Jamiyat | 21:10 / 18.03.2019
94371
6 daqiqa o‘qiladi

Asakada tadbirkor o‘z do‘koni buzilmasligi uchun yechinganmidi?

Shu haftada internetda Andijon viloyati Asaka shahri markazidagi Najmiddin Kubro ko‘chasida joylashgan Paynet budkasi egasi kuppa-kunduzi qip-yalang‘och yechinib, yerga yotib olgani haqida xabarlar tarqaldi.

Kun.uz muxbiri ushbu hodisa tafsilotlarini o‘rganish maqsadida Asakada bo‘ldi.

Mazkur xabar va unga oid surat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, unga berilgan izohlarda hodisaning sababi sifatida tadbirkor tuman hokimi tomonidan o‘z do‘koni buzilayotganiga noroziligini shu tariqa ifodalagani aytilgandi. Muxbir bu xabar qay darajada asosli ekanini aniqlash uchun tuman hokimligining ikki mutasaddisi, shuningdek, yechingan yigitning tug‘ishgan opasi va ikki tadbirkor bilan suhbatlashdi.

 Oybek Jo‘rayev, ichki ishlar xodimi:

«12 mart kuni soat 14:30larda Najmiddin Kubro ko‘chasida xizmat vazifamizni o‘tash chog‘i bir erkakning yechingan holatda turganini ko‘rdim. Tabiiyki, uni bezorilik qilyapti deb xulosa qildik. Fuqaro mast holatda emasdi. Atrofda ko‘p kishi to‘plangan ekan. Uni IIBga olib keldik. Fuqaroning shaxsini aniqlaganimizda, u M.A bo‘lib chiqdi. Shundan so‘ng uning tug‘ishgan opasi kelib, ukasi 2014 yildan beri ruhiy kasal ekanligini aytgach, u kishiga topshirdik».

 Asaka shahri hokimi Xursandbek Yo‘ldoshev:

«Tarqalgan xabarlarda aytilganidek, men 12 mart kuni tushdan keyin o‘sha hududda umuman bo‘lmaganman. Eng qizig‘i, aniqlab shuni bildikki, yechingan yigitning Najmiddin Kubro ko‘chasidagi «Paynet» do‘koniga aloqasi yo‘q ekan. Do‘kon buzilishi yoki ko‘chirilishi haqida ham o‘sha xabardan bildim. Ruhiy kasal fuqaroni suratga olib, voqeadan hokim va tadbirkor mojarosi sifatida foydalanishganidan rosti lol bo‘lib turibman».

M.Aning opasi B.A:

«Ukam, M.A. 2014 yildan buyon ruhiy kasal bo‘lib, maxsus ro‘yxatda turadi. 2019 yil 12 mart kuni uning Najmiddin Kubro ko‘chasida yechingan holatda suratga olinib, bu surat ijtimoiy tarmoqqa tarqatilganidan xabar topganimdan keyin, uni ruhshunoslar ko‘rigiga olib bordim.

U ayni paytda viloyat ruhiy kasalxonasiga yotqizilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda berilgan ma'lumotlar esa meni hayron qoldirdi. Najmiddin Kubro ko‘chasida joylashgan «Paynet» do‘koni ukamga yoki boshqa qarindoshlarimizga ham tegishli emas. Ukam ruhiy kasal bo‘lgani sababli ushbu do‘konda yoki boshqa joyda ishlamaydi. Boshqa joyda, tumandagi «Bobur» MFY hududida oilamizga qarashli savdo do‘koni mavjud. Biroq ushbu do‘konni buzdirish to‘g‘risida ularga hech kim hech qanday ko‘rsatma bermagan, bu haqda umuman gap yo‘q.

Turli ijtimoiy tarmoq va messenjerlarda nega bunday ma'lumot yozildi, buni bilmayman. Ukam, faqatgina ruhiy kasal bo‘lgani sababli yechinib olgan. Ushbu holatda hech qanday norozilik aksiyasi yo‘q.

Eng yomoni, ukamning yalang‘och holatdagi fotosurati tarqalib ketgani meni ruhan ezib tashladi. Hali ham o‘zimga kelganim yo‘q. Axir, ruhiy bemor odamning yordamga muhtoj holatidan o‘z shaxsiy manfaati yoki kimnidir behurmat qilishda foydalanishi mumkinmi? Nahotki, hayot shouga aylangan bo‘lsa? Bemorning yaqinlari va qarindosh urug‘lari el orasida yurishini o‘ylaymaydigan yaramas kishilardan qay darajada xafaligimni faqat ko‘z yoshlarim aytadi, xolos...» (Shu gaplarni ayta turib, suhbatdoshimiz ko‘ziga yosh oldi)

Asaka shahridagi Najmiddin Kubro ko‘chasiga borib, o‘sha «Paynet» do‘koni, unda faoliyat yuritayotgan tadbirkor yigit va o‘sha do‘kon ortidagi kafe egasi bilan ham suhbatlashdik.

 Boburjon Mirzayev, («Paynet» do‘konida faoliyat yuritadi):

«Birinchi fevraldan beri shu yerda ishlayman. U yigitning bu do‘konga hech qanday aloqasi yo‘q. Tanimayman ham. Tushdan keyin kelib, mana shu ko‘cha o‘rtasiga yechinib o‘tirib oldi. Men savdo qilayotgandim. Hozir hamma meni o‘sha suratdagi odam deb o‘ylayapti. Lekin men emasman! Qanday isbotlash kerak bilmadim?!».

 Ravshanbek Rustamov,  «Oybek-78» MChJ rahbari:

«Yechingan holatdagi shaxs to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlardan o‘qib bildim. Lekin bizga qarashli kafe oldida o‘rnatilgan «Paynet» do‘konlarini ko‘chirib berish bo‘yicha hech kimga murojaat qilmaganman.

Tarqatilgan surat va uni talqini umuman noto‘g‘ri. Yechingan holda suratga olingan shaxsni umuman tanimayman. Ko‘rib turibsizlar, bizga «Paynet» do‘koni umuman xalaqit berayotgani yo‘q».

M.Aning opasi, «Paynet»da faoliyat yuritayotgan yigit va «Oybek-78» jamiyati egalari suratga tushishni xohlashmadi.

O‘rganish yakunida «asakalik tadbirkor yechinib tuman hokimligiga o‘z noroziligini yangicha shaklda yetkazgani» haqidagi xabar yolg‘onligi ma'lum bo‘ldi.

Elmurod Ermatov, Andijon

Элмурод Эрматов
Tayyorlagan Элмурод Эрматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid