Superliga prevyusi: Samarqandda qo‘shnilar to‘qnashuvi, Olmaliqda Qosimov Ashurmatovga qarshi
Bugun, 9 mart kuni O‘zbekiston Superligasida 1-turning ikki o‘yini o‘tkaziladi. Kunning markaziy o‘yini Samarqandda kechadi. Yuqori divizionga qaytgan «Dinamo» qo‘shni Qashqadaryo viloyatining «Nasaf» jamoasini qabul qiladi. «Buxoro» esa O‘zbekiston Kubogi sohibi OKMK mehmoni bo‘ladi.
«Dinamo» - «Nasaf»
Boshlanish vaqti: 16:00.
Samarqandning «Dinamo» klubi yangi mavsumni Pro-Ligada boshlashga tayyorlanayotgandi. Lekin klub o‘zi uchun ham kutilmaganda mavsumni Superligada boshlashi aniq bo‘ldi. «Dinamo» 2017 yil qanday tushunarsiz tarzda yuqori diviziondan tushirib yuborilgan bo‘lsa, 2019 yil xuddi shunday tushunarsiz tarzda yuqori divizionga qaytarildi. Samarqandliklar Superligada debyut qilishadi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki jamoa Ilhom Sharipov murabbiyligida quyi ligaga tushib ketganida chempionatimiz bunday jarangli nom bilan atalmas edi. U vaqtlar yuqori divizionimiz shunchaki Oliy Liga deyilardi.
«Dinamo» safida o‘zgarishlar ko‘p bo‘lmadi. Mavsum oralig‘ida jamoaning asosiy transferi hujumchi Vohid Shodiyev bo‘ldi. O‘z vaqtida terma jamoa safida o‘ynagan tajribali futbolchi o‘tgan mavsumni Pro-Liga vakili «Mash'al»da o‘tkazgandi. «Dinamo» Superligaga chiqishi aniq bo‘lgach yana ikki futbolchi jamoani to‘ldirdi. 23 yoshli terma jamoamiz bilan Osiyo chempioni bo‘lgan darvozabon Botirali Ergashev endilikda Samarqand klubida o‘ynaydi. Jamoa safida Shohrux Eshbo‘tayev kabi yaxshi darvozabonning borligini inobatga olsak, bu borada yaxshigina raqobat paydo bo‘lgan.
Bundan tashqari, «Dinamo» jamoa yetakchisi Jasur Azimovni ham ortga qaytarishga erishdi. Maydon markazida ishonchli o‘yin ko‘rsatib samarqandliklar mehrini qozongan Jasur «Navbahor»ga ketgandi, lekin «Dinamo» o‘z tarbiyalanuvchisi bo‘lgan futbolchini ortga qaytardi.
«Nasaf» har mavsum oldidan yetakchilarini yo‘qotishiga odatlanib qoldik. O‘tgan mavsum tugagach Sanjar Quvvatov va Odil Hamrobekov «Ajdarlar» uchun tanish yo‘nalish bo‘yicha «Paxtakor»ga yo‘l olishgandi. Bundan tashqari, Saydullo Rahmatov va Maqsud Karimov ham jamoani tark etishdi. «Nasaf» o‘z tarkibini ikki yaxshi futbolchi bilan boyitganini ham ta'kidlash kerak. O‘tgan mavsumni «Mash'al»da o‘tkazgan Humoyun Murtazoyev hamda Sardor Abduraimov endilikda «Nasaf»da o‘ynashadi.
«Nasaf» yana ikki muhim vakili bilan ham shartnomani uzaytirgan. Avvalo Ro‘ziqul Berdiyev bilan kelishuv uzaytirilgani qarshiliklar uchun yaxshi yangilik bo‘ldi. Shuningdek, bir qancha klublar taklif bilan chiqqan markaziy himoyachi Umar Eshmurodov ham «Nasaf»da qoldi. Ro‘ziqul Berdiyev Qarshida yana yangi futbolchilarni kashf etgan va jamoa ular bilan yangi mavsumda sovrinli o‘rinlar uchun kurashishini kutsak bo‘ladi.
Samarqandda o‘tadigan «Dinamo» - «Nasaf» o‘yinlari doim qiziqarli va ko‘p sonli muxlislar tashrifida o‘tgan. Shu sabab bugungi o‘yinda ham Samarqandda katta futbol guvohiga aylanishimiz kutilmoqda.
OKMK - «Buxoro»
Boshlanish vaqti: 18:00.
Olmaliqda o‘tadigan OKMK - «Buxoro» o‘yini ham qiziqarli kechishini taxmin qilsak bo‘ladi. Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichiga yo‘llanma olomagan OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov O‘zbekiston Superkubogi uchun «Lokomotiv»ga qarshi kechgan o‘yindan so‘ng (1:2) bir gapni aytgandi: «Chempionat boshlanguncha bu mag‘lubiyatni yelkada ko‘tarish oson bo‘lmaydi».
Bu esa Qosimov shogirdlari bugun OChL va Superkubokdagi mag‘lubiyatni unutish uchun ham ikki hissa yaxshiroq o‘ynashga harakat qiladilar. OKMK O‘zbekiston Kubogining amaldagi sohibidir. Jamoa OChL oldidan tarkibini kuchaytirib olganini inobatga olsak, bugungi bahsda Qosimov shogirdlarining imkoniyatlari yaxshiroq.
OKMK mavsum avvalida ko‘plab sobiq «bunyodkor»chilar bilan shartnoma imzoladi. Xususan, Mirjamol Qosimov, Suhrob Sultonov va Mirg‘iyos Sulaymonov kabi futbolchilar endilikda Olmaliqda o‘ynashadi. Ulardan tashqari jamoa Sardor Rahmonov, San'at Shixov, Akmal Shorahmedov, Saydullo Rahmatov va Bobur Yo‘ldoshev kabi saviyali futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib olgan.
OKMK O‘zbekiston Kubogining amaldagi sohibi bo‘lsa, «Buxoro» o‘sha kubokni yutgan murabbiyning jamoasi. Ha, OKMK kubokni Baxtiyor Ashurmatov murabbiyligida yutib olgandi. Ashurmatov endilikda «Buxoro»ni boshqarmoqda. Borgan joyida tartibli jamoa shakllantira olgan Ashurmatov buxorolik muxlislarda umid uyg‘ota olgan. «Buxoro» mavsum oldidan qilgan eng asosiy ishi oldingi qarzdorliklarini bartaraf etgani bo‘ldi. Jamoa bugun barcha qarzlaridan qutulgani aniq bo‘ldi. Endi jamoa bemalol bor e'tiborni o‘yinlarga qaratsa bo‘ladi.
«Buxoro» mavsum oralig‘ida ikkita yaxshi transferni amalga oshirdi. Ivan Nagayev va Salamat Qutiboyev yana «Buxoro»ga qaytishdi. Ulardan tashqari Azamat Isroilov, Sardor Qobuljonov, Rahimjon Davronov, Vladimir Bayenko kabi futbolchilar Buxoroga kelishgan. O‘tgan mavsumlarda «Buxoro»da o‘ynagan «Bunyodkor» futbolchisi Ergash Ismoilov yana ko‘hna shahar jamoasida o‘ynaydigan bo‘ldi.
Olmaliqda ham qiziqarli o‘yin kechishi kafolatlangan.
Mavzuga oid
21:55 / 19.10.2024
Superliga o‘yini yarim soatga to‘xtab qoldi. PFL o‘yin komissarining IIB bo‘linmasiga olib ketilishi bo‘yicha bayonot berdi
12:13 / 17.06.2024
Superliga. Alijonov qaytgan markaziy o‘yinda kuchlar teng keldi - fotojamlanma
14:08 / 13.05.2024
«Yosh o‘yinchilar mashg‘ulotga ham qatnay olmayapti». Samarqandga futbol kerak emasmi?
18:17 / 28.02.2024