O‘zbekistonda yangi agentlik tashkil etilishi kutilmoqda
26 fevral kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida «O‘zbekistonda biogaz qurilmalarini keng joriy qilish va mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish» masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan mazkur davra suhbatida soha olimlari, biogaz yoqilg‘isi qurilmalarini yetkazib beruvchi tadbirkorlar, shuningdek, OAV vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda ishtirokchilar tomonidan biogaz yoqilg‘isining ahamiyati, uni ishlab chiqarish texnologiyalari, mazkur sohada jahon tajribasi va O‘zbekistonda biogaz ishlab chiqarish muammolari muhokama qilindi.
Ta'kidlanganidek, tabiiy gaz tugallanmas manba emas. Taxminlarga ko‘ra, O‘zbekiston tabiiy gazi ham hozirgi iste'mol darajasi bilan hisoblaganda 40-45 yillik zaxiraga ega. Shu sababli, olimlar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiya manbaalariga muqobil yoqilg‘i manbalarini topish dolzarb masala hisoblanadi. Biogaz esa nisbatan arzon ekologik yoqilg‘i sifatida chorvachilik, parrandachilikning qattiq, maishiy va suyuq chiqindilari, o‘simlik qoldiqlari, oqova suv va boshqa manbalardan olish mumkinligi bilan tabiiy gazga muqobil yoqilg‘i hisoblanadi.
«Hech kimga sir emas, respublikadagi juda katta maydonlarimiz degradatsiyaga uchragan, yerning egasi fermer ham buni yaxshi biladi. Biroq, har yili yerga tonnalab selitra kiritilaveradi, chunki hosil topshirish rejasi bor. Tasavvur qiling, agar o‘sha fermer xo‘jaligida biogaz va uni olish jarayonida olinadigan bioo‘g‘itdan foydalanishni joriy qilishga erishsa ham yoqilg‘i, ham o‘g‘it xarajatidan yutiladi-ku, shuningdek, yerlarning sifati ham yaxshilanadi», - deydi Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti o‘qituvchisi Shavkat Imomov.
Biogaz texnologiyalarini joriy qilishda avvalo undan foydalanuvchilarning bilimini oshirish zarur. Shuningdek, biogaz texnologiyalarini joriy qilishda O‘zbekiston hukumati tomonidan uni joriy qiluvchi fermer va tadbirkorlar uchun ma'lum yengilliklar ham berilishi lozim. Bir so‘z bilan aytganda, biogaz bu - kelajak», - deya mutaxassisning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Davra suhbatida, Innovatsion rivojlanish vazirligi Yoqilgi energetika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Sanjar Berdiyev ham o‘z fikrlarini bildirdi. Xususan, Berdiyevning aytishicha, O‘zbekistonda biogaz, umuman, qayta tiklanuvchi energiya manbalari yoqilg‘isi ishlab chiqarishni kengaytirish va ushbu jarayonda foydalaniladigan texnologiyalarning sifat nazoratini amalga oshirish uchun yagona vakolatli organ – Qayta tiklanadigan energetika agentligini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Mazkur agentlik respublikada qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ishlab chiqarish, iste'molga joriy qilish ishlarini amalga oshiradi. Hozirda vazirlik va tegishli tashkilotlar bilan bu borada qilinishi lozim bo‘lgan ishlar hal etilmoqda, deydi vazirlik vakili.
Mavzuga oid
16:57 / 25.10.2024
Talabalar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha davra suhbatlari o‘tkazilmoqda
18:53 / 30.09.2019
O‘zbekistonda ochiq ma'lumotlar bazasidan foydalanishdagi muammolar ma'lum qilindi
18:56 / 14.12.2018
Jurnalist qachon ichki senzuradan qutuladi?
19:45 / 01.12.2017