Jamiyat | 10:20 / 09.04.2019
92486
8 daqiqa o‘qiladi

Amir Temur Andijonda kimga qarshi kurashgan?

Inson o‘zi yashab turgan makon tarixi haqida ko‘proq ma'lumotga ega bo‘lishga intilishi tabiiy hol. Har bir kishi «Asrlar silsilasi, tamaddun mening zaminimda qanday kechgan ekan?», degan savolga javob axtaradi. Buyuk Ipak yo‘liga daxldor Andijon qadimgi davrdan, bundan deyarli 2,5 ming yildan beri tamaddun sahnasida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan azim shahardir.

Amir Temur va Temuriylar sulolasi Andijonda uzoq yillar hukmdorlik qilgani moziydan barchamizga ayon. 

Sohibqiron Amir Temur hamda temuriylar haqida ta'lim dargohlari va ommaviy axborot vositalari orqali ma'lumotlar berib borilsa-da, ushbu shajara haqida baribir kamdek. Maqola tayyorlash jarayonida Andijon shahri aholisi vakillaridan Amir Temur bu shaharda bo‘lganini bilish-bilmasligiga qiziqib so‘rovnoma o‘tkazganimizda deyarli barcha yelka qisish orqali javob qaytardi.

Sababini esa borgan sari kitob mutolaa qiluvchilar soni ozayib borayotganidan izlash kerakdek. Chunki, o‘lkamiz haqida yuqori saviyada yozilgan tarixiy kitoblar juda ko‘p.

Maqola yozish davomida tarixchi olimlar Rustambek Shamsuddinov va Abdurahmon Ishoqovning «Andijon tarixidan lavhalar» kitobidan foydalandik.

Temuriylar davrida Andijon

«Andijon tarixidan lavhalar»da keltirilishicha, Andijon Amir Temur va temuriylar davrida ma'lum bir ma'noda mustaqillikka ega bo‘lgan yirik iqtisodiy va madaniy markazlardan biri bo‘lgan. Bu shahar Movaraunnahr viloyatlari va boshqa mamlakatlar bilan aloqalarni amalga oshirgan, bu yerda zarb qilingan pullar boshqa joylarda ham muomalada bo‘lgan.

«Tarixi Rashidiy»da Amir Temurning Movaraunnahr hududlarini birlashtirish uchun olib borgan ishlarida Farg‘ona vodiysi, xususan, Andijon viloyati o‘ziga xos strategik mavqega ega bo‘lgani bayon qilingan.

Amir Temur Sharqiy Turkistonni o‘z saltanati tarkibiga kiritish uchun Jyeta ulusiga besh marta harbiy yurish qilgan. Sarkarda 1375 yil boshida Jyeta ulusiga qarshi uchinchi yurishida Farg‘ona vodiysi va Sharqiy Turkistonning bir qismini Chig‘atoy mo‘g‘ullaridan tozalaydi. Lekin Amir Temur qo‘shiniga dug‘lat urug‘idan bo‘lgan, Jyeta ulusi hukmdorligiga da'vo qilgan amir Qamariddin jiddiy qarshilik ko‘rsatadi. Sohibqiron uchinchi yurishida amir Qamariddin qo‘shinlarini mag‘lub etib, ularni Qoshg‘ar taraflarga surib chiqarishga muvaffaq bo‘lgan.

Amir Temur bu yurishdan keyin, 1375 yil boshida Farg‘ona vodiysining bosh shahri bo‘lgan Andijonga amir Hamidni dorug‘a, ya'ni hokim etib tayinlaydi.

Sohibqiron 1376 yilning mart oyida Xorazmga qilajak uchinchi yurishidan oldin amirlardan Sori Bug‘o, Odilshoh, Xitoyi Bahodir va Elchi Bug‘oni 30 ming lashkari bilan yana xavf solayotgan amir Qamariddinga qarshi yuboradi. Qo‘shin vodiyga kelgach, Sori Bug‘o bilan Odilshoh fitna uyushtirib, qolgan ikki amir Xitoyi Bahodir va Elchi Bug‘oni hibsga oladilar. Fitnachilarga Andijon hokimi amir Hamid ham qo‘shiladi va ular qo‘shinni jamlab, Amir Temurning Xorazm yurish qilayotganidan foydalanib, Samarqandni egallash uchun harbiy yurish boshlaydilar. Amir Temur esa Xorazm yurishini to‘xtatib, ortga qaytishga majbur bo‘ladi. Uning kelayotganidan xabar topgan fitnachilar Samarqand qamalini to‘xtatib, Dashti Qipchoq tomon chekinadilar va O‘rusxondan panoh topadilar.

