Jahon | 11:11 / 14.03.2019
81693
3 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston - Qirg‘iziston chegarasida vaziyat keskinlashdi. Qirg‘izistonlik harbiylar quroldan foydalangan va 30 kishini garovga olgan

13 mart kuni Qirg‘iziston tomoni o‘zaro kelishuvlarga qaramay, Vorux jamoatida mojaroga sabab bo‘lgan «Ko‘ktosh-Oqsoy-Tamdik» yo‘li qurilishini boshladi. Bu haqda Tojikiston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari bosh boshqarmasi rasmiy bayonotida aytiladi.

Bayonotida aytilishicha, Qirg‘iziston tomoni aholiga qarshi o‘qotar qurollardan foydalangan va 30 nafar tojikistonlikni garovga olgan.

«Vorux jamoati aholisi yo‘l qurilishiga qarshi norozilik bildirganida, qirg‘iz tomoni ularga qarata o‘q uzdi, - deyiladi bayonotda. - Bundan tashqari, Qirg‘iziston kuch tuzilmalari «Isfara-Vorux» yo‘lini yopib qo‘yib, Voruxda yashovchilar - yo‘nalishli avtobus yo‘lovchilarini garovga oldi. Ular «Oqsoy» chegara otryadida ushlab turilgan. Vorux jamoatida Qirg‘izistonning Botken viloyati Oqsoy jamoati raisi Erkin Jalchiyev boshchiligidagi 50-60 kishi Vorux jamoati aholisiga qarata tosh otishgan. Natijada 11 kishi og‘ir jarohat olib, shifoxonaga olib ketildi».

Garovdagilarning taqdiri haqida bayonotda hech narsa deyilmagan, biroq «AP»ning Vorux aholisiga asosan xabar berishicha, ular Qirg‘iziston fuqarosi bilan almashtirilgan.

«Dastlab ayollar va bolalar ozod etildi. Keyin chegarachilarimiz Qirg‘iziston fuqarosini garovga olishdi. Aynan u garovdagilarga almashtirildi», - deya xabar bergan mahalliy aholi vakili.

Shuningdek, Tojikiston MXDQ o‘z bayonotida 43 yoshli Husayn Hakimov halok bo‘lganini tasdiqladi. Xabarga ko‘ra, u ov miltig‘idan otilgan o‘q tufayli vafot etgan.

«Husayn Hakimov yuragidan yaralandi va kasalxonada vafot etdi. Shuningdek, militsiya katta inspektori 46 yoshli Saidsharif Avazzoda, mahalliy aholi vakillari yaralandi», - deyiladi bayonotda.

Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari bosh boshqarmasi xabarida aytilishcha, hozir chegaradagi vaziyat barqaror va ikki davlat chegarachilari nazorati ostida.

Mavzuga oid