Nega yomg‘irlar Samarqand uchun tobora xavfli bo‘lib bormoqda?
Samarqand shahrining Maroqand mahallasida yashovchi bir guruh fuqarolar keyingi yillarda har yomg‘irdan qattiq aziyat chekayotganini yozib Kun.uz tahririyatiga murojaat qilishdi.
Murojaatda keltirilgan holatlarni o‘rganar ekanmiz, har safar yomg‘ir yog‘ganida Samarqandda yo‘llarning suvga to‘lib qolishi, ko‘plab uylarning zarar ko‘rishi sabablaridan biri bo‘y ko‘rsata boshladi.
Darhaqiqat, mart oyining oxiridagi shaharning qator hududlarida kuzatilgan toshqindan hech qancha o‘tmasdan, aprel oyining boshidayoq samarqandliklar yomg‘ir oqibatida kelib chiqqan suv toshqinlariga yana guvoh bo‘ldi — bir haftada ikki marta — va ko‘pchilikda bir savol paydo bo‘lmoqda: Nega uylarni suv bosyapti?
Ko‘pchilik kishilar shahar ariqlarining aksariyati necha yillardan buyon e'tibordan chetda qolayotganini bildirsa yana ko‘pchilik maishiy chiqindilarning kanal va kollektorlarga tashlanayotgani muammoning asosiy sababi, deb biladi. Bu gaplarda ham jon bor, albatta.
Ammo, aftidan, asosiy muammo bu ham emas. Shahar hokimligi ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda yuzlab, arxitektura qoidalariga zid o‘zboshimchalik bilan qurilgan binolar ham suv yo‘lini to‘sib turibdi. Hatto shundoqqina ariq ustiga qurilgan uylar ham bor ekan.
Maroqand mahallasidagi holat bu fikrimizga dalil bo‘la oladi. Hududdagi o‘nta xonadonning har yomg‘irda suvga bo‘kishi odatiy hol bo‘lib qolgan. Mahalla ahli qator hokimiyat boshqaruv idoralariga murojaat qilgan. Ammo, natija yo‘q.
— Mahallamiz ichidan oqib o‘tuvchi kanalda o‘n yillar davomida biror bir tashkilot tomonidan, qazish, tozalash kabi profilaktik tadbirlar olib borilmagan, — deyiladi murojaatda. — Suv toshishidan tashqari, ushbu kanaldagi sanitariya va epidemiologik vaziyat ham biror bir talabga javob bermaydi. Yomg‘ir yog‘ganida esa sel kelib, har safar mol mulkimiz zarar ko‘rib, o‘zimiz qo‘rquvda yashaymiz. Qo‘limizdan kelguncha, kanalni tozalaymiz, davlat idoralaridan esa kuchimiz yetmagan joyiga texnika so‘raymiz. Suv yo‘lida qurilgan imorat esa dard ustiga chipqon bo‘lib turibdi. Shusiz ham ariqqa sig‘magan suv mana shu imorat oldiga kelib to‘xtab, toshib boshlayapti. Agar mas'ul idoralardan biror bir rahbar loaqal bitta xonadon ko‘rgan zararni cho‘ntagidan kavlaganida edi. Yillar davomida dardimizga bepisand qaramasdi.
Mahalladagi holatni ko‘zdan kechirarkanmiz, o‘zimiz ham yuqoridagi holatga duch keldik. Imoratlardan biri kanal ustiga qurib yuborilgan. Suv toshqinidan esa o‘nlab xonadonlar kattagina zarar ko‘rgan. Joni halqumiga kelib, yomg‘ir yog‘aversa uyi oldini qum to‘ldirilgan qoplar bilan to‘sib qo‘yuvchilar ham bor ekan.
Eng qizig‘i, ana shu seldan atigi bir necha kun oldin mahallada, shu hududdan Samarqand shahar kengashiga saylangan deputat aholi bilan uchrashuv o‘tkazib, ularning muammolarini so‘ragan ekan. Tabiiyki, aholi ayni mana shu suv toshqini muammosi, uni keltirib chiqarayotgan omillarni sanab, ularni bartaraf etishda yordam so‘ragan.
Deputat esa va'da bergan: «Ertagayoq hal etiladi». Deputatning va'dasiga ishongan aholi oradan birnecha kun o‘tib aynan suv toshishidan katta zarar ko‘rgan.
Endi qator savollar tug‘iladi: aholining mazkur masala bo‘yicha murojaatlari nima sababdan e'tiborsiz qolib ketmoqda? Bir necha kanallarni tartibga olishga mahalliy hokimliklarning imkoniyati yo‘qmi yoki e'tiborsizlikmi bu?! Deputatlar-chi? Modomiki ularning vazifasi boshqa ekan, aholining muammolari baribir yechilmas ekan, xalq bilan uchrashuv o‘tkazib, ularning dardini tinglash nega kerak? Hisobot uchunmi? Va nihoyat, asosiy savol: suv toshqinlariga sabab bo‘layotgan, kanallar ustida qurilgan uylar uchun kim javob beradi va kim bu yo‘lni qayta ochadi? Axir, busiz aholini toshqindan qutqarib bo‘lmaydi-ku?!
Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
13:49 / 14.11.2024
Samarqandda o‘quvchi avtobus urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
20:45 / 10.11.2024
BMT: Janubiy Sudandagi suv toshqinlari yarim millionga yaqin odamni boshpanasiz qoldirdi
17:58 / 10.11.2024
Ispaniyada ommaviy norozilik namoyishlari: aholi Valensiya hukumati iste’fosini talab qilmoqda
09:28 / 08.11.2024