Fitna bostirilgach, Amir Temur 1376 yilning yozida ikkinchi o‘g‘li Umar Shayx Mirzoni Andijon viloyatiga hokim qilib tayinlaydi. Bu paytda Andijon Farg‘ona vodiysining asosiy shahri bo‘lib, hali to‘la bo‘ysundirilmagan Sharqiy Turkiston va Qoshg‘ar hududlarini zabt etishda Andijon asosiy platsdarm vazifasini bajarar edi.

Amir Temurga qarshi fitna barbod bo‘lganidan keyin Dashti Qipchoqqa borib, O‘rusxondan panoh topgan amirlar Sari Bug‘o va Odilshoh o‘z qo‘shini bilan Jyeta ulusiga kelib, amir Qamariddin bilan ittifoq tuzadi. Ularning maslahati bilan amir Qamariddin Andijonga hujum qilib, ko‘p joylarni vayron qiladi.

Buning ustiga qozoq hazorasining ham Umar Shayx Mirzodan yuz o‘girib, dushman tomoniga o‘tib ketishi vaziyatni murakkablashtiradi. Ko‘p sonli dushman oldida ojiz qolgan Umar Shayx Mirzo Andijon sharqidagi tog‘lik hududga chekinishga majbur bo‘ladi. U Saman ismli kishini Samarqandga Amir Temur huzuriga yuborib, dushman «Andijonni zer-zabar qilgani» xabarini yetkazadi.

Amir Temurning Andijonga kelishi

Amir Qamariddinning Andijonga harbiy yurish qilgani xabarini olgan Amir Temur zudlik bilan Samarqanddan vodiy tomon yo‘l oladi. Bu Sohibqironning Jyeta ulusiga to‘rtinchi yurishi edi. Bundan ogoh bo‘lgan amir Qamariddin chekinishga majbur bo‘ladi. Amir Temur bu yurishda ham amir Qamaridinni to‘la mag‘lub eta olmaydi. Sarkardaning katta o‘g‘li, amirzoda Jahongir Sulton Mirzoning vafot etishi harbiy yurish vaqtincha to‘xtatilishiga sabab bo‘lgan edi.

Tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asari tarjimonlari o‘z izohlarida Sohibqiron Amir Temur 1375 yilning bahori va yozida Farg‘ona vodiysining sharqidan g‘arbigacha birinchi marta kesib o‘tganini qayd etishgan.

«Andijon tarixidan lavhalar» kitobi mualliflari andijonlik tarixchi olim Sayfiddin Jalilovdan shunday iqtibos keltirishadi: «Bu yerda izoh talab nuqtalardan biri – Amir Temur Samarqandga qaytishda ham Andijonda bo‘lganmi?», degan savoldir.

Sohibqiron mo‘g‘ullarga qarshi nabirasi Jahongir boshchiligida Farg‘onaga qo‘shin yuborib, o‘zi ham Andijonga kelgan edi. Bu 1375 yil boshiga to‘g‘ri keladi. Amir Temur «Paytak» (yoki «Baytak») mavzesida 53 kun turib, qishni shu yerda o‘tkazgani ikkala «Zafarnoma»da ta'kidlangan.

Vodiy bo‘ylab Samarqandga qaytishda qaysi shaharlarda bo‘lgani manbalarda ko‘rsatilmagan. Ammo, Sohibqironni  Xo‘jand hokimi sertakalluf Odilshoh Marg‘ilonga kelib kutib olgan. Shunday bo‘lgach, Amir Temur Andijonga ketgan ikki yo‘ldan biri bevosita Andijon shahridan o‘tib, «Boburnoma»da tilga olingan Bandi Solor karvon yo‘liga chiqar edi. Amir Temur qaytishda qaysi shahar va qishloqlarni bosib o‘tganini aniqlash ham o‘lkashunoslikning muhim vazifalaridandir».

Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri,

surat muallifi: Javlon Nazarov

Mavzuga oid