O‘zbekiston | 01:40 / 10.04.2019
48597
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston havo yo‘llari»ga Airbus’ning 102 million dollarlik samolyoti keltirildi (foto)

Kecha, 9 aprel' kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga «O‘zbekiston havo yo‘llari»ning Airbus A320neo (New Engine Option – yangi talqindagi dvigatelli) rusumdagi ikkinchi samolyoti keltirildi. 

Shu munosabat bilan Milliy aviakompaniya tomonidan OAV xodimlari uchun havo layneri bilan tanishuv tadbiri tashkil qilindi. Tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri bu haqda xabar berdi.

MAK ixtiyoridagi ushbu aerobus zamonimizning eng yangi va iqtisodiy jihatdan samarali avialaynerlaridan biri hisoblanadi. Xususan, Airbus A320neo yoqilg‘ini tejovchi CFM International LEAP-1A dvigateli va aerodinamik xususiyatlarni yanada yaxshilash imkonini beruvchi fyuzelyaj konstruksiyasidagi zamonaviy ishlanmalar bilan ta'minlangan. 

Shuningdek, mazkur havo layneri internet tarmog‘iga ulanish uskunalari bilan jihozlanganligi tufayli avvalgilaridan farqlanadi. Aviakompaniya to‘rtta internet ulanish paketini taqdim etadi: LITE (20 Mb) – tezkor messenjerlarni ishlatish uchun, MEDIUM (50 Mb) – ijtimoiy tarmoqlarda muloqot qilish va yangiliklar saytlariga kirish uchun, STREAM (120 Mb) – onlayn ish yoki internetga chiqish uchun qulay internet, BUSINNESS (220 Mb) – mazkur xizmatning imkoniyatlarini maksimal oshirish uchun.

Yangi samolyot ikki klassli komponovkada ishlangan bo‘lib, 150 yo‘lovchi (biznesda 12ta o‘rin va ekonom klassda 138ta o‘rin) tashishga mo‘ljallangan.

Airbus A320neo salonining zamonaviy dizayni parvoz davomida yo‘lovchilar uchun katta qulaylik yaratadi. Xususan, o‘rindiqlarda har bir yo‘lovchi uchun ko‘ngilochar monitor o‘rnatilgan. Mukammallashtirilgan konditsioner tizimi esa samolyot sahnida havo sofligini saqlash va to‘g‘ri taqsimlanishini ta'minlaydi. Uchoqning taxminiy narxi 102 million AQSh dollar ekani aytilmoqda.

 

Havo layneri o‘rta masofalarga parvoz uchun mo‘ljallangan (parvoz masofasi 5 ming kilometrni o‘z ichiga oladi), deya Milliy aviakompaniya mutaxassisining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq, ushbu havo laynerining imkoniyatlari borasida batafsil ma'lumot berilgan edi.

Mavzuga oid