vositachilar tomonidan ta’minot zanjiriga aloqador bo‘lmagan faoliyatga sarflangan.

Naxkur va Liyev qonunbuzarliklarni rad etib, o‘z mamlakatlari omon qolish uchun kurashayotgan bir vaziyatda qurol va o‘q-dorilarni har qanday yo‘l bilan topish uchun doimiy bosim ostida ekanliklarini aytishdi.

Mavzuga oid