O‘zbekiston | 08:08 / 15.03.2019
105690
2 daqiqa o‘qiladi

Mirabror Usmonov olamdan o‘tdi

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining sobiq prezidenti, senator Mirabror Usmonov vafot etdi. Bu haqda Kun.uz axborot manbasi xabar berdi.

71 yoshli Mirabror Usmonov 12 mart kuni reanimatsiya bo‘limiga yotqizildi. U o‘pka va nafas yo‘llari bilan bog‘liq xastalik sabab klinikaga olib kelingandi. Bugun, 15 mart kuni u hayotdan ko‘z yumdi. 

Mirabror Zufarovich Usmonov 1947 yil 4 iyulda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1978 yilda Samarqand kooperativ institutini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 1961 yildan 1967 yilgacha — Toshkent shahridagi «Bahor» restoranida oshpaz, 1970 yilda — Toshkent shahridagi «Guliston» restoranining ishlab chiqarish bo‘yicha mudiri, 1970 yildan 1986 yilgacha — «Do‘stlik» va «Zarafshon» restoranlari direktori, Toshkent shahri restoranlar tresti direktori, 1986 yildan 1990 yilgacha — Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasining Umumiy ovqatlanish bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

1990 yildan 1992 yilgacha — O‘zbekiston Respublikasi savdo vaziri, 1992 yildan 1994 yilgacha — «O‘zbeksavdo» kompaniyasi raisi, 1994 yildan 2005 yilgacha — O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari, 2006 yildan 2017 yilgacha - O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti bo‘lgan. 2005 yildan buyon Oliy Majlis Senati a'zosi. 2013 yildan 2017 yilgacha O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti sifatida ishlagan. 

Mirabror Usmonov 1995 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni, 1997 yilda O‘zbekiston Respublikasi Maqtov yorlig‘i, 2006 yilda «O‘zbekiston mustaqilligiga 15 yil» esdalik nishoni, 2012 yilda El-yurt hurmati ordeni bilan mukofotlangan. 2017 yilda «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan.

Kun.uz tahririyati marhumning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etadi.

Mavzuga oid