O‘zbekiston | 21:10 / 26.03.2019
22228
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh O‘zbekiston paxtasini bolalar mehnati bilan yetishtirilgan mahsulotlar ro‘yxatidan chiqardi

AQSh Mehnat departamenti O‘zbekistonda yetishtirilgan paxtani majburiy yoki bolalar mehnati vositasida yetishtirilgan mahsulotlar «qora ro‘yxati»dan chiqardi. 

O‘tgan yil yozida boshlangan tekshiruv natijasida mamlakat hududidagi paxta dalalarida bolalar zo‘rlab ishlatilmayapti, deb topilgan. Mehnat departamenti O‘zbekistonni ro‘yxatdan chiqarish bo‘yicha ilk taklifni 2018 yil 31 iyulda kiritgan edi.

Vazirlik bu borada O‘zbekiston hukumati, inson huquqlari tashkilotlari, Vashingtonda asoslangan «Paxta kampaniyasi» xalqaro koalitsiyasi bergan hisobotlarni o‘rganib chiqqan.

«AQSh hukumati departamentlari mavjud ma'lumotlar va yetib kelayotgan axborotlarni batafsil o‘rganib chiqib, O‘zbekistondagi paxta hosilini yetishtirishda bolalarning majburiy mehnatidan foydalanish sezilarli darajada kamayganiga va bolalar mehnati faqat ayrim holatlarda kuzatilgan, degan xulosaga keldi. Shuning uchun endi bu mahsulot EO ro‘yxatida qolishi uchun asos yo‘q», — deyiladi AQSh Mehnat departamenti bayonotida.

Bu qarorning ahamiyati shundaki, Amerikaning biror kompaniyasi yoki tashkiloti majburiy yoki bolalar mehnati evaziga yetishtirilgan mahsulot bilan ishlay olmaydi. 1999 yilda joriy etilgan tartibga binoan, bolalar mehnati kuzatiladigan davlatlar bilan aloqa cheklanishi kerak.

O‘zbekiston paxtasini «qora ro‘yxat»dan chiqarish respublika bilan hamkorlikni osonlashtiradi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston paxtasi 2010 yilda №13126 ijro raqamli ro‘yxatga qo‘shilgan bo‘lib, unga ko‘ra, AQSh federal agentliklari O‘zbekistonda majburiy mehnat yoki bolalar mehnatidan foydalanilgan holda yetishtirilgan, qazib olingan, ishlab chiqilgan mollar, mahsulotlar va xomashyolarni xarid qilishi taqiqlanardi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning fevralida dunyodagi mashhur 310 brendni birlashtirgan Cotton Campaign O‘zbekiston hukumati rasmiylari bilan uchrashgan, 2018 yilda O‘zbekiston paxta dalalarida mehnatga majburlash holatlari keskin kamayganini e'tirof etgan holda, to‘liq va batamom barham berilmaganini bildirgan, hukumat majburiy mehnatni tugatish borasida sezilarli ishlar qilgan bo‘lsa-da, uni tugatolmagani uchun o‘zbek paxtasiga bo‘lgan boykotni o‘z kuchida qoldirgandi.

Mavzuga oid