O‘zbekiston | 14:07 / 05.03.2019
25901
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Turkiyaga tashrif buyurishi kutilyapti

Foto: Anadolu

Turkiyaning Toshkentdagi elchisi Mehmet Sureya Er Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 27 yil to‘lishi munosabati bilan matbuot vakillariga bayonot berdi. 

Elchi ikki yurt o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilishini ko‘zda tutgan Protokolning 1992 yil 4 mart kuni imzolangani, bu sanadan so‘ng o‘tgan 27 yil mobaynida ikki davlat munosabatlarining “Strategik hamkorlik” darajasiga erishishi ikkala qardosh mamlakat uchun ham iftixor manbai ekanini bildirdi. 

Mehmet Sureya Er

Muhtaram Prezidentimizning 2018 yil 30 aprel kuni O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Oliy Majlisiga murojaatida ham ifoda etganlaridek, O‘zbekistonning 1991 yil 31 avgust kuni o‘z mustaqilligiga yana bir bora erishishi xuddi o‘zbek qardoshlarimiz singari turk xalqi uchun ham buyuk iftixor manbai bo‘ldi. Keyingi jarayonlarda turk Hukumatlari O‘zbekistonning kuchayib, rivojlanishiga xayrixoh bo‘la olish uchun butun imkonlarini safarbar qildilar”, – deydi elchi.

Oradan o‘tgan 27 yil mobaynida ikki yurt o‘rtasida ko‘pgina sohada yuzdan ortiq bitimlar imzolanganini yodga olgan elchi 1996 yilda imzolangan “Abadiy do‘stlik va hamkorlik” Bitimining hozirgi kunda ham o‘z qadri va mazmunini saqlab qolganini, Bitimning o‘z nomi bilan, aslida abadiy bo‘lmish do‘stlikning ahdnomasi xususiyatiga ega ekanini aytib o‘tdi.  

Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va qardoshlik haqi ikki yurt munosabatlarining “Strategik hamkorlik” darajasiga yetishida muhim rol o‘ynaganini belgilagan elchi: “2017 yil oktabr oyida janob Sh.M.Mirziyoyevning davlatimizga amalga oshirgan tashrifi va muhtaram Prezidentimizning o‘tgan yil aprel oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan tashriflari ikki davlat munosabatlari jihatidan tarixiy burilish nuqtasi bo‘lib xizmat qildi” – dedi.

Bundan tashqari, u O‘zbekistonning 33 milliondan ortiq yosh va dinamik aholisi, boy tabiiy manbalari va barakali zamini hamda boshqa Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘oniston bilan  chegarasi bo‘lmish yagona davlat ekani xususiyati bilan Markaziy Osiyoning yuragida strategik ahamiyatga molik yurt ekanini, prezident Mirziyoyevning uzoqni ko‘ra olish qobiliyati bilan yuritayotgan yetakchiligida amalga oshirilayotgan islohotlarning ham ijobiy ta'siri bilan O‘zbekiston mintaqaviy tinchlik, xavfsizlik, barqarorlik va farovonlikning o‘rnatilishi borasida tashlayotgan bunyodkor qadamlarning ham bizning davlatimizda, ham xalqaro hamjamiyatda yaqindan  kuzatib borilayotganini bildirdi.

Prezident Erdo‘g‘anning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida tuzilishi haqida kelishib olingan Strategik hamkorlik oliy kengashi 1-yig‘ilishida ishtirok etish uchun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yilda Turkiyaga tashrif buyurishi ko‘zda tutilayotganini bildirgan elchi mazkur Oliy kengash yig‘ilishining O‘zbekiston bilan ko‘pgina sohada davom etib kelayotgan hamkorlikni strategik sheriklik istiqboli orqali chuqurlashtirishini, Turkiyaning insonparvar va tashabbuskor tashqi siyosati maqsadlari doirasida Markaziy Osiyo va uning tashqarisida tinchlik, xavfsizlik, barqarorlik va farovonlikning bardavom bo‘lishida O‘zbekiston bilan yaqindan ishlashni davom ettirishini ifodalab o‘tdi.

Mavzuga oid