Light | 15:26 / 25.03.2019
60227
7 daqiqa o‘qiladi

30 yil avval ushbu yetti megapolisni tanimagan bo‘lardingiz

Sayyoramizdagi ko‘plab shaharlar so‘nggi 30 yil ichida nafaqat «katta bo‘lishdi» yoki «yosharishdi», balki tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib, yangi qiyofaga ega bo‘lishdi. Siyosiy rejimning o‘zgarishi, iqtisodiyot, turizm, urbanizatsiyaning jadal rivojlanishi, bularning bari Dubay, Hongkong, Singapur va boshqa megapolislar batamom boshqacha ko‘rinishga ega bo‘lishiga olib keldi.

Mazkur shaharlarni rivojlanish o‘zgartirguniga qadar qanday ko‘rinishda bo‘lganini yodga olamiz.

Dubay

Dubay urbanistik taraqqiyotning jadal sur'atini aks ettiradi. U sahroda o‘sib, so‘nggi o‘n yillar ichida o‘zgacha qiyofaga kirdi. BAAning yirik shahri bir necha dunyo rekordlariga ega. Masalan, bu yerda dunyodagi eng baland bino (Burj Xalifa, 828 m), eng katta sun'iy arxipelag – Palma orollari, yirik savdo markazi Dubai Mall joylashgan.

Dubay infratuzilmasi dunyodagi eng qulaylaridan hisoblanadi. Shahar aholisi har yili tobora o‘sib bormoqda, hozirda 2,5 million kishini tashkil qiladi. Sayyohlar oqimi ham ortmoqda.

Dubaydagi o‘zgarishlar yangi arxitektura sababli yaqqol namoyon bo‘ladi.

Sayyohlar Dubayni plyajlari, xavfsizligi, xilma-xil oshxonasi, shoping, shuningdek tog‘ chang‘isi sabab yaxshi ko‘rishadi. Skay Dubay – Yaqin Sharqda qurilgan tom ostidagi tog‘ chang‘isi dam olish maskanidir.

Shanxay

Zamonaviy Xitoy shaharlari juda tez yangilanmoqda. Shanxay – aholi soni bo‘yicha yirik shahar, unda 26 milliondan ortiq kishi yashaydi.

So‘nggi 30 yil ichida u tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi. Shahar iqtisodiyot, arxitektura va turizm sohalarida rivojlana boshladi.

Bugun urbanistik rivojlanish asosan turar-joy majmualari doirasida yashil hududlar va bog‘larni yaratishga yo‘naltirilgan.

Shuningdek, bu yerda Xitoydagi eng baland va balandligi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rindagi bino – Shanxay minorasi joylashgan.

Singapur

Janubi-sharqiy Osiyo orollaridagi shahar-davlat 1965 yilda Malayziyadan mustaqil bo‘lgan. O‘sha vaqtda Singapur kichik qashshoq mamlakat bo‘lib, hatto toza suv va qurilish materiali qumni ham import qilishiga to‘g‘ri kelgan.

Hukumat Singapurni Janubi-sharqiy Osiyodagi moliyaviy va savdo markaziga aylantirishni maqsad qildi. XX asrning oxiriga kelib siyosatchilarning sa'y-harakatlari tufayli ulardan biriga aylandi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, shahar-davlatda hozir olti millionga yaqin kishi yashaydi.

Singapur sayyohlarni toza ekologiyasi, madaniy va tarixiy merosni saqlash dasturlari bilan o‘ziga jalb etadi. Jinoyatchilik darajasi – dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biri.

Honkong

Honkong — XXRning maxsus ma'muriy rayoni. Osiyo va butun dunyoning ilg‘or moliyaviy markazlaridan biri. Tszyulun yarim oroli, shuningdek 260 dan ortiq orolda joylashgan.

