Yuk temiryo‘l stansiyalari poytaxt hududidan ko‘chirilishi mumkin
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 may kuni temir yo‘llarni rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Qayd qilinishicha, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tarkibiy jihatdan o‘zgartirilib, nosohaviy bino, yondosh yer va ortiqcha vazifalar qisqartirildi. Natijada ilgari zarar bilan ishlagan kompaniya o‘tgan yili 47 milliard so‘m sof foyda bilan chiqdi. «Temiryo‘lkargo» kompaniyasi tashkil etilgach, yuk vagonlaridan foydalanish samaradorligi 2 karra oshdi.
Taqdimotda soha infratuzilmasini rivojlantirish va daromadni oshirish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, tranzit yuklarini tashish quvvatidan to‘liq foydanilmayapti. Buni kelgusi yillarda 40 foizga oshirish orqali daromadni 2 karra ko‘paytirish mumkin.
Masalan, ilk bor Xitoy – Turkiya yo‘nalishi bo‘yicha yuk poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Yangi poyezdlar keltirilmoqda, qatnovlar yildan yilga ko‘paymoqda. Shu bois temir yo‘l infratuzilmasi o‘tkazuvchanligini izchil oshirib borish zarurligi ta’kidlandi.
Bu masala, ayniqsa, Toshkent atrofida dolzarb. Hozir tashqi yuklarning 70 foizi «Chuqursoy» stansiyasi orqali tashilmoqda. Ba’zan bunga bir necha kun vaqt sarflanib, ortiqcha xarajat va navbatga sabab bo‘layapti.
Shu bois yuk stansiyalarini poytaxt hududidan tashqariga chiqarish, Yangiyo‘l tumani va Yangi Toshkent yaqinida yirik stansiyalar barpo etish taklif qilindi. Shuningdek, poytaxtni aylanib o‘tuvchi «Ozodlik – Yangiyer» temiryo‘li qurilishi ko‘zda tutilgan. Natijada Farg‘ona vodiysi bilan boshqa viloyatlar o‘rtasidagi yuk tashuvlari Toshkent shahriga kirmasdan amalga oshiriladi.
Yangi loyihalardan yana biri Samarqand – Urgut yo‘lidir. Hozir ishlar boshlanib, 7 kilometr temir izlar yotqizilgan. Bu yo‘nalish uzunligi jami 54 kilometr bo‘lib, 2 ta vokzal, «Urgut» iqtisodiy zonasida 2 ta yuk stansiyasi quriladi.
Vokzallarga kirib-chiqish tartibi, xizmatlar sifati masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Yo‘lovchilar harakatiga qulaylik yaratish, turistlar uchun sharoitni yaxshilash, avtoturargohlarni kengaytirish vazifalari qayd etildi.
Mutasaddilar, shuningdek, elektropoyezdlar olib kelish, xizmat sifatini yaxshilash rejalari bo‘yicha axborot berdi.
Mavzuga oid

21:22 / 27.05.2025
2025 yilda 1619 km ichimlik suvi tarmoqlarini tortish rejalashtirilgan

18:30 / 27.05.2025
Shavkat Mirziyoyev YUNISEF ijrochi direktori bilan uchrashdi

12:30 / 27.05.2025
Mebel mahsulotlari xomashyosi uchun boj stavkasi 1 foiz etib belgilanadi

12:26 / 26.05.2025