Jahon | 08:49 / 09.04.2019
10695
2 daqiqa o‘qiladi

Eron AQSh markaziy qo‘mondonligini terrorchilik tashkiloti deb tan oldi 

Foto: Zuma\TASS

Eronning milliy xavfsizlik oliy kengashi AQSh qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligini (CENTCOM)  terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatiga kiritdi, AQShni esa terrorchilikka homiy davlat deb tan oldi.

Tehron buni AQSh Eron Islom inqilobi soqchilari korpusini terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatiga kiritgandan keyin amalga oshirdi. AQShning qarori 15 apreldan kuchga kiradi.

Tasnim axborot agentligining xabar berishicha, Eron hukumati, shuningdek, Yaqin Sharqda AQSh armiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan barcha tashkilotlarni terrorchilar deb tan olishga qaror qilgan. Tehronning fikricha, AQSh qo‘shinlari Eron va boshqa davlatlar xavfsizligiga rahna soladi.  

Eron hukumati, shuningdek, 1988 yil 3 iyulda, Eron-Iroq urushi vaqtida Iran Air aviakompaniyasi samolyotining Fors ko‘rfazi ustida urib tushirilishi uchun javobgarlikni AQSh zimmasiga qo‘ydi. 290 yo‘lovchini olib ketayotgan samolyot AQShning USS Vincennes kreyseri tomonidan raketa bilan urib tushirilgan. AQSh harbiylari yo‘lovchi samolyotini Eron harbiy samolyoti deb yanglish qabul qilishgan.  

CENTCOM AQSh qurolli kuchlarining Markaziy Osiyodagi va Yaqin Sharqdagi, jumladan, Eron, Iroq, Afg‘oniston va Misrdagi operatsiyalari uchun javob beradi.

Mavzuga oid