O‘zbekiston | 16:48 / 24.03.2019
23659
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Birlashgan Arab Amirliklariga jo‘nab ketdi

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 24 mart kuni rasmiy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti - Abu-Dabi shahriga jo‘nab ketdi.

Shavkat Mirziyoyev 24-26 mart kunlari Abu-Dabi Amirligi valiahdi Muhammad bin Zoid Ol Nahayon taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan ushbu davlatda bo‘ladi.

Dasturga muvofiq, Shavkat Mirziyoyev Abu Dabi Amirligi valiahdi, Birlashgan Arab Amirliklari Qurolli kuchlari Oliy bosh qo‘mondoni o‘rinbosari Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon hamda BAA vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan uchrashishi kutilmoqda. 

Tashrif davomida ko‘p qirrali ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion, bank-moliya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi amaliy aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashiladi. 

Tashrif yakunida O‘zbekiston Respublikasi va BAA o‘rtasida Qo‘shma bayonotni qabul qilish, investitsiyalar, moliya, qayta tiklanadigan energetika, sanoat va infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, bojxona ma'muriyatchiligi, mehnat resurslari, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlikka oid ikki tomonlama hujjatlarni imzolash ko‘zda tutilgan. 

Mavzuga oid