Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Beshyog‘och bozorining o‘rnida 9 qavatdan baland bino qurish Toshkent bosh rejasiga zid - Qurilish vazirligi
Bozor o‘rnida yirik biznes markaz qurish istagidagi Turkiya kompaniyasi taqdim etgan suratlarda to‘rtta osmono‘par bino loyihasini ko‘rish mumkin. Qurilish vazirligi bundan buyon poytaxtdagi har qanday qurilishlar tasdiqlangan bosh rejaga muvofiq bo‘lishi kerakligi, Beshyog‘och bozori renovatsiya hududida joylashgani, lekin bu hududda 9 qavatdan yuqori bino qurish mumkin emasligini bildirdi.
Qurilish vazirligi Chilonzor tumanidagi «Beshyog‘och» dehqon bozori o‘rnida yirik biznes markazi qurilishi haqidagi xabarlarni rad etdi.
«Endi Toshkent shahrida amalga oshiriladigan barcha qurilishlarga tasdiqlangan Bosh rejaga muvofiq ruxsat beriladi. Poytaxt Bosh rejasiga ko‘ra, ushbu renovatsiya hududida 9 qavatgacha bino qurilishi belgilangan. Hozirda mazkur hududda yirik biznes markazining qurilishiga oid ruxsatnoma yoki arxitektura rejalashtirish topshirig‘i mavjud emas», deyiladi raddiyada.
Avvalroq, Chilonzor tumani hokimligi Turkiyaning Albayrak Holding kompaniyasi bilan ushbu masalada muzokara o‘tkazilgani haqida xabar bergandi. Xabarga turkiyaliklar tomonidan taqdim etilgan, to‘rtta osmono‘par bino eks etgan loyiha surati ham ilova qilingan edi. Xabar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgach, tuman hokimligi Albayrak'ning taklifi hozircha faqat muhokama bosqichida ekanini bildirdi.
Toshkent shahrining Beshyog‘och bozori hududi Furqat va Beshyog‘och ko‘chalari chorrahasida joylashgan tarixiy ansamblga tutash. Bozor atrofida 1930 yillarda qurilgan turar joy binolari joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, poytaxtning uzoq kutilgan bosh rejasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 24 dekabr kungi qarori bilan tasdiqlandi.
Mavzuga oid
16:26 / 27.05.2025
Markaziy Osiyoning eng yaxshi shahri aniqlandi
14:30 / 27.05.2025
Poytaxt bosh rejasi interaktiv xaritada: unda nimalar aks etgan?
17:55 / 26.05.2025
Toshkent bosh rejasi xaritasi saytdagi yuklama sababli vaqtincha ishlamay qoldi - vazirlik
11:16 / 24.05.2025