O‘zbekiston | 16:00 / 27.02.2019
71697
4 daqiqa o‘qiladi

«Qiynoqlar tugagan». «Jasliq» mahkumi bilan uchrashuv haqida

Foto: Abdurahmon Tashanov

25 fevral kuni O‘zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov «Jasliq»qa borib mahkum Iskandar Xudoyberganov bilan uchrashdi. U Kun.uz muxbiri bilan suhbatda uchrashuv tafsilotlari haqida aytib berdi.

«Iskandar Xudoyberganov bilan uchrashish uchun bildirilgan murojaat paysalga solinmay, o‘z vaqtida ko‘rib chiqildi. Men uchrashuvni belgilashda qiyinchiliklarga duch kelmadim. Xudoyberganov bilan suhbatimiz taxminan 40 daqiqa davom etdi», – deydi inson huquqlari faoli. 

Foto: Abdurahmon Tashanov

1974 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan Iskandar Xudoyberganov 2002 yil 28 noyabr kuni Toshkent shahar sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 155-moddasi 3-qismi («Terrorizm»), 156-moddasi 2-qismi («Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish»), 159-moddasi 4-qismi («O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish»), 161-moddasi («Qo‘poruvchilik»), 242-moddasi 2-qismi («Jinoiy uyushma tashkil etish»), 247-moddasi 3-qismi («O‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda egallash»), 248-moddasi 1-qismi («Qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalariga qonunga xilof ravishda egalik qilish»)da ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda ayblanib o‘lim jazosiga hukm qilingan, keyinroq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ajrimiga asosan hukm o‘zgartirilib, 25 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Xudoyberganov belgilangan jazoni O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi tizimidagi 64/71-sonli («Jasliq») muassasasida o‘tamoqda. 

Abdurahmon Tashanovning aytishicha, mahkumga nisbatan qiynoqlar ishlatilayotgani, uning sog‘lig‘i og‘irlashib, yashash sharoiti qiyinlashgani kabi asossiz tarqatilgan xabarlar uchrashuvda o‘z tasdig‘ini topmadi. 

Foto: Abdurahmon Tashanov

«Xudoyberganov so‘nggi ikki yilda umuman qiynoqlar qo‘llanilmayotgani, unga nisbatan kuch yoki bosim ishlatilmaganini bildirdi. Men uning so‘zlariga shunchaki ishonmadim, barcha tafsilotlarni birma-bir so‘radim. Mening nazarimda, u haqiqatan ishonchli gapirdi. Ovqatlanish ratsionini tasvirlab berishini so‘ragandim, aldamay, rostini aytdi. Masalan, uchrashuvga qadar sho‘r bodring, pishirilgan lavlagidan salat, grechka, tuxum va perlovkadan pishirilgan ovqat berilganini aytdi. U ko‘pgina non o‘rtaga to‘g‘rab qo‘yilganini aytdi», – deydi Abdurahmon Tashanov.

Avvalroq, Ichki ishlar vazirligi go‘yoki I.Xudoyberganovning ahvoli og‘irlashgani haqida tarqalgan xabarni rad etib, munosabat bildirgandi. 

«Uning sog‘ligi qoniqarli darajada bo‘lib, statsionar yoki ambulator tartibda davolanishga muhtoj emasligi, u barcha mahkumlar qatori jazo muddatini o‘tayotganligi bildirilgan», – deyiladi IIV munosabatida.

Tashanovning ta'kidlashicha, mahkum tishlarini davolagan, shuningdek, prostata bezi kasalligiga qarshi muolaja olgan. 

«Albatta, uning tibbiy kasalliklar varaqasini ko‘rmadim, ammo tishlari o‘rtamiyona yangi qo‘yilganiga guvohman. Uning ahvoli yotib davolanadigan bemor holida emas. Men ko‘p yillik tajribamga asoslanib aytishim mumkinki, Iskandar Xudoyberganov haqiqatni yashirmay, rost gapni aytdi. Uning yolg‘on gapirishdan maqsadi ham yo‘q, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan shaxs ochiq gaplarni ayta oladi», – deb qo‘shimcha qildi Tashanov. 

O‘zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati raisi ma'lum qilishicha, mahkum jazoning 2/3 qismini o‘tagani va boshqa vajlarni keltirib, Oliy sudga ariza bilan murojaat qilgan.

Mavzuga oid