O‘zbekiston | 10:09 / 08.03.2019
11401
3 daqiqa o‘qiladi

Furqat Sidiqov Pokiston prezidenti bilan uchrashdi

Foto: TIV axborot xizmati

2019 yilning 4 mart kuni Pokiston Islom Respublikasi prezidenti Arif Alvi «Ayvani-Sadr» qasrida O‘zbekiston elchisi Furqat Sidiqovni qabul qildi.

TIV xabariga ko‘ra, Pokiston rahbari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligi ostida olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni hamda mamlakatdagi huquqiy va institutsional o‘zgarishlarni yuqori baholagan.

Prezident O‘zbekiston rahbariyatining mintaqada yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga yo‘naltirilgan tashqi siyosiy tashabbuslarini, ayniqsa uning Afg‘onistonda barqaror tinchlikka erishish borasidagi sa'y-harakatlarini Pokiston tomoni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini e'tirof etdi. 

Pokiston, shuningdek, mamlakatning xavfsizlik xalqaro terrorizmga qarshi kurashish masalalari, mintaqaviy mushtaraklikni rivojlantirish, transport infratuzilmalari va energetik hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha mavqeyiga sherik bo‘lishini va ularni qo‘llab-quvvatlashini ham tasdiqladi.

Pokiston yetakchisi mamlakatlar o‘rtasidagi savdo aylanmasining dinamik o‘sayotganligini mamnuniyat bilan qayd etib, 2018 yilda O‘zbekiston o‘zi rahbarlik qilayotgan davlatining Markaziy Osiyodagi yetakchi iqtisodiy sherigiga aylanganiga e'tiborni qaratdi. O‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali ikki tomonlama aloqalarni yanada chuqurlashtirishga tomonlarda qiziqish borligi o‘z tasdig‘ini topdi.

Ikki mamlakat hududlari, ayniqsa buyuk Boburiylarning tarixiy me'rosi bir-biriga bog‘lab turuvchi Panjob provinsiyasi va Namangan viloyati o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlariga alohida qiziqish bildirildi.

«Boy tarixga ega O‘zbekiston buyuk islomiy mutafakkirlarning vatanidir. Shu sabab mening vatandoshlarim qalbida mamlakatingizga nisbatan o‘zgacha hurmat va qiziqish bor», - deya ta'kidlagan Pokiston prezidenti.

Bir vaqtning o‘zida Islom hamkorlik tashkilotining (IHT) Fan va texnologiyalar bo‘yicha qo‘mitasiga raislik qilayotgan prezident Arif Alvi mazkur Qo‘mitaning O‘zbekiston bilan faol va samarali hamkorlik qilishga, avvalo 2020 yilda Toshkent shahrida Fan va texnologiyalar bo‘yicha Ikkinchi IHT sammitini o‘tkazish doirasida birgalikda ishlashga tayyor ekanligini tasdiqladi.

Uchrashuv yakunida Pokiston prezidenti O‘zbekiston prezidentiga o‘zining samimiy hurmatini yetkazib qo‘yishni so‘radi va mamlakat rahbariga keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishida muvaffaqiyat tiladi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid