Jamiyat | 18:34 / 13.03.2019
17082
8 daqiqa o‘qiladi

Eksportga narx belgilash: «eski hammom, eski tos...mi?»​

O‘zbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga ​«O‘zbekiston Respublikasidan eksport qilinadigan meva-sabzavot hamda tekstil mahsulotlarining kontrakt qiymatini monitoring qilish to‘g‘risida» Nizom loyihasi​ joylashtirildi.

Korzinka.uz supermarketlari tarmog‘i rahbari Zafar Hoshimov ushbu hujjat loyihasiga munosabat bildirib, bir masalaga e'tibor qaratgan eksportchilarning katta qismi davlat korxonalari emas, balki fermerlar, agrofirma va tekstil kompaniyalari sanaladi​​. 

«Davlatimiz qat'iy ravishda eksportga narxlarni belgilash g‘oyasiga muntazam qaytayotgani ko‘pchilik qatori meni ham hayratlantirmasdan qo‘ymayapti, rosti. 

E'tiboringizni jalb qilgan holda bir dalilga to‘xtalib aytishim kerakki, eksportchilar davlat korxonalari emas, balki fermerlar, agrofirma va tekstil kompaniyalari sanaladi. Va ularning juda ko‘pchiligi xususiy. Shunga muvofiq, ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlar ham o‘zlarinikidir, ya'ni nima qilishsa ham o‘zlari mulklarini idora qilish huquqiga egalar. 

Albatta, davlat eksport amaliyotining umumiy qonun-qoidalarini o‘rnatishi, valuta, tarif va soliq nazorati kabilarni ham tayinlab, o‘rnatish huquqiga ega, bularning barchasi allaqachon mavjud. 

Biroq yana va yana davlat eksportga narxlarni belgilashni istamoqda. Nega?», —​ deya savol bilan yuzlanadi tadbirkor.

Hoshimovning ta'kidlashicha, o‘tmishda aynan eksportga minimal narxlarning xuddi mana shunday tarzda nazorat qilinishi va o‘rnatilishi tufayli fermer va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari bir necha marta kasodga uchragan va ishlab chiqarayotgan mahsulotlarini eksportga samarali ko‘rsatkichlar bilan yetkazib bera olishmagan. 

«Birgina misolni keltirib o‘tsam. O‘tgan yili juda yaxshi gilos hosili bo‘ldi. Bog‘bonlar to‘kin-sochin mavsum ilinjida juda xursand edi. Biroq davlat gilosning 1 kgni 4 dollardan past narxda eksport qilishni taqiqlab qo‘ydi. Ammo gilosga belgilangan narxning tashqi konyunkturasi mutlaqo boshqacha bo‘lgan. 

Men o‘zim shaxsan Rossiyadagi supermarketda 1 kg gilos uchun 190 rubl (3$) to‘lagandim. Shundan kelib chiqadiki, Moskvadagi chakana savdoda gilosning kilosi 3$ edi, mansabdorlarimiz esa uni 4$ dan past narxda eksport qilishni ma'n qilishgan. 

Uchrashuvlarning birida yuqori mansabni egallab turgan davlat xizmatchilaridan biriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri savol berib davlat nega bunday yo‘l tutayotganini so‘ragan edim. Javob esa oddiy tarzda jarangladi: 

«Biz fermerlar mahsulotlarini o‘rtakashlarga sotish orqali daromadlarini tushirib yuborishlarini oldini olishni istaymiz. O‘zlari mustaqil tovar yetkazib berishlari uchun eng unumli yo‘llarni izlasin. Agar Rossiyada arzon bo‘lsa, boshqa joyga sotishsin».

Boshqa bir mansabdorning keltirgan vaji esa undanda qattiqroq edi: «eksportchilar ishlab topgan valutalarining aksariyat qismini xorijda qoldirib, bizga esa olayotgan foydalarining faqat bir qisminigina ko‘rsatishlarini istamaymiz».

Agar o‘ylab qaralsa, ikkala javob ham umuman tanqidga bardosh bera olmaydi, avvalambor, mahsulot egasi unga to‘la egalik qiladi, oldingidek hozir valuta daromadini majburiy sotish yo‘q, eksport esa soliqlardan holi, shu sababli davlat eksportchilar mahsulotlarini qanday tasarruf qilayotgani, daromadini qay tarzda taqsimlayotgani bilan ishi bo‘lmasligi kerak. 