Xitoyning bu rayoni o‘zining valutasi – honkong dollari va ingliz huquqi normalariga asoslangan shaxsiy ijro etuvchi, qonun chiqaruvchi va sud tizimiga ega. Honkong 1842 yildan boshlab Britaniya mustamlakasi bo‘lgan. 1997 yildagina Xitoy bu hudud ustidan suverenitetni qo‘lga kiritdi. Rasmiy tillar – xitoy tilining kantoncha lahjasi va ingliz tili.

Hozirda Honkongda 7,5 millionga yaqin kishi yashaydi. U dunyodagi aholisi eng zich joylashgan shahar. Shuningdek u o‘zining oltin va valuta bozori, savdo, sanoat va kinosanoati bilan dong qozongan. Bundan tashqari, Xitoyning bu rayonida kattaligi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda bo‘lgan port joylashgan.

Nayrobi

Keniya poytaxti, Sharqiy Afrikadagi eng katta shahar, ekvator yaqinida joylashgan. Nayrobi aholisi uch milliondan ortiq.

Shaharda ko‘plab xalqaro kompaniya va tashkilotlar, jumladan BMTning ayrim organlari joylashgan. Shu bilan birga, Keniya poytaxti – dunyoning eng xavfli shaharlaridan biri. Bu yerda qurolli talonchilik va mashinalarni olib qochish darajasi yuqori.  Sayyohlarga qimmatli buyumlarni ko‘rinarli joyda saqlamaslik, kechki payt shaharning markaziy qismi bo‘ylab yurmaslikni maslahat berishadi.

Biroq ayrim diqqatga sazovor joylar shaharga sayyohlarni jalb qiladi. Birinchi navbatda bu Nayrobi Milliy bog‘i. Bu qo‘riqxonada 400 dan ortiq hayvon va qushlar, jumladan, sher va jirafalar yashaydi.

Fortaleza

Bu Braziliyaning yirik shaharlaridan biri, Seara shtatining poytaxti. Shahar Atlantika qirg‘og‘ida joylashgan. XX asrda Fortaleza qishloq aholisi ko‘chib kelgani sabab tezda kengaya boshladi. 70-yillarning oxiriga kelib shahar yirik sanoat aglomeratsiyasining markaziga aylandi.

Hozir Fortalezada 2,5 milliondan ortiq kishi yashaydi. Shahar iqtisodiyotining asosini savdo, xizmat ko‘rsatish va turizm sohasi tashkil qiladi. U Braziliyadagi asosiy sayyohlik yo‘nalishlaridan biri. Mehmonlarni tungi hayot, okean plyajlari, shoping, ko‘rgazma va konferensiyalar o‘ziga jalb etadi.

1994 yilda chiqqan «Tropikanka» seriali voqealari asosan Fortalezada bo‘lib o‘tadi.

Shenchjen

Shenchjen Janubiy Xitoy dengizining qirg‘oqlaridagi Guandun provinsiyasida joylashgan. 30 yil ilgari bu yerda baliqchilar qishloqlari bo‘lgan. Hozir esa u Xitoyning sanoat, moliya va transport markazi. Shenchjen aholisi barqaror o‘sib bormoqda va hozirda 12 milliondan ortiq kishini tashkil qiladi.

Bugungi kunda shahar – mamlakatda eksport hajmi bo‘yicha eng yiriklaridan. Megapolis yangi texnologiya va biznesni yuritish madaniyati maydoniga aylanib, investitsiyalarni jalb etmoqda.

Shenchjen sayyohlar orasida o‘zining baland arxitekturasi, mavzuli bog‘lari bilan mashhur. 2008 yilda YuNeSKO uni «Ijodiy dizayn shahri» deb tanladi.

Shenchjen Janubi-sharqiy Osiyoning Kremniy vodiysi mavqeini qo‘lga kiritgan, u elektronika ishlab chiqarish bo‘yicha dunyo markazi sanaladi. Masalan, bu yerda iPhone va iPad ishlab chiqariladi.

Mavzuga oid