Mantiqan o‘ylansa, qanday qilib va nima uchun soliq va majburiy sotishlar yo‘q bo‘lib turgan sharoitda oddiy fermer va ishlab chiqaruvchilar o‘z pullarini yashirib yurishlari kerak? 

Umuman olganda esa, Boltiqbo‘yi davlatlaridagi banklar bilan bog‘liq mojarolar va bo‘lib o‘tgan barcha korrupsion janjallardan so‘ng, shunisi aniqki, hamyurtlarimizning o‘z mablag‘larini chetda saqlashlari vatanimizda saqlashlaridan ancha xavotirli hamda qiyinroq bo‘lib bormoqda», — deydi tadbirkor.

Zafar Hoshimov o‘z munosabatida «narxlar nazoratini nima uchun bekor qilmaslik kerak», degan savolga mansabdorlar tomonidan keltirilgan vajlarning qanchalik sust ekanligiga ortiqcha to‘xtalib, maydalashib o‘tirmasdan misollarga qaytishni taklif etadi.

«Gilos yetilganidan so‘ng uzoq saqlanmasligini inobatga olsak, fermerlar o‘tgan yilgi hosillarining aksariyat qismini ichki bozorda sotishganini taxmin qilish mushkul emas. Ko‘pchilik aynan cheklovlar sabab hosilini import uchun 2$ dan olishga tayyor bo‘lgan xaridorlariga sota olmadi, bunday xaridorlar esa, darhaqiqat, bor edi, oxir oqibatda ichki bozorda 5000-7000 so‘mdan sotishga majbur bo‘lishdi (1$dan kam). Hosil mo‘l bo‘lgani ichki bozorda dehqonlarimizga qarshi ishladi. 

Biz tarmog‘imizda o‘tgan yili mavsumida gilosni o‘rtacha 5000-6000 so‘mdan xarid qildik, bu esa so‘nggi bir necha yil ichida rekord darajada past narx edi. 

Endi fermerlarning zararini bir hisoblab ko‘ring-a...​

Bozorni tan olmaslik mumkin, ammo bu bilan bozor mavjud bo‘lmaydi, degani emas. Yuzaga kelgan vaziyat sabab mamlakatda Kavkaz mamlakatlaridan sayyor olibsotarlar paydo bo‘ldi va gilosni 0,5-0,8$dan sotib olishdi, mahsulotni yuk qilib qo‘shni mamlakatlarga qing‘ir yo‘llar bilan, va yana, gilosni karam ostiga berkitib Qirg‘iziston va Qozog‘istonga olib chiqishdi, u yerdan hujjat qilib, Rossiyaga olib ketishdi. Tabiiyki, u yerda ancha baland narxda sotishdi, dehqonlarimiz rizqini kesishdi. Minimal belgilangan narxlar dehqon va ishlab chiqaruvchilarni hech qanday himoya qila olmadi. 

Natijada esa, mahalliy fermerlarimizni himoya qilish o‘rniga ularni olibsotarlar qarmog‘iga cheklovlarimiz bilan ilintirib berdik. Bunday egri yo‘llar bilan sotilgan molning daromadi esa bizga qaytib kelmasligi endi aniq. 

O‘zimiz qazigan o‘raga o‘zimiz tushdik. 

Ishonchim komilki, ishlab chiqaruvchi va fermerlarimizning davlat «himoyasi» ortidan ko‘rgan jabrlari haqidagi hikoyalari bundan-da uzunroq. 

O‘tgan yoz oxirida eksport uchun davlat tomonidan narx belgilanishi bekor qilinganida barchamizning yelkamizdan tog‘ ag‘darilgan edi, go‘yo. Gilos mavsumi qo‘ldan boy berilgan bo‘lsa-da, nimalardir qutqarib qolinib, odamga o‘xshab yaxshilab eksport qilingani aniq. Faoliyatim sabab qishloq xo‘jalik ishlab chiqaruvchilari bilan tez-tez uchrashib turaman. Chinakam ma'nodagi zahmatkash ushbu insonlar yangi mavsumga katta umid bog‘laganlar. 

Keling, ular uchun duoda bo‘laylik, eksport uchun narx nazorati belgilab, o‘rnatib umidlarini yakson qilishmasin. Bu gal tekstilchilarni xam qo‘shib duo qiling», — deya fikrini yakunlagan u.

Mavzuga